101-bob. Zakoti berilgan boylik xazina emas! Nabiy sallallohu alayhi va sallam bu xususda: «Molingiz besh uqqadan (6,240 kg dan)
kam bo‘lsa, sadaqa lozim ermas»,— deganlar.
Xolid ibn Aslam rivoyat qiladirlar: «Bir kuni Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu birlan
birga (ko‘chaga) chiqdik. Shunda bir a’robiy (badaviy): «Olloh taoloning «Tilla va
kumushlarni to‘plab, xazina qilib, Olloh yo‘lida sarf qilmaydirgan shaxslar...» degan
oyatini menga tushuntirib beringiz!»— dedi. Ibn Umar raziyallohu anhu: «Kim boylik
(mol-dunyo) to‘plab, zakot bermasa, uning holiga voydir! Olloh taolo zakotni farz deb
buyurib, uni boylikni halollovchi vosita qildi»,— dedilar».
Abu Sa’id raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam bunday
deganlar: «Og‘irligi besh uqqadan (6,240 kg dan) kam (sochiluvchan bo‘lmagan)
narsalar uchun, soni beshtadan oz qo‘y, echki, mol, ot, tuya kabi hayvonlar uchun
hamda besh avsaqdan (taxm. 720 kg dan) yengil (sochiluvchan) narsalar uchun sadaqa
(zakot) berilmag‘aydir».
Zayd ibn Vahb rivoyat qiladirlar: «Rabza degan yerdan o‘tib ketayotgan erdim, Abu
Zarrni uchratib qolib, unga: «Ne sababdin uyingizni tark etib, bu yerlarda yuribdirsiz?»
— dedim. Abu Zarr menga bunday dedilar: «Shomga borgan erdim, Olloh taoloning,
«Tilla va kumushlarni to‘plab, xazina qilib, Olloh yo‘lida sarf qilmaydirgan shaxslar...»
degan oyati haqida Muoviya birlan tortishib qoldim. Muoviya: «Bu oyat ahli kitoblar
uchun nozil bo‘lgan»,— dedi. Men: «Bu oyat barchamizga, biz uchun ham, ular uchun
ham nozil bo‘lgan»,— dedim. Keyin, shu tariqa tortishib qoldik. U kishi mendan shikoyat
qilib, Usmon raziyallohu anhuga maktub yubordi. Usmon menga: «Madinaga kelg‘il!» —
deb xat yozuvdi, men bordim. Shunda odamlar go‘yo meni ilgari ko‘rmagandek qurshab
olishib, nega kelganlig‘imning boisini surishtira ketdilar. Men bu hodisani Usmonga
aytdim. U kishi: «Agar siz ravo ko‘rsangiz, shahar chekkasidan joy bersamu o‘shal yerda
tursangiz, bizning ko‘nglimizni xushnud etgan bo‘lardingiz!»— dedi. Mana shu sababli
men shu yerdaman, agar menga habash qulni rahbar qilib qo‘ysalar, men unga quloq
solib, itoat qilgan bo‘lur erdim».
Ahnaf ibn Qays rivoyat qiladirlar: «Quraysh qabilasiga mansub bir guruh odamlar birlan
o‘tirgan erdim. Shunda sochlari to‘zg‘igan, kiyimlari yirtiq, jussasi qo‘pol bir odam kelib
o‘tirganlarga salom berdi-da: «Mol-dunyo yig‘guvchilarga aytib qo‘yingiz, ularning
badanlariga jahannam o‘tida qizdirilgan tosh bosilg‘aydir! Qizdirilgan tosh avval emchagi
uchiga qo‘yib bosilg‘aydir, kuragidan teshib chiqg‘aydir, keyin kuragiga qo‘yib
bosilg‘aydir, emchagi uchidan teshib chiqg‘aydir. Shunda tosh titrab, qaltirab turar»,-
dedi. Keyin, bir ustunning tagiga borib o‘tirdi, men ham unga ergashib, yoniga borib
o‘tirdim, lekin kim ekanini bilmayman. Men unga: «Sizning aytgan so‘zlaringiz,
nazarimda, odamlarga yoqmadi»,- dedim. Boyagi kishi: «Ularning hech narsaga aqli
yetmag‘aydir, buni menga do‘stim aytgan erdi»,- dedi. «Do‘stingiz kim?» - deb so‘radim
men. Boyagi odam: «Nabiy sallallohu alayhi va sallam!» - deb javob berdi-da, keyin