www.ziyouz.com
kutubxonasi
290
va’dasiga iymon keltirish va amalning qabul bo‘lish-bo‘lmasligidan qo‘rqish.
Ato ibn Soib Ya’lo Ibn Murraning shunday deganlarini rivoyat qiladilar: “Alining (r.a.)
sohiblaridan bir nechtasi yig‘ilib, “Amirul mo‘mininni qo‘riqlasak, chunki u kishi jang
qilyaptilar, jonlariga suiqasd etilishi mumkin”, dedik. O‘shanda biz u kishining hujralari
oldida turgan edik, u kishi namozga chiqayotgan ekanlar, “Bu nima qilganlaringiz?” deb
so‘radilar. Sizni qo‘riqlab turibmiz. Chunki siz jang qilyapsiz. Sizga suiqasd qilinishidan
qo‘rqamiz”, deyishdi yonimdagilar. Ali: “Meni osmon ahlidan qo‘riqlaysizlarmi yoki yer
ahlidan?” dedilar. “Yer ahlidan qo‘riqlaymiz, ey Amirul mo‘minin. Osmon ahlidan sizni
qo‘riqlashga qodir emasmiz”. Shunda Ali (roziyallohu anhu) aytdilar: “Yerda hech narsa
bo‘lmaydi, toki, Alloh osmonda taqdir qilmagunicha. Har bir kishiga ikki farishta vakil
qilingan, uni qadari kelgunicha qo‘riqlashadi. Qachon taqdiriga yozilgani kelsa, uni va
qadarining orasini xoli qo‘yishadi”.
________________
Allohga tavakkul bobi hadislari
729-hadis. Shohidlariga ko‘ra, sahih. Shofe’iy, Bayhaqiy rivoyat qilgan. “Ad-dau vad-dava”ga qarang.
730-hadis. Juda zaif. Abu Na’im, Hokim rivoyat qilgan.
731-hadis. Zaif. Ibn Mojja, Abu Na’im rivoyat qilgan.
732-hadis. Hasan. Termiziy, Ibn Abu Dunyo, Bayhaqiy rivoyat qilgan.
OLTMISH BESHINCHI BOB
XUDOJO‘YLIK
Faqih Abu Lays Samarqandiy Muhammad ibn Fazldan, u Muhammad ibn Ja’fardan, u
kishi Ibrohim ibn Yusufdan, Abu Ja’fardan, Saiddan Qatodaning (r.a.) bunday deganlarini
rivoyat qiladilar: “Abdulloh ibn Mutraf: “Ikki kishiga uchradingiz, birining namozi, ro‘zasi,
sadaqasi ko‘p, ammo ikkinchisining savobi unikidan ortiq”, derdi. “Bu qanday bo‘ladi?”
deyishsa, “Ikkinchisining taqvosi kuchliroqdir”, deb javob qilar edi”.
733. Abdulloh ibn Ravoha Mu’ta jangiga ketayotib: “Ey Rasululloh, menga vasiyat
qiling”, dedilar. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Sen sajda kam bo‘lgan joyga boryapsan.
U yerda sajdani ko‘paytir”. Ibn Ravoha: “Yana qo‘shing” dedilar. Nabiy (s.a.v.): “Allohni
zikr qil. Chunki U sen istayotgan narsaga yordam beradi”, deb aytdilar. Ibn Ravoha
ketdilar, ammo qaytib kelib, tag‘in: “Ey Rasululloh, menga yana nasihat qiling”, dedilar.
Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Alloh taoloni zikr qil. Alloh taolo toq, toq narsalarni yaxshi
ko‘radi”. Ibn Ravoha: “Yana ziyoda qiling”, dedilar. Nabiy (s.a.v.): “O‘nta yomonlik
qilsang, bitta yaxshilik qilishga ojiz bo‘lma”, dedilar.
734. Anas ibn Molik (r.a.) aytadilar: “Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Mendan olti narsani
olinglar, sizlarga jannat bo‘ladi. Gapirsanglar, to‘g‘ri gapiringlar, va’da bersanglar, xilof
qilmanglar, omonat olsanglar, xiyonat etmanglar, ko‘zlaringni (haromdan) tiyinglar,
farjlaringni saqlanglar, qo‘l va oyoqlaringni haromdan to‘singlar va Parvardigorlaringning
jannatiga kiringlar”, dedilar”.
735. Amron ibn Husayndan (r.a.) rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Alloh
taolo: “Ey bandam, senga farz qilgan narsamni ado et, insonlarning obidrog‘i bo‘lasan,
qaytargan narsalarimdan qayt, insonlarning taqvodorrog‘i bo‘lasan, rizq qilib bergan
narsamga qanoat et, insonlarning boyrog‘i bo‘lasan”, dedi”.
Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy
Dostları ilə paylaş: |