faqat (Allohga) inobat (taslim) qiladigan kishigina eslatma olur. 14. Bas, (ey, mo’minlar,) garchi kofirlar yomon ko'rsalar-da, Allohga - Unga dinni xolis qilgan holingizda duo (ibodat) qilingiz! 15. (U) darajalarni ko'taruvchi va Arsh sohibidir. Bandalaridan O'zi xohlagan kishilarga - (insonlarni) muloqot kunidan (qiyomatdan) ogohlantirishi uchun O'z amri bilan ruh (vahiy) tushirar. 16. Ular (qabrlaridan) chiqadigan Kunda Allohga ulardan biror narsa maxfiy bo'lib qolmas. "Bu Kunda podshohlik kimnikidir?" Yagona va g'olib Allohnikidir. 17. Bu Kunda har bir jon o'zi qilgan ishi (amali) bilan jazolanur. Bu Kunda (hech kimga) zulm qilish yo'q. Albatta, Alloh hisobi tez zotdir. 18. (Ey, Muhammad,) Siz ularni yaqin kundan (qiyomatdan) ogohlantiring! O'shanda ular yuraklari halqumlariga tiqilib, qayg'ularini yutib tururlar. Zolim (kofir) kimsalar uchun (u Kunda) na bir do'st va na ma'qullanadigan shafoatchi bo'lur. 19. (Alloh) ko'zlarning xiyonatini (qarash man etilgan narsaga o'g'rincha ko'z tashlashini) ham, dillar yashiradigan narsalarni ham bilur. 20. Alloh haqqoniy hukm qilur. Ular (Allohni) qo'yib sig'inayotgan narsalari esa, biror narsaga hukm qila olmaslar. Albatta, Allohning O'zi eshituvchi va ko'rib turuvchi zotdir. 21. Axir, ular yer yuzida sayr qilishib, o'zlaridan avval o'tgan, (imonsiz ketgan) kimsalarning oqibatlari qanday bo'lganini ko'rsalar bo'lmaydimi?! Ular (Makka mushriklari)dan ko'ra kuchda va yerdagi osori atiqalari jihatidan zo'rroq edilar. Bas, Alloh ularni gunohlari sababli ushladi va ular uchun Allohdan o'zga biror saqlovchi bo'lmadi. 22. Bunga sabab - ularga payg'ambarlari hujjatlarni keltirganlarida, ular inkor etdilar. Bas, Alloh ularni