HAMDON QABILASI ELCHILARI Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yana Xolid ibn Validni Yaman viloyatiga yubordilar.
U yerda yashayotgan katta qabilalarning birovi shu Hamdon qabilasi erdi. Hazrati Xolid u
joyga borgach, olti oygacha xalq ichida yurib, ularni dinga da’vat qildi, lekin hech kim o‘z
ixtiyoricha dinga kirguvchi bo‘lmadi. Bu xabar Rasulullohga yetdi ersa, bir noma yozib,
Hazrati Alini yubordilar. Xolid ibn Validni o‘z oldilariga chaqirib oldilar. Hazrati Alini
kelayotganlarini anglashib butun qabila xalqi to‘sishib chiqishdi. Shu chog‘da qaysi bir
namoz vaqti kirgan edi. Hazrati Ali azon aytib, takbir tushirib, o‘z askarlari bilan saf
bog‘lashib namoz o‘qidilar. Boshqa qabila xalqi ersa qarashib turdi. Namoz o‘qigandan
so‘ngra Hazrati Ali Rasulullohning bularga yozgan xatlarini saf oldiga chiqib turib, butun
xalqqa o‘qidilar. Bu muborak nomadagi so‘zlarni anglashlari bilan barchalarining
ko‘ngillari Islomga moyil bo‘lib, iymon keltirdilar.
So‘ngra bu voqeani Hazrati Ali yozib, Rasulullohga chopar bilan yubordilar. Xatni o‘qib,
bu ulug‘ ne’mat shukronasi uchun darhol sajdaga bosh qo‘ydilar. Yaxshilik ko‘rilgan
chog‘da shukr sajdasini qilish shuning uchun ummatlariga sunnat bo‘ldi. Rasululloh
sajdadan bosh ko‘tarib:
— Assalomu ala Hamdan, assalomu ala Hamdan, — deb ikki marta aytdilar.
Bu qabila Hazrati Ali qo‘lida iymon keltirishgandan so‘ngra qabila kattalaridan bir necha
kishilarni boshchi qilib, Madinaga elchi jo‘natmish edi. Shu orada ular ham kelishib qoldi.
Bularning raislari Ibn Molik degan kishi erdi. Payg‘ambarimiz bilan ko‘rishgandan keyin,
oldilarida turib arablar odatlaricha Rasulullohni, Islom dinini maqtab fasohat bilan
kelishtirib bir qancha she’rlar o‘qidi. Chunki u zamon arablari o‘qish-yozishdan har
qancha yiroq bo‘lsalar, yana ularning til o‘suklari eng yuqori ko‘tarilganlikdan qabila
raislari shoir yoki notiq xatib bo‘lishlari eng ulug‘ sharaf sanalur edi. Shuning uchun
Rasululloh arab odatlarini hurmatlab, o‘z oldida o‘qilgan she’rlarni zavq bilan eshitib, uni
taqdirlar edilar. Shu kabi muning o‘qigan she’rini ham tinglab o‘ltirib, o‘qib bo‘lgach, uni
Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy
www.ziyouz.com kutubxonasi
299
yaxshilab ruhini ko‘tardilar va uni butun Hamdon qabilasiga amir qilib yubordilar.
Raziyallohu anhum.