7. Allohning sizlarga bergan ne'matini va "Eshitdik va bo'yin sundik" deb bitishgan ahdingizni eslangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh ko'ngillar zoti (siri)ni biluvchidir. 8. Ey, imon keltirganlar! Alloh uchun (to'g'rilikda) sobit turuvchi, odillik bilan guvohlik beruvchi bo'lingizlar: biror qavm (kishilari)ni yoqtirmaslik sizlarni adolatsizlik qilishga undamasin! Odil bo'lingiz! Zero, u (adolat) taqvoga yaqinroqdir. Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh ishlaringizdan xabardordir. 9. Imon keltirib, solih amallarni qilganlarga Alloh kechirim va ulkan mukofot va'da qildi. 10. Kufrga ketgan va oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlar esa, ana o'shalar jahim (duzax) ahlidirlar. 11. Ey, imon keltirganlar! Allohning sizlarga (bergan) ne'matini eslangiz: bir qavm (kishilari) sizlarga qo'l ko'tarish (hujum qilish)ni niyat qilganida, qo'llarini sizlardan qaytargan edi. Allohdan qo'rqingiz! Mo'minlar faqat Allohga tavakkul qilsinlar! Izoh: Bu oyatning nozil bo'lishiga bir necha sabablar aytilgan. Ulardan biri Rasululloh, Abu Bakr, Umar, Usmon va Ali bilan Bani Qurayza qabilasiga ikki musulmon xunini undirish masalasi bilan keladilar. Ular hiyla ishlatib, mehmon qilish bahonasi bilan ularni bir yerga o'tqizib qo'ygach, Amr ibn Jahhosh ismli bir munofiq katta toshni olib, Rasulullohning boshlariga urmoqchi bo'lganda, Alloh taolo Jabroil (a. s.) orqali Rasulini ogoh etgan va najot bergan. 12. Alloh Isroil avlodidan ahd oldi va Biz ulardan o'n ikki yo'lboshchini yubordik. (So'ngra) Alloh dedi: "Darhaqiqat, Men sizlar bilan birgaman. Agarda namozni mukammal ado etsangiz, zakot bersangiz, payg'ambarlarimga imon keltirsangiz va ularni sharaflab, madad bersangiz hamda (savobli ishlar qilib,) Allohga chiroyli "qarz" bersangiz, albatta, gunohlaringizni kechaman va ostidan anhorlar oqadigan