1. (O'z) bandasi (Muhammad)ga mo''jizalarimizdan ko'rsatish uchun tunda, (Makkadagi) Masjidul- Haromdan (Qudsdagi) Biz atrofini barakotli qilib qo'ygan Masjidul-Aqsoga sayr qildirgan zot tasbeh aytishga (loyiqdir). Darhaqiqat, U eshituvchi va ko'ruvchidir. Izoh: Isro bilan me'rojning bir-biridan farqlash lozim. Isro - bu Muhammad (a. s.) ning Makkadan Qudsga - Aqso masjidiga borishlari. Me'roj Aqsodan osmonga ko'tarilib samoviy sayr qilib qaytganliklaridir. Shu me'roj kechasida musulmonlar zimmasiga besh vaqt namoz o'qish farz qilingan. Isro va me'roj kechasi har yili hijriy taqvim bo'yicha rajab oyining 27-kechasi diniy bayram sifatida nishonlanadi. 2. (Biz) Musoga Kitob (Tavrot)ni ato etdik va uni Isroil avlodi uchun hidoyat qilib (dedik): "Mendan o'zgani vakil qilib olmanglar!" 3. "(Ey,) Biz (g'arq bo'lishdan qutqarib,) Nuh bilan birga (kemada) ko'tarib najot bergan kishilarning zurriyotlari! Albatta, u ko'p shukr qiluvchi banda edi". 4. Shuningdek, Biz Isroil avlodiga Kitobda: "Sizlar, albatta, (Shomdek) zaminda ikki marta buzg'unchilik qilursizlar va katta tug'yonga ketursizlar", - deb xabar berdik. 5. Bas, qachonki, u (buzg'unchilik)lardan avvalgisining belgilangan vaqti kelganida, sizlarning ustingizga (jazolash uchun) kuch-quvvatga ega bo'lgan bandalarimizni yubordik. Ular hovlima-hovli kezdilar. (Bu va'da) ado etiluvchi va'da edi. Izoh: Ular Shom zaminida mazkur ikki buzg'unchilikdan birinchisiga qo'lurib, Armiyo payg'ambarni hibs, Zakariyoni qatl qilganlaridan keyin Allohning irodasi bilan ularni ustiga Bobil hukmdori mashhur mushrik Buxtinassirning qo'shinlari bostirib keladi va yurtni vayron qilib, Tavrotni kuydirib, 70000 nafar xalqini qirib tashlaydi. Boshqa rivoyatlarda Buxtinassir o'rniga Jolut yoki Naynavo hukmdori Sanjorib edi, deyiladi.