www.ziyouz.com kutubxonasi
347
Rasululloh aytdilar:
— Andagi ummatlarimning son-sanoqlari ko‘pdir, lekin ittifoqlari, ummatlik sifatlari
yo‘qdur. Alar dunyoni sevguvchi, rohatparast bo‘lg‘aylar, o‘limdan qo‘rqib, jihodni
tashlagaylar. Shuning uchun ular xorlikka qolg‘aylar.
Mana Rasululloh aytmish och bo‘rilar ersa, ilmu hunar quroliga ega bo‘lmish
ovrupolilardir. Osiyo, Afriqo musulmonlari 500 yildan beri bular tirnog‘i ostida ezilib
kelmoqdadurlar. Sakson-to‘qson milyonlik Indoneziya musulmonlarini olti milyonlik
Gollandiya 300 yildan beri mustamlaka qilib kelmoqda. Butun Hindiston xalqi yaqindagi
ikkinchi jahon urushidan so‘ng mustamlakalikdan qutildi. Yana haligacha bu och
bo‘rilardan qutula olmagan sharqiy, g‘arbiy musulmonlar ko‘pdir. Lekin ozodlik eshigi
ochildi. Butun dunyo xalqiga uyg‘onish davri kelib, qutilish kunlari yaqinlashdi. (Asar 50-
yillarda yozilganligini eslatamiz — Muharririyat).
Yana Rasululloh:
— Mendan keyin o‘ttizga yaqin yolg‘onchi payg‘ambarlar chiqqay. Bular ichida to‘rttasi
xotinlardur. Eng so‘ngisi Dajjol Laindur, — dedilar.
Rasululloh aytganlaridek, o‘zlaridan so‘ngra arablardan o‘ttizga yaqin kishi payg‘ambarlik
da’vosini qildi. Ulardan to‘rttasi xotinlar edi.
Yana bir kuni sahobalardan bir qanchalari masjidda o‘ltirishgan edi, alarga qarab
Rasululloh aytdilar:
— Sizlardan eng keyin o‘lgan kishi o‘tda qolur.
Sahobalarga bu so‘zdan qattiq qo‘rqinch tushdi. Payg‘ambarimiz aytgan o‘t tamug‘ o‘ti
bo‘lsa kerak, deb qo‘rqinch tushgan edi. Sahobalardan bir nechalari vafot topib oxiri Abu
Hurayra, Samura ibn Jundub, Huzayfa uchovlari yolg‘iz qoldilar. So‘ngra Huzayfa ham
vafot qilib, Abu Hurayra bilan Samura qoldi. Bu ikkovlari ersa qaysi birimiz keyin o‘lar
ekanmiz, deb bek qo‘rqishar edilar. Shu orada Abu Hurayra o‘lib, Samura yolg‘iz qoldi. U
qo‘rqinch bilan bir qancha umr kechirdi. Bir kuni o‘choq oldida o‘ltirib olovda isinmoqda
edi. Nima bo‘ldiyu olovga yiqilib ketdi. Boshqa kishi bo‘lmagach, turishga darmoni
qolmay shu joyda vafot etdi. Shunda bildilarkim, Rasululloh sollallohu alayhi
vasallamning aytgan o‘tlari, dunyo o‘ti ekandur. Eng keyin o‘lgan kishi o‘tda qolur
deganlari to‘g‘ri keldi.
Abu Hurayra rivoyat qiladi:
— Sahobalardan bir jamoa odam to‘planishib o‘ltirib edik, ustimizga Rasululloh keldilar.
So‘ngra bizga qarab aytdilarkim, shu o‘ltirgan kishilardan birisining tishi do‘zaxda Uhud
tog‘idan ulug‘roq bo‘lur.
Buni anglab to‘planganlarning bariga qo‘rqinch tushdi. Rasulullohning vafotlaridan keyin
arablardan ko‘p qabilalar dindan qaytib murtad bo‘ldilar. Hazrat Abu Bakr Siddiq xalifa
bo‘lgandan so‘ngra ularga qarshi askar yubordilar. Shu chog‘da o‘shal jamoatdan ikki
kishi bor edik. Qolganlari ersa vafot topmish edilar. Shu askarga qo‘shilib ikkovlari ham
bordilar. Rasululloh aytgan so‘zlaridan ko‘ngillarida qattiq qo‘rqinch bor edi. Yamoma
degan joyga kelganimizda ikki taraf qo‘shin bir-biriga yo‘liqib, saf tortishib, urush
boshlandi. Shu kuni mening yo‘ldoshim murtad bo‘lib, dushman safiga qo‘shilib ketdi va
u shu urushda o‘ldirildi. Bundan bir necha yil ilgari Rasulullohning bergan xabarlari shu
kishiga to‘g‘ri kelib, alhamdulilloh, men qutulib qoldim.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
— Islom hukumati Quraysh qo‘lida bo‘lg‘ay. Agar Qur’onga amal qilib, dinlarini tuta
olsalar, bu davlatdan hech ajramagaylar.
Rasululloh aytganlaridek, Quraysh xalqi dunyo rohatiga berilib, dinlarini yaxshi
tutolmagach, davlatlari boshqa musulmonlarga o‘tdi. Ayniqsa, turklar Islom xalifaligiga
ega bo‘ldilar. Islomning ismi, Qur’onning xatigagina qanoat qilingach, yer ustidagi