Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar. 2-jild. She'rlar
XAROBAZOR Dunyoda ming yillik xarobalar ko‘p,
Urushlardan yodgor, sellardan yodgor.
Mozorlar qalashib yotibdi to‘p-to‘p,
Aslida ular ham cho‘ng xarobazor.
Vujudimni teshar yillar shamoli,
Yurak tilka-tilka turfa ozordan.
Bolam, xabar olgin, tutmay zavoli,
Shoir deb atalgan xarobazordan.
2000 yil 4 dekabr
O’ZBEKMAN Yangi bir asrning ostonasi bu,
Yetishdim umrimning qutlug‘ yoshiga.
Tilimda shukrona, dilimda g‘ulu,
Tarix sarkotibin keldim qoshiga:
- Mana, men - O’zbekman, qo‘limda tu
Va barcha a’molim bitilgan kitob.
Shuning ichidadir borim va yo‘g‘im,
Shuning ichidadir men uchun oftob.