www.ziyouz.com кутубхонаси
10
65. Shanba (kuni)da sizlardan tajovuz qilganlarni bildingiz. Biz ularga: "qadrsiz maymunlarga aylaningiz", - dedik. Izoh: Isroil avlodining bir toifasiga Alloh tomonidan sinov uchun shanba kuni baliq ovi bilan shug'ullanmaslik, balki faqat ibodat bilan mashg'ul bo'lishlik buyurilgan edi. Shanba kuni ular yashaydigan Ayla degan qishloq yonidagi dengizning maxsus ov joyiga baliqlar ko'pkeladigan bo'ladi. Ular hiyla ishlatib, shanba kuni baliq tutmasalar-da, bir necha hovuz kovlab, suv keladigan ariqlarni ochib qo'yadilar. Baliqlar shanba kuni oqib kelib hovuzlarga tushib qoladi. Yakshanba kuni bemalol ularni oladilar. Bu hiyla Allohga xush kelmaydi. 66. Biz buni ulardan oldingi va keyingi davr uchun (ibratli) jazo, taqvoli kishilar uchun esa nasihat (manbai) qildik. 67. Eslang, Muso o'z qavmiga: "Alloh sizlarga (bir) sigir so'yishlikni buyurdi", - deganida, ular: "Bizni istehzoga tutyapsanmi?"- dedilar. (Muso) dedi: "Johillardan bo'lib qolishimdan meni Alloh asrasin". Izoh: Sigir qissasi shunday bo'lgan: Muso alayhissalom zamonida bir boy kishi bo'lib, uning yagona qashshoq amakivachchasidan boshqa merosxo'ri bo'lmaydi. Uning o'limini poylab yurib, oxiri toqati toq bo'ladi va boyni o'ldirib, murdani qo'shni qishloqqa eltib tashlaydi. O'zi esa bir necha begunoh odamlarga tuhmat qilib, go'yo boyni o'shalar o'ldirgan, deb da'vo bilan Muso (a. s)ga arz qiladi. U zot Allohdan muammoni hal qilishda yordam so'raydilar. Alloh taolo ularga bir sigirni so'yib, uning bir bo'lagini olib, boyning murdasini u bilan ursalar, u tirilib, o'z qotilini aytib beradi, deb buyuradi. 68. Ular dedilar: "Rabbingdan duo qilib so'ra, u (sigir) nimaligini bayon qilsin". (Muso) dedi: "(U) aytmoqdaki, u qari ham, yosh ham bo'lmagan o'rta yosh sigirdir. Bas, sizlarga buyurilgan narsa (ish)ni