1. Hamd Allohga (xos)dir. U shunday zotki, osmonlardagi va Yerdagi (bor) narsa Unikidir. Oxiratda ham hamd faqat Unga (xos)dir. U hikmatli va xabardor zotdir. 2. U Yerga kiradigan narsalarni ham, undan chiqadigan narsalarni ham, samodan tushadigan narsalarni ham, unga ko'tariladigan narsalarni ham bilur. U rahmli va mag'firatlidir. 3. Kofir bo'lgan kimsalar: "Bizlarga qiyomat kelmas", - dedilar. Ayting: "Yo'q! G'aybni biluvchi Rabbimga qasamki, shak-shubhasiz, u (qiyomat) sizlarga kelur! Osmonlar va Yerdagi bir zarra misolicha, undan ham kichik (yoki) katta biror narsa (Alloh)dan maxfiy bo'lmas, albatta, aniq Kitobda (Lavhul-Mahfuzda u) mavjuddir". 4. Toki (Alloh) imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlarni mukofatlashi uchun (qiyomat qoyim bo'lur). Ana o'shalar uchun mag'firat va farovon rizq (jannat) bordir. 5. Oyatlarimizga (qarshi) kurashish harakatida yurgan kimsalar uchun jazo alamli azobdir. 6. (Ey, Muhammad,) ilm berilgan zotlar Sizga Rabbingiz (tomoni)dan nozil qilingan (Qur'on)ning haq (Kitob) ekanini va u qudratli, hamdga loyiq zotning yo'liga hidoyat qilishini bilurlar. 7. Kofir bo'lgan kimsalar derlar: "Sizlarga (chirib) titilib bo'lak-bo'lak bo'lib ketgan vaqtingizda, albatta, sizlar yana yangitdan yaratilursizlar, deb xabar beradigan bir kishini ko'rsataylikmi? 8. U Alloh sha'niga yolg'on to'qidimi yoki unda jinnilik bormi?" - dedilar. Yo'q, (balki) oxiratga ishonmaydiganlar azobda va (hidoyatdan) uzoq zalolatdadirlar. 9. Axir, ular oldilaridagi va ortlaridagi (atroflaridagi) narsalarga - osmonu zaminga boqmaydilarmi?! Agar Biz xohlasak, ularni yerga yuttirib yuborurmiz yoki ustilariga osmondan parchalar tushirurmiz.