holingizda, Siz odamlardan (ta'nalaridan) qo'rqqan edingiz. Bas, qachonki, Zayd undan (Zaynabdan) hojatini ado etgach (uni taloq qilgach), Biz Sizni unga uylantirdik. Toki mo’minlarga asrandi bolalari o'z xotinlaridan hojatlarini ado etishgach (taloq qilishgach), ularga (uylanishlarida tanglik bo'lmasligi uchun (shunday) qildik). Allohning amri esa bajariluvchidir. 38. Allohning payg'ambarga farz (halol) qilgan narsada unga tanglik bo'lmas. (Bu) ilgari o'tgan (payg'ambarlar) haqidagi Allohning yo'lidir. Allohning ishi o'lchovli taqdirdir. 39. Ular (o'tgan payg'ambarlar) Allohning farmonlarini (bandalarga) yetkazadigan, Undan qo'rqadigan va Allohdan o'zgadan qo'rqmaydigan zotlardir. Allohning O’zi yetarli hisobdondir. 40. Muhammad sizlarning erkaklaringizdan birortasining otasi emasdir, balki u Allohning elchisi va payg'ambarlarning muhridir. Alloh barcha narsani biluvchi zotdir. Izoh: Bu yerda Alloh taolo Muhammad alayhissalomni "Payg'ambarlarning muhri" deb atagan. Zero, har bir muhim yozma ish so'ngida muhr bosilgani kabi Payg'ambarimiz ham oxirgi payg'ambar bo'lganlari va endilikda to qiyomatgacha boshqa payg'ambar kelmasligi aniq bo'lgani uchun payg'ambarlar kitobiga muhr bosilgandek bo'ldi. 41. Ey, imon keltirganlar, Allohni ko'p zikr qilinglar 42. va erta-yu kech Unga tasbeh aytinglar! 43. U sizlarni zulmatlardan nurga chiqarish uchun sizlarga marhamat ko'rsatadigan zotdir. Uning farishtalari ham (sizlarga mag'firat tilaydilar). U mo’minlarga mehribondir. 44. Unga (Allohga) ro'baro' bo'ladigan kundagi ularga (Allohning) istiqbol so'zi salomdir. Ular uchun ulug' mukofot (jannat) tayyorlab qo'ygandir. Izoh: Ya'ni, Alloh mo’min bandalariga jannatda "Assalomu alaykum" deb salom bilan kutib olajak, inshoallohu taolo.