www.ziyouz.com kutubxonasi
198
Alloh taolo ramazon oyining har kuni iftor vaqtida ming kishini do‘zaxdan ozod etadi.
Ular qilgan gunohlari sabab azobga giriftor edilar. Jum’a kuni va jum’a kechasi har
soatda o‘n mingta gunohkorni do‘zaxdan ozod qiladi. Ularning hammalari azobga
mubtalo edilar. Ramazonning oxirgi kunida oyni boshidan oxirigacha ozod
qilinganlarning sanog‘idan ham ko‘proq gunohkorlarni ozod etadi. Laylatul-qadr kechasi
esa, Alloh taolo Jabroil alayhissalomga yerga maloikalarning katta jamoasi bilan birga
tushishni buyuradi. Unda ko‘k bayroq bo‘ladi. Uni Ka’baning yoniga qo‘yadilar. Jabroil
alayhissalomning yetti yuzta qanoti bo‘lib, ikkitasi faqat Qadr kechasida yoyiladi.
Yozilganda g‘arbdan sharqgacha oshib ketadi. Jabroil alayhissalom maloikalarni bu
ummatga yuboradi. So‘ngra ular ummatning turgan, o‘tirgan, namoz o‘qigan, zikr
qilganlariga salom beradilar. Ular bilan ko‘rishadilar va duo qilganlarida to bomdodgacha
"Omin", deb javob berib turadilar. Bomdod bo‘lgandan keyin Jabroil (a.s.) barcha
maloikalarga, ketinglar-ketinglar, deb nido qiladi. Ular: "Ey Jabroil, Alloh Muhammad
sollallohu alayhi vasallamning ummatlari bo‘lgan mo‘minlarning hojatlarini nima qildi?"
deb so‘raydilar. Jabroil aytadiki: "Alloh taolo ularga nazar qilib, ularning gunohlarini afv
etdi. Faqat to‘rt kishinikidan tashqari". So‘raydilar: "Ular kimlar, ey Jabroil?" Javob
beradiki: "Doimiy aroq ichuvchi, ota-onasiga oq bo‘lgan, silai rahmni uzgan, mushohin".
"Ey Jabroil, mushohin kim?" deb so‘raydilar. Aytadiki: "U xusumat qiluvchi", ya’ni,
mo‘min birodariga uch kundan ortiq gapirmay yurgan kishi.
Fitr (hayit) kechasi esa, "mukofot kechasi" deb nomlanadi. Fitrning ikkinchi kuni Alloh
farishtalarni shaharlarga yuboradi. Ular yerga tushib, yo‘llarning boshida turib: "Ey
Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummati, Rabbilaringizga chiqinglar, bu kun buyuk
mukofot beradi, gunohlaringizni kechiradi", deydilar, bu ovozni inson va jinlardan
boshqa hamma maxluqot eshitadi. Ular masjidlarga borganlarida Alloh taolo
farishtalariga: "Ey maloikalarim! Amal qiluvchi kishiga amal qilgani uchun nima mukofot
beriladi?" deydi. Maloikalar aytishadi: "Ey Rabbimiz, uning mukofoti ajrini mo‘l qilib
berishingdir". Alloh taolo aytadiki: "Ey maloikalarim, men sizlarni guvoh qilamanki,
ularning ramazon oyidagi ro‘zalari va kechalari qoim bo‘lishlari savobi Mening roziligim
va mag‘firatimdir". Alloh so‘ngra aytadiki: "Ey bandalarim, Mendan so‘ranglar,
ulug‘ligimga qasamki, bugun nimani so‘rasalaringiz, beraman, dunyolaringizdan ham,
oxiratlaringizdan ham".
453. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
"Ummatimga ramazon oyida bosh-qa ummatlarga berilmagan beshta xislat berildi.
Ro‘zadorning og‘zidagi hid Alloh nazdida mushkning hididan yaxshiroq; iftor
qilgunlaricha maloikalar ularning gunohlarini kechirishni so‘raydilar; bu oyda
shaytonning sarkashlari bog‘lanadi; bu oyda odamlar boshqa oylarda bo‘lmagan
ixloslarini topadilar; bu oyda har kuni Alloh taolo jannatni ziynatlaydi va jannatga
aytadi: "Mening bandalarimdan qiyinchilik va aziyatlar ko‘tarilishiga oz qoldi. Ular senga
qarab yuradilar va oxirgi kechada ularning gunohlari kechiriladi". "Ey Allohning elchisi,
Laylatul-qadr o‘sha kechami?" deb so‘rashdi. Aytdilarki: "Yo‘q. Lekin amal qiluvchi
amalini bajarsa, uning ajri mo‘l-ko‘l beriladi".
454. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam sahobalariga
xursandchilik xabarini berdilar. Aytdilarki: "Sizlarga ramazon oyi keldi. Muborak oy keldi.
Alloh taolo bu oyda ro‘zani farz qildi. Bu oyda jannat eshiklari ochiladi va jahannam
eshiklari yopiladi, bu oyda shaytonning sarkashlari bog‘lanadi va bu oyda bir tun bor, u
ming oydan yaxshiroqdir".
Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy