bo'lsin! 90. Alloh o'z bandalaridan xohlaganiga fazli (vahiysi)dan yuborishiga hasad qilib, Alloh nozil qilgan narsa (Qur'on)ni inkor etdilar. O'zlarini sotgan bu narsalari na qadar yomon?! Bas, g'azab ustiga g'azab bilan qaytdilar. Kofirlarga xor etuvchi azob muqarrardir. 91. Ularga: "Alloh nozil qilgan narsaga imon keltiringlar", - deyilsa, "Biz o'zimizga nozil qilingan narsaga imon keltiramiz", - deydilar va keyin kelgan, ulardagi narsa (Tavrot)ni tasdiq etadigan Haq (Qur'on)ni inkor etadilar. Ularga ayting (ey, Muhammad): "Agar mo'min bo'lsangizlar, nega oldindan Allohning payg'mbarlarini o'ldirar edingiz?" Izoh: Ya'ni ota-bobolaringiz nega payg'mbarlarni o'ldirganlar? Bular qotillik qilmagan bo'lsalarda, ota- bobolarining e'tiqodida turganliklari va ularning qilmishlariga rozi ekanliklari tufayli jinoyatlariga ham qisman sherikdirlar. 92. Muso sizlarga hujjatlar (oyatlar va mo''jizalar)ni keltirganidan keyin (ham) zolim bo'lib (kufrga botib) buzoqqa sig'indingiz. 93. Eslang (ey, Isroil avlodi,) Biz (o'shanda) ahdu paymoningizni olgach, tepangizda Tur (tog'i)ni ko'tarib (turib): "Keltirgan narsamiz (Tavrot oyatlari)ni mahkam tuting va eshiting", - deganimizda, "eshitdik va (lekin) bo'ysunmadik", - dedilar. Kufrlari tufayli dillari buzoqqa (sig'inish havasi bilan) sug'orilgan edi. Ayting: "Agar mo'min bo'lsangizlar, imoningiz sizlarni buncha ham yomon narsaga buyuradi?!" 94. Ayting (ey, Muhammad): "Agar Alloh huzurida oxirat diyori (jannat) odamlarga emas, faqat sizlarga xos bo'lsa va (bu da'volaringizda) rostgo'y bo'lsangizlar, (tezroq) o'lishni orzu qilinglar!" 95. O'z qo'llari taqdim etgan narsa (gunoh) sababli ular uni (o'limni) sira orzu qila olmaydilar. Alloh zolimlarni (yaxshi) biluvchidir.