www.ziyouz.com kutubxonasi
143
sen uchun fazilat va karomatlarni tayyorladim. Ey bandam, bu saflarga chiqib, Mening
roziligimni istab, seni taomlantirgan yoki kiydirgan kishilarga qara. Ularning qo‘lidan tut,
ularning ishi senga havola.
Butun insonlarni shu kuni ter bosib oladi. U banda saflardan yurib, shunday amal qilgan
kishilarning qo‘lidan ushlab, jannatga kirgizadi".
296. Hasan (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar. U zot
aytdilarki: "Kambag‘allarni ko‘proq taninglar va ularga infoq qilinglar. Chunki ularning
davlati bor". Sahobalar: "Ey Rasululloh! Ularning davlati nima?" deb so‘rashdi. Javob
qildilar: "Qiyomat kunida ularga, sizlarga bir bo‘lak non bergan, bir piyola suv ichirgan
yo kiyim kiydirgan kishilarga qaranglar va ularning qo‘llaridan tutib, jannatga kiringlar,
deyiladi".
Faqih aytadilar: Bilinglar! Kambag‘al kishi uchun beshta karomat bor:
1. Uning amali va savobi boyning amali va savobidan ko‘proqdir. Namozda, sadaqada va
boshqa amallarida.
2. Agar u bir narsani xohlab, uni ololmasa, shuning uchun ham unga ajr beriladi.
3. Ular jannatga birinchilardan bo‘lib kirishadi.
4. Oxiratda ularning hisobi kam bo‘ladi.
5. Ularning pushaymonlari ham kamdir. Chunki qiyomat kunida boylar, kambag‘al
bo‘lsak edik, deb qolishadi, faqirlar esa, boy bo‘lsak edik, deb orzu qilishmaydi. Bu
holatlarning hammasi aniq xabarlarda kelgan.
297. Zayd ibn Aslamdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam
aytdilar: "Bir dirham sadaqa yuz ming dirham sadaqadan yaxshiroqdir". "Bu qanday
bo‘ldi, ey Allohning rasuli?" deb so‘rashdi. Javob qildilarki: "Bir kishi yuz ming dirhamni
molidan chiqaradi va uni sadaqa qiladi. Ikki dirhami bor bir kishi bir dirhamini ich-
ichidan rozi bo‘lib beradi. O‘sha dirham egasi yuz ming dirham egasidan afzaldir".
298. Hasan (r.a.) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladilar: Sahobalar
u zot sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashdiki: "Agar bizlar bir narsani ko‘rib, xohlab,
uni olishga kuchimiz yetmasa, bizga ajr bormi?" Rasululloh aytdilar: "U bilan ajr
olmasanglar, nima bilan ajr olasizlar".
Zahhok aytadilar: "Kim bozorga chiqib, bir narsani ko‘rib, o‘sha narsaga havasi kelsa va
ololmaganiga sabr qilsa, bu ishi o‘n ming dirhamni Alloh yo‘lida infoq qilishdan
yaxshidir".
Faqih aytadilar: Kambag‘allarning ulug‘ligiga Allohning bu so‘zi dalildir: