Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
96
Sira ajab emas,
Shomdan to sahar
O’nlab daftarlarga ko‘milib qolsam.
Telefon daftari -
Lekin, bu daftar...
Yuragim bezillar, qo‘limga olsam.
Unda qancha-qancha do‘stu qadrdon,
Tanish-notanishning nomlari bordir.
Biri Inson edi, to hanuz Inson,
Boshqasi, afsuski iblisga yordir.
Biri boyib ketgan, quv, izzattalab,
Balki o‘zgartirgan eski raqamin.
Birovi, ko‘zimning yog‘ini yalab,
Mendan allaqachon uzgan qadamin.
Biroviga esa yoqmabdi mansab,
Atrofin yaltoqi zotlar o‘rabdi.
Qay kuni qirq yillik do‘stiga qarab,
Isming nima edi, - deya so‘rabdi.
Manovi kamtarin, yo‘qsil tanishim,
Ko‘ngli o‘smasmidi bitta so‘zimdan.
Men ham o‘zgardimmi? Mo‘lmi yo ishim?
Bir bor yo‘qlamabman. Gina o‘zimdan...
Fojia emasdir bu gaplar zinhor,
Balki qay birini tuzatsa bo‘lar.
Lekin daftar ichra qator va qator,
Marhum do‘stlarimning nomlari turar.
O, mening qalbi pok birodarlarim,
Qoningiz ne uchun bemahal tindi.
Siz yo‘qsiz - men uchun davralar yarim,
Kunim kimlargadir qolmishdir endi.
Ha, nomard bo‘lsa ham shirin shu hayot,
Ha, zaqqum bo‘lsa ham g‘animat zumlar.
Bilaman, ortiga qaytmas koinot,
Bilaman, tirilib kelmas marhumlar.
Balki o‘chirsammi nomlarin? Aslo!
Cho‘chiyman, o‘zimdan dakki yeganday.
Ular, raqamlarin tersam mabodo,
Yulduzlar ortidan “Labbay” deganday.
1994
Dostları ilə paylaş: