www.ziyouz.com кутубхонаси
345
azobidan) ogohlantirish va ezgulik qiluvchilarga (jannat haqida) bashorat sifatida (nozil qilingandir). 13. "Albatta, Rabbimiz - Alloh", - deb, so'ngra (To'g'ri yo'lda) ustivor bo'lgan zotlar uchun xavf yo'qdir va ular qayg'u ham chekmaslar. 14. Aynan o'shalar jannat ahli bo'lib, u joyda mangu qolurlar. (Bu) ular qilib o'tgan amallarining mukofotidir. 15. Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi uni qiynalib ko'tarib yurgan va uni qiynalib tuqqandir. Unga homiladorligi va uni (sutdan) ajratishi (muddati) o'ttiz oydir. Bas, qachonki, u voyaga yetib, qirq yoshga to'lganida: "Ey, Rabbim, menga va otaonamga in'om etgan ne'matingga shukr qilishga va O'zing rozi bo'ladigan solih amalni qilishga meni muvaffaq etgin va men uchun zurriyotimni isloh et! Albatta, men Senga (gunohlarimdan) tavba qildim va albatta, men musulmonlardandirman", - deydi. Izoh: Oyatda 40 yoshning qanchalik ahamiyatga ega ekanligiga ishora qilinmoqda. Rasulullohning 40 yoshlarida payg'ambar bo'lishlari ham bejiz emas. Oyatda ota-onaga yaxshilik qilish, ularni rozi qilib duolarini olishga ham da'vat qilingan. Shu bilan birga ota-ona va farzandlar haqqiga ham duoi xayrlar qilib turish lozimligi aytilgan. 16. Aynan o'shalar shunday zotlardirki, Biz ulardan qilgan chiroyli amallarini qabul qilurmiz va jannat egalari qatorida ularning yomonliklaridan o'tib yuborurmiz. (Bu) ularga va'da qilib yurilgan haqqoniy va'dadir. 17. Yana bir kimsa borki, ota-onasiga: "Uh, sizlarga! Sizlar menga (qayta tirilib, qabrdan) chiqarilishimni va'da qilyapsizlarmi?! Holbuki, mendan ilgari ham avlodlar o'tgan-ku (ular tirildimi)?!" - der. U ikkisi Allohdan madad tilagan hollarida (o'g'illariga qarab): "Halok bo'lgur, imon keltirgin!