5. Osmonlar va Yer hukmronligi Unikidir. Ishlar faqat Allohga qaytarilur! 6. U kechani kunduzga kiritur va kunduzni kechaga kiritur. U dillardagi sirlarni biluvchidir. 7. (Ey, insonlar,) Allohga va uning payg'ambari (Muhammad)ga imon keltiringlar hamda U sizlarni xalifa qilib qo'ygan narsalardan (boyliklaringizdan) ehson qilinglar! Bas, sizlardan imon keltirgan va ehson qilgan zotlar uchun katta mukofot bordir. 8.Agar sizlar imon keltiruvchi bo'lsangizlar - payg'ambar sizlarni Rabbingizga imon keltirishga da'vat qilar ekan, ahdu paymoningizni olgach, nega sizlar Allohga imon keltirmayapsizlar?! Izoh: Bu "Almiysoq" voqeasidir. Ya'ni, Alloh taolo dunyoga keluvchi barcha insonlarning ruhlarini ilk bor yaratib, ulardan: "Men Rabbingiz emasmanmi?!" - deb so'ragan. Shunda bo'lajak mo'minlarning ruhlari "Rabbimizsan" deb javob berishgan. Miysoq-ahd. Shu ahdga vafo qilish haqida so'z borayotir. 9. U O'z bandasi (Muhammad)ga sizlarni zulmatlar (kufr)dan nur (imon)ga olib chiqishi uchun aniq oyatlarni nozil qiladigan zotdir. Albatta, Alloh, sizlarga mehribon va rahmlidir. 10. Nega sizlar Alloh yo'lida ehson qilmayapsizlar?! Holbuki, osmonlar va Yer merosi yolg'iz Allohniki- ku! Sizlardan (Makka) fath bo'lishidan ilgari ehson qilgan va (kofirlarga qarshi) urushgan kishilar (fathdan keyin ehson qilgan va urushganlar bilan) barobar bo'lmas. Ular keyin ehson qilgan va urushgan kishilardan Ulug'roq martabadadirlar. Barchalariga Alloh go'zal (mukofot jannat) va'da qilgandir. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir. 11. Allohga "qarzi hasana" (Uning yo'lida ehson) qiladigan kishi bormiki, (U) o'sha (kishi)ga bir necha hissa ziyodasi bilan qaytarsa! Uning uchun yana sharafli mukofot ham bordir.