1. Kofir bo'lgan va (o'zgalarni ham) Alloh yo'lidan to'sgan kimsalarning amallarini (Alloh) zoye ketkazur. 2. Imon keltirgan va solih amallarni qilgan hamda Muhammadga nozil qilingan narsaga (Qur'onga) - holbuki, u Parvardigorlari tomonidan kelgan haqiqatdir - imon keltirgan zotlarning esa yomonlik (gunoh)larini o'chirur va ishlarini o'nglar. 3. Bunga sabab - kofir bo'lganlarning nohaq (yo'l)ga ergashganlari, imon keltirganlarining esa Parvardigorlari (tomoni)dan bo'lmish haq (Qur'on yo'li)ga ergashganlaridir. Alloh insonlarga ularning misollarini mana shunday bayon qilur. 4. Bas, (ey, mo’minlar,) qachonki, sizlar (jang maydonida) kofir bo'lganlar bilan to'qnashganlaringizda, bo'yinlariga uringiz (o'ldiringiz)! Bas, qachonki, ularni qirg'inga tutib asir olgach, arqonlar bilan bog'langiz! So'ng yo (ularni ozod qilib) marhamat ko'rsatursizlar, yo (qo'yib yuborib) fidya (tovon) olursizlar. Toki urush yuklarini qo'ygunicha (to'xtagunicha, sizlarga buyruq) mana shudir. Agar Alloh xohlasa, ular ustidan (jangsiz ham) g'alaba qilur edi, lekin U sizlarning ayrimlaringizni ayrimlaringiz bilan imtihon qilish uchun (sizlarni jangga buyurdi). Alloh yo'lida o'ldirilganlarning amallarini (U) sira zoye ketkizmas. Izoh: Hijratning uchinchi yilida Madina shahri hududidagi Uhud tog'i etagida musulmonlar bilan Makka mushriklari o'rtasida kechgan jangga oid oyatlar. 5. Ularni (jannat yo'liga) hidoyat qilur va ishlarini isloh etur. 6. Ularni (Alloh) O'zi ta'riflagan jannatga kiritur. 7. Ey, imon keltirganlar, agar sizlar Allohga yordam bersangizlar (dinining rivoji uchun harakat qilsangizlar), U zot ham sizlarga yordam berur va qadamlaringizni sobit (barqaror) qilur.