qo'yganmiz. 13. Biz har bir insonning amalini bo'yniga kilib qo'ygandirmiz. Qiyomat kunida unga ochiq holda uchratadigan kitobni (Nomai a'molini) chiqarib berurmiz. 14. (Unga aytilur): "Kitobingni o'qi! Bugun o'z shaxsing o'zingga qarshi yetarli hisobchidir". 15. Kim hidoyat yo'liga yursa, bas, o'zi uchun yurar. Kim (hidoyat) yo'lidan chalg'isa, u ham o'z ziyoniga chalg'ir. Hech bir (yuk) ko'taruvchi (gunohkor shaxs) o'zga jonning yukini (gunohini) ko'tarmas. To payg'ambar yubormagunimizcha (biror kimsani) azoblovchi bo'lmadik. 16. Biror shaharni halok qilishni istasak, undagi maishat ahlini (itoat etishga) buyuramiz va ular itoatsizlik qilishgach, u shahar (aholisi) ustiga (azob haqidagi) so'z muqarrar bo'lur. Bas, biz uni vayronaga aylantirurmiz. 17. Nuh (qavmi)dan keyin ham qancha avlodlarni halok qildik. Rabbingiz o'z bandalarining gunohlaridan yetarli xabardor va ko'ruvchidir. 18. Kimki naqd (dunyo)ni istasa, Biz (shu dunyoda) O'zimiz istagan kimsalarga xohlaganimizcha naqd qilib berurmiz. So'ngra (oxiratda) jahannamni xor va zor bo'lgan holida toblanadigan joy qilib berurmiz. 19. Kimki oxiratni istasa va mo'minlik holida (o'z) sa'yi bilan harakat qilsa, bas, unday zotlarni sa'ylari (Alloh nazdida) manzurdir. 20. (Ey, Muhammad,) barchaga - mana bu (mo'min)larga ham, anavi (kofir)larga ham Rabbingizning ne'matidan ato eturmiz. Rabbingizning ne'mati (hech kimdan) man qilinmas. 21. (Bu dunyoda) ularning birlaridan birlarini (rizq va martabada) qanday ustun qilganimizni ko'ring! Shak yo'qki, oxirat darajalari kattaroq va afzalroqdir. 22. Allohga yana biror "iloh"ni qo'sha ko'rmang! Aks holda qoralanuvchi va mahrum bo'lib qolursiz!