ularga zulm qilinmasdan odilona hukm qilinur. 55. Ogoh bo'lingizki, osmonlar va Yerdagi narsalar, albatta, Allohnikidir. Ogoh bo'lingizki, albatta, Allohning va'dasi haqdir, lekin ularning aksariyati (buni) bilmaydilar. 56. U tiriltirur va o'ldirur hamda Uning huzurigagina qaytarilursizlar. 57. Ey, odamlar! Sizlarga Rabbingizdan va'z (nasihat), dillardagi narsa (shirk illati)ga shifo va mo'minlarga hidoyat va rahmat keldi. 58. Ayting: "Allohning fazli va rahmati bilan, bas, (albatta), shular sababli (mo'minlar) shodlansinlar! U to'plagan (boyliklari)dan yaxshiroqdir. Izoh: Bu oyatda Allohning ikki ulug' ne'mati zikr qilinayotir. Biri fazli. Ya'ni, Islom dini. Ikkinchisi rahmati. Ya'ni, Qur'oni karim. Hadisi sharifda aytiladiki, "kimgakim Alloh taolo Islom dini va Qur'on ilmini nasib etgan bo'lsayu, u kambag'alman deb koyinsa, Alloh to qiyomat kunigacha uning ikki ko'zi o'rtasiga (peshonasiga) faqirlik tamg'asini bosib qo'yar". 59. Ayting: "Ko'rdingizmi, Alloh sizlar uchun nozil qilgan rizqdan (birini) harom, boshqasini halol qilib oldingiz". Ayting: "Ko'rdingizmi, sizlarga Alloh ruxsat berdimi yoki Allohga tuhmat qilyapsizlarmi?!" 60. Alloh sha'niga yolg'on to'qiydiganlarning qiyomat kuni haqidagi gumonlari nimadan iborat ekan?! Albatta, Alloh odamlarga (nisbatan) fazl sohibidir, lekin ularning aksariyati shukr qilmaydilar. 61. Qaysi bir mashg'ulotda bo'lmang, undan (Qur'ondan) biror (oyat) tilovat qilmang, (umuman) qanday ish qilmang, illo o'shanga kirishganingizdayoq sizlarga shohid bo'lurmiz. Yerda, xoh osmonda biror zarra miqdorida yoxud unda kichikroq narsa ham Rabbingizdan chetda qolmaydi, balki (u) aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da bordir.