www.ziyouz.com kutubxonasi
366
«Subbat alayya masoyibu lav annaho, Subbat alal ayyomi sirna layoliyo». Ma’nosi:
Tushdi boshimga musibatdan qora kunlar, bu kun, Bu yorug‘ olam ko‘zimga qop-qaro tunlar bu kun. So‘ngra hazrati Bilol bir mesh suv keltirib qabrga sepib, oq, qizil mayda toshlardan
ustiga terib qo‘ydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak jasadlari yotgan
joy yer-ko‘kdagi barcha tabarruk joylardan, balki Arshi A’zamdan ham ortiqdur. Bu
masalada hamma ulamolar bir ittifoqdadurlar, hech xilof yo‘qdur.
Rasulullohning xodimlari hazrati Anas aytadur: «Rasulullohni qabrga qo‘yib, qo‘l
tuprog‘ini qoqmasdan turib, dillar o‘zgardi, ko‘ngillar g‘amga to‘lib, ko‘zga olam qorong‘u
bo‘ldi. Shu joydagi kishilar bir-birlarimizni ko‘rolmay qoldik». Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam: «Agar Alloh taolo bir ummatga yaxshilik xohlar ekan, u ummatning
payg‘ambari ulardan ilgari o‘ladi», deb o‘z ummatlariga tasalli bergan edilar.
Oh, yuz oh, ming ohkim, Rasulullohning vafotlari ummatlariga eng ulug‘ musibatdur,
ayniqsa, muborak diydorlarini ko‘rmagan ummatlari uchun tugalmas armondur. Yolg‘iz
ummatlari emas, Rahmatanlilolamin bo‘lganliklaridan butun olam ahlini bu musibat
qayg‘usi qoplamish edi. Rasulullohning firoqlariga chidayolmay minib yurgan Ya’fur
degan eshaklari o‘zini quduqqa tashlab o‘ldi. U zotdan ajraganiga motam tutib tuyalari
hech narsa yemasdan, oxiri ochlikdan halok bo‘ldi.
Rasululloh dunyodan o‘tdilar ersa, ummatlariga uch narsani qoldirib ketdilar:
Birinchisi, Allohning so‘zi — Qur’oni karim; ikkinchisi, o‘zlarining so‘zlari — Hadisi
sharifdur.
Agar ummat bu ikkovidagi so‘zlarga amal qilib, bulardagi ko‘rsatilgan yo‘ldan
chiqmasalar, qiyomatgacha haq yo‘lidan adashmaydilar, hech narsa ularga zarar keltira
olmaydi.
Uchinchisi, sahobalarni ummatlariga qoldirdilar. Rasulullohning so‘zlari — hadisi shariflar
shu zotlar orqalik bizlarga yetib, shularning himmatlari bilan Islom dini yer yuziga
tarqaldi. Inson olamida ko‘p jonfidoliklar ko‘rsatib, mo‘minlar dilidagi o‘chmas iymon
chirog‘ini shular yondirib ketdilar, raziyallohu anhum.