18. Yahudiylar va nasroniylar: "Biz Allohning o'g'illari va habiblarimiz", - deydilar. Ayting: "(Unday bo'lsa), nega gunohlaringiz tufayli sizlarni azoblaydi? Yo'q! Sizlar ham U yaratgan odamlardansiz. Xohlagan (bandasi)ni kechiradi, xohlaganini azoblaydi. Osmonlar, Yer va ular o'rtasidagi borliq ustidan hukmronlik Allohgagina tegishlidir va Qaytish ham faqat Uning huzurigadir". 19. Ey, ahli kitoblar! Sizlarning: "Bizlarga na bashoratchi va na ogohlantiruvchi (payg'ambar) kelmadi" deganlaring uchun sizlarga Rasulimiz (oldingi) payg'ambarlardan bir muddat o'tgach, bayon etuvchi bo'lib keldi. Mana, sizlarga bashoratchi ham, ogohlantiruvchi ham keldi. Alloh har narsaga qodirdir. 20. Muso o'z qavmiga aytganini eslang: "Ey, qavmim! Allohning sizlarga bergan ne'mati - ichingizdan payg'ambar chiqargani, sizlarni (ba'zilaringizni) podshoh qilgani va olamlardan hech bir (kimsa)ga bermaganini sizlarga ato etganini eslangiz! 21. Ey, qavmim! Sizlar uchun Alloh bitib qo'ygan (bu) muqaddas yer (Baytul-Maqdis)ga kiringiz va ortingizga qaytib ketmangizki, ziyon ko'ruvchilarga aylanib qolasiz". 22. Aytdilar: "Ey, Muso! U yerda bahaybat (zolim) qavm bor. Ular u yerdan chiqmagunlaricha, biz u yerga sira kirmaymiz. Agar u yerdan chiqsalargina, biz kiruvchilardirmiz. " 23. (O'n ikki yo'lboshchi ichidan Allohdan) qo'rqadigan va Allohning in'omiga sazovor bo'lganlaridan ikki kishi shunday dedi: "Ular ustiga (shaharga) darvozadan kiringiz. Unga kirib olishingiz bilan, sizlar g'olib bo'lasiz. Agar mo'min bo'lsangiz, Allohga tavakkul qilingiz!" 24. Aytdilar: "Ey, Muso! Modomiki, (ular) u yerda ekanlar, biz sira u yerga kirmagaymiz. Sen (o'zing) va Rabbing borib, (ular bilan) jang qilaveringlar. Biz esa shu yerda o'tiruvchilarmiz".