25. Imon keltirib, solih amallarni qilganlarga xushxabar beringki, ular uchun ostilaridan anhorlar (suvi) oqib turuvchi bog'lar (jannatlar) bor. Rizq etilgan mevalardan har gal tanovul qilganlarida: "Bu ilgari bizga rizq qilib berilgan mevalarning xuddi o'ziku", - deydilar. Zero, ularga (surati) bir-biriga o'xshash mevalar beriladi. Yana ular uchun u yerda pokiza juftlar bordir va ular u yerda abadiy qoluvchilardir. Izoh: Jannat ahli noz-ne'matlardan har gal tanovul qilganlarida, ularning bir xillik va oliy sifatlikda bir- biridan farqsiz holda ko'rib, "bu oldinroq yegan narsalarimizning o'zi-ku," - deb taajjub qilar ekanlar. Ikkinchi xil tafsiri shuki, jannatdagi noz-ne'matlarning tashqi ko'rinishi xuddi foniy dunyodagiga o'xshash bo'lib, mazasining totliligi bilan farq qilar ekan. Tanovul qilmay turib: "Bu oldin (dunyoda) tanovul qilgan narsalarimizning o'zi-ku!" - der ekanlar. 26. Alloh chivin, balki undan ham yuqori narsalar misolida zarbul-masal aytishdan uyalmaydi. Imonli kishilar-ku, u (masal)ni haqiqatan ularning Rabbi tomonidan (yuborilgan) haqiqat deb biladilar. Kofirlar esa: "Bu masal bilan Alloh nima demoqchi, o'zi?" - deydilar. U (masal) bilan Alloh ko'plarni adashtiradi va u bilan ko'plarni (to'g'ri yo'lga) hidoyat qiladi. Lekin, (Alloh) u bilan faqat fosiq kimsalarni adashtiradi, Izoh: Bu oyat ikki xil ta'vil etiladi. Birinchidan - Alloh chivin va undan katta narsalar misolida zarbul-masal aytishdan uyalmaydi, deb ham tushunish mumkin. Ikkinchidan - chivin va undan ham kichik narsa misolida zarbul-masal aytishdan uyalmaydi. 27. qaysiki, (ular) Alloh ahdini uning bitimidan keyin buzadigan, Alloh bog'lanishiga buyurgan narsalarni uzadigan va yer (yuzi)da buzg'unchilik qiladigan kimsalardir. Ular, albatta, ziyon ko'ruvchilardir. Izoh: Bog'lanishiga buyurgan narsalar deganda, qavm-qarindoshlar bilan bog'lanib, ularga silai rahm qilish, mo'min-musulmonlar bilan yaxshi munosabatda bo'lish, payg'mbarlarni ayirmay hammasiga barobar imon keltirish kabi ishlar nazarda tutiladi.