www.ziyouz.com kutubxonasi
48
yegali bir-ikki bosh uzum keltirgin», dedilar. Ammo o‘zlari kelib, ko‘rinish berishga
uyaldilar. Alarning buyruqlaricha Addos tovoqqa solgan ikki bosh uzumni keltirib,
payg‘ambarimiz oldilariga qo‘ydi. Payg‘ambarimiz «Bismilloh» deb, uzumdin olib yedilar.
Addos qul buni onglagan so‘ngida yuzlariga qarab turib, «Bu shahar xalqidin men
eshitmagan ajab bir so‘z aytdingiz», dedi. Anda payg‘ambarimiz «Qaysi shaharliksan,
qaysi dindansan?» deb Addos quldin so‘radilar. «Nasroniy dinidadurman. Naynavo
shahridan erurman», — deb javob berdi. «Andog‘ bo‘lsa, Yunus ibn Matto degan yaxshi
kishining shahridan ekansan, ey Addos», dedilar. Addos: «Yunus ibn Mattoni siz qaydin
bilursiz?» dedi. Payg‘ambarimiz: «Ul mening birodarimdur, har ikkovimiz ham Xudo
tarafidin yuborilgan Payg‘ambardurmiz», dedilar. Addos bu so‘zni eshitishi bilan
Payg‘ambarimizning oyoqlariga o‘zini otdi. Oyoqlariga ko‘zini surtib, bosh-ko‘zlarini
o‘pib, darhol musulmon bo‘ldi. Ajib ishdurkim, necha ming sonlik Toif xalqiga nasib
bo‘lmagan iymonni, Alloh taolo shu qulga loyiq ko‘rdi. Addosning bundoq qilganini
yuqorida turishgan xo‘jayinlari ko‘rishib, qilgan ishlariga pushaymon bo‘lishib, shoshilib
qoldilar. «Endi qulimiz buzildi, undan ajraydigan bo‘ldik», deb bir-birlariga ta’na
aytishdilar. So‘ngra Rasululloh u yerdan chiqishib Makka shahriga qarab yo‘lga tushdilar.
Xo‘jayinlari Addosni chaqirib: «Nechuk ul kishining qo‘l-oyoqlarini o‘pding? Undan nima
ko‘rganing, bilganing bo‘ldi», — deb so‘radilar. Anda Addos aytdi:
— Men bilurman, yer ustida bu kishidan yaxshiroq hech kimsa yo‘qdur. Uning aytgan
so‘zlarini payg‘ambar bo‘lmagan kishi hech qachon bilmaydi. Xudo tarafidin yuborilgan
payg‘ambarligini aniq bildim. Shuning uchun aning diniga kirdim.
Rasululloh Toif shahridin chiqib, shu yurganlaricha, Naxla degan xurmolik boqqa
kelganlarida kech bo‘lib, tun qorong‘uligi bosdi. Mana shu joyda tunab qoldilar. Kechalab
tahajjud namozini o‘tamakchi bo‘lib, tun yarmida turganlarida namoz o‘qib, uzun qiroat
qildilar. Shul chog‘da Nasiybin degan joydagi jin toifalaridin yetti nafar jinlar raislari shu
joydin o‘tishmoqda edilar. Qarasalar, bir kishi namozda qiroat qilib turibdi. Namoz o‘qib
bo‘lganlaricha quloq solib turishdilar. Rasulullohning o‘qigan Qur’onlarining ta’siridan
ko‘ngillari erib, ko‘zlari yoshlandi. Qur’on nuri bilan ko‘ngillari ochilib, haqiqat yo‘li yoridi.
Barchalari hidoyat topib, shu joyda iymon keltirdilar. O‘z urug‘-aymoqlariga borgach, bu
voqeani bayon qilib, alarni ham Islom diniga dalolat qildilar. Qur’ondagi «Qul-uvhiya»
surasi boshdin-oyoq shu mo’min jinlar qissalaridur. Rasulullohga payg‘ambarlik vahiyi
kelgandin so‘ngra o‘n uch yil Makka shahrida turib, xalqni dinga da’vat qildilar. Shu
muddat ichida Quraysh kofirlari qancha qatim mo’jizalar ko‘rgan, Qur’on oyatlarini
eshitgan bo‘lsalar ham yana iymon kelturmadilar. Bu qandog‘ ulug‘ nasibadurki,
Rasulullohning Qur’on qiroatini bir yo‘lgina eshitgan o‘tkinchi jinlar bu davlatga yetdilar.
Va ham shu safardin qaytishlarida, Jabroil alayhissalom «Malakul jibol», ya’ni tamom
tog‘larning ustida turgan ulug‘ bir farishta bilan kelib:
— Ey Muhammad, Alloh taolo bizni sening farmoningga yubordi. Sening buyrug‘ing bilan
ish qilgani keldik. Agar tilar ersang, senga qarshilik ko‘rsatgan ikki shahar ustiga ikki
tog‘ni tashlagaymiz, — dedilar. Anda Rasululloh shu duoni o‘qidilar:
«Allohumma ihdi qovmiy fainnahum lo ya’lamun».
Ma’nosi: «Ey bor Xudoyo! O‘zing bu xalqni to‘g‘ri yo‘lga solgil, alarga balo yubormagil,
senga qarshilik qilgan bo‘lsalar, bilmaslikdin qildilar. Ularning gunohlarini kechirgaysan».
Rasulullohdin bu javobni eshitganlaridin so‘ngra Jabroil alayhissalom: — «Ey
Muhammad, seni Xudoi taolo Qur’onda «Roufur-rohim», deb atamish edi. (Ya’ni,
rahmdillik, yumshoq ko‘ngillik.) Endi senda bu sifatlarning borligini ko‘rdik, Allohning
chin suygan habibi emishsan», deb Rasulullohga rahmatlar aytib, yondilar (qaytdilar).
Shundoq bo‘lib, Rasululloh asrandi o‘g‘illari Zayd bilan birgalikda Makka shahriga
yaqinlashdilar. Ammo bu safardin qaytishlarida ochiqdan-ochiq shahar ichiga kirishlik