www.ziyouz.com kutubxonasi
140
O’zbekman, inshoolloh,
iymonim butun
Tilim qisiq emas bashariyatdan.
Kimgadir tengdirman,
kimdandir ustun
Zuvalam qorilgan samimiyatdan.
O’zbekman, gohida iqbolim kulib,
Gohida o‘zimdan chiqqan ofatim.
Dunyoni olsam-da jahongir bo‘lib,
Go‘dak yig‘isiga yo‘qdir toqatim.
O’zbekman,
qanchalik jafo chekmayin,
O’zimga haq bo‘ldim, o‘zimga haqman.
Yashadim yovlarga bo‘yin egmayin,
Bu kun o‘z erkiga erishgan xalqman.
Istiqlol, ketma yurt peshonasidan,
Tole, tark etmagin bizni ilohim.
Mana,
yangi asr ostonasidan
O’tdim. Bismillohir rahmonir rohiy
2000
NAVRO’Z
Avval yuragingga mo‘ralaydi u,
So‘ngra kurtaklarga o‘rgatadi so‘z.
Zaminning ko‘zidan
qochadi uyqu,
Demak,
Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.
Qishning
ahvoliga boqib hoynahoy,
Yum-yum yosh to‘kmoqda eriyotgan muz.
Jilva qilayotir tengsiz bir chiroy,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.
Ona bag‘ri kabi iliqdir olam,
Harir hovur ichra yayrar dala-tuz.
Qoldi puchmoqlarda xazon yanglig‘ g‘am,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.
Yana ko‘ngillardan
rutubat ketdi,
Yana shu’lalardan qamashmoqda ko‘z.
Yana dildorlikning fursati yetdi,
Demak, Bahor keldi,
Kelmoqda Navro‘z.
2001