Abdulla Oripov. Tanlangan asarlar. 2-jild. She'rlar
www.ziyouz.com kutubxonasi
99
Paydo bo‘lganida zamin bir zamon,
Avval yaralgandir daraxt va hayvon.
Bul ikki soddani aldamoq uchun
Aqlini pesh qilib chiqqan so‘ng Inson.
1994
* * *
Odatda ulfatlar bo‘lishganda jam,
Qizishib deydilar: dunyo - biri kam.
Ajib bir ziddiyat: oxirgi qadah,
Ortiq bo‘lganini o‘ylamas hech ham.
1994
* * *
Bir yo‘l chekkasida yotibman nolon,
Chorasiz bo‘lsam-da, men ham tirik jon.
Ustimga otingning soyasi tushdi,
Jilovini nari tortsang-chi, nodon.
1994
* * *
Balki chaman bo‘lar dashti Karbalo,
Balki, behisht mavjud yulduzlar aro.
Mening O’zbekiston - Vatanim bordir,
Ularning baridan a’loroq, a’lo!
1994
VATAN Agar do‘stlar erur sodiq bir-birin qiyratib bo‘lmas,
Agar qilg‘il necha fitna alarni ayratib bo‘lmas.
Demishlar: moru qushni bir qafasda asratib bo‘lmas,
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.
Vatan deb men bayon qildim, ayo do‘stlar, muxammasni,
Vatanni kim ulug‘ bildi, aziz bildim men ul kasni.
Vatan deb jo‘sh urar ersa ko‘targum boshima xasni,
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.
Nadomat birla boqg‘ayman vatansizlarga har doim,
Egib boshini zor yig‘lar, agarchi davlati qoyim,
Faqir bo‘lsam-da bor yurtim - toju taxtim, borar joyim.
Vatandan ayri ko‘ngilni bilingki, yayratib bo‘lmas.
Baayni bandi bulbulni chamansiz sayratib bo‘lmas.