www.ziyouz.com kutubxonasi
50
kechalab, xayru-baraka bilan o‘ralgan Masjidul Aqsoga eltdi. Bu eltishda ulug‘
qudratimizning alomatlarini unga ko‘rsatamiz».
Mana shu oyatning ochiq mazmunicha, Payg‘ambarimiz kechaning bir parchasida
Masjidul Haromdin chiqib, Quddus shahridagi Masjidul Aqsoga kelganlari onglanadi. Endi
bu oyat shu masalada qat’iy dalil bo‘lganlikdan, Isroga inkor, ya’ni Masjidul Aqsoga
kelish inkori iymonga muxolifdur. Ammo Me’roj deb «Masjidul Aqsodin osmon olamiga
chiqqani aytilur. Bu esa hadis bilan sobit bo‘lgan masaladur. Bu haqdagi hadislar
mutavotir, ya’ni, shaksiz hadislardur.
Endi bu ulug‘ mo’jizaning bayoni shundog‘dirkim, bir kuni Payg‘ambarimiz «Oltin
tarnov»ning osti, Ka’ba orqasi — Hatimda yonboshlab yotgan edilar. Shul chog‘da Jabroil
alayhissalom bir necha farishtalar bilan hozir bo‘ldilar. Payg‘ambarimizning ko‘krak
chuqurlaridin boshlab, muborak ko‘ksilarini yordilar. Oltin jomda to‘liq «iymon-hikmat»
suvi keltirilgan edi. Yuraklarini chiqarib, shu suv bilan chayqadilar. So‘ngra ilm-hikmat,
iymon to‘ldirib, yuraklarini o‘z o‘rniga qo‘ydilar. Shu chog‘da, xachirdan kichikroq,
eshakdin cho‘ngroq Buroq oti jannatdin keltirilgan edi. Uning ildamligidan, ko‘zi yetgan
joyga oyoq qo‘yar edi. Jabroil alayhissalom Payg‘ambarimizni shu Buroqqa mindirdi.
Oldinlarida o‘zi yo‘l boshlab yurib, xiyol o‘tmay Masjidul Aqsoga yetdilar. Ul joyda
Ibrohim, Muso, Iso alayhissalom boshliq barcha Payg‘ambarlar kutmoqda edilar.
Buroqdin tushib, o‘tgan Payg‘ambarlar bog‘lamish halqaga ani bog‘ladilar. So‘ngra
Rasululloh Masjidul Aqsoga kirib qarasalar, barcha Payg‘ambarlar hozir ekanlar. Alarning
talablaricha Payg‘ambarimiz imom bo‘lib, ikki rakat namoz o‘qidilar. Buning so‘ngida
Jabroil alayhissalom bir kosa aroq, ikkinchi kosada sut keltirib, Payg‘ambarimizga:
Ichgil, deb ishorat qildi. Payg‘ambarimiz aroqqa qaramasdin, bir kosa sutni olib ichdilar.
Buni ko‘rib, Jabroil alayhissalom:
— Ey Muhammad, haqiqatni topding. Sening ummatlaring yahud, nasorolar kabi haq
yo‘ldin adashib, gumrohlikka ketmas ekanlar, — deb bashorat berdi.
Bundan keyin Rasullulohni yana Buroqqa mindirib, Jabroil alayhissalom jilovlarida, nosut
olamidin lohut jonibiga, ya’ni yer ustidin osmonga ko‘tarildilar. Birinchi osmonga
yetdilar. Jabroil alayhissalom eshik saqlovchi farishtaga: «Ochgil», dedi. «Kimdursan,
kim bilan kelursan?» deb so‘radi. «Jabroildurman, yo‘ldoshim Muhammad», dedi. «Aning
payg‘ambarlik davri keldimu?» deb darhol eshik ochdi. Dastlab qarshilariga otamiz
Odam alayhissalom chiqdilar. «Xush keldingiz, ey aziz farzandim», deb haqlariga duo
qildilar. Ul joydin ko‘tarilib, ikkinchi osmonga yetdilar. Ul joyda ham yuqoridagidek
savol-javoblar bo‘ldi. Hazrati Iso, Hazrati Yahyo payg‘ambarlarning makonlari shu
osmonda edi. Bu zotlar ham qarshi olib, xayr-duoda bo‘ldilar. Bundin o‘tib, uchinchi
osmonga chiqish navbati yetdi. Yusuf alayhissalomning makoni shu osmonda edi. Jabroil
alayhissalom eshik qoqdi. Yuqorigi savol-javoblar o‘tgandin so‘ngra eshikni ochdilar.
Yusuf alayhissalom qarshi olib, Payg‘ambarimizni tabrikladi. So‘ngra bu joydin o‘tib,
to‘rtinchi osmon sari yuzlandilar. Uning haqida «Varafa’nahu makanan aliyya» oyati
kelgan. Hazrati Idris payg‘ambarning maqomlari shu edi. Bunda ham yuqorida o‘tgan
so‘zlardin so‘ngra, eshik ochilib, Idris alayhissalom bilan ko‘rishdilar. Shundan so‘ng
beshinchi osmonga ko‘tarildilar. Jabroil alayhissalom eshik qoqdi. Savol-javoblar
o‘tgandan so‘ngra eshik ochildi. Horun alayhissalomning joylari shunda edi.
Ko‘rishgandin so‘ng, bundin o‘tib, oltinchi osmonga chiqdilar. Muso alayhissalom shu
joyda edilar. O‘tmish so‘zlardin so‘ngra eshik ochildi. Muso alayhissalom ta’zim bilan
Payg‘ambarimizni ko‘p olqishladilar. Yana ul joydin Buroq uchib, yettinchi ko‘kka
yetkuzdi. Ul joyda bobolari Hazrati Ibrohim alayhissalomni ko‘rdilar. «Otangiz
Ibrohimdur», degan ishorat bo‘lib, payg‘ambarimiz salom berdilar. Salom javobin
qaytargandin so‘ngra: «Ey aziz farzandim, xush kelding, qandoq ulug‘ maqomlarga