PAYG‘AMBARIMIZNING MADINAGA KIRISHLARI Madina musulmonlari esa Payg‘ambarimizning hijrat harakatlaridin xabardor edilar.
Kelar kunlarini mo‘ljallab, har kuni yo‘l to‘sishib, Harra degan toshloqqa chiqishar edi.
Kun qiziganchalik shu yerda kutishib o‘tirib, so‘ngra qaytishur edilar. Uch kungacha har
kuni yo‘l to‘sishib, istiqbol marosimini o‘tkazdilar. Payg‘ambarimizning Savr g‘orida uch
kun yotganlari oshiqcha bo‘lganlikdan, kelar mo‘ljallaridin uch kun o‘tgan edi. Shu
uchinchi kuni Madina musulmonlaridin ansor, muhojiriy sahobalar boshliq yosh-qari,
erkak-ayol demay, barchalari Payg‘ambarimizni kutib, istiqbol marosimi ila yo‘lga
chiqqan edilar. Har qandoq bo‘lsa ham shu kunda kelishlariga jazman ko‘z tutilur edi.
Kun issig‘i xalqning bo‘yinlarini kuydirgunchalik kutib turishdilar. Xabarlari bo‘lmagach,
nochor tarqashdilar. Shu chog‘da yerlik yahudlardan birisi o‘z hojati uchun bir egiz do‘ng
ustiga chiqqan edi, u yon-bu yon qarab turganida Makka tomonidin kelar yo‘l ustida,
yiroqdin tuya mingan bir to‘p kishilarning qorasi ko‘rindi. Bularning necha kunlardin beri
to‘sishib yurgan kishilari kelayotgan bo‘lsalar kerak deb:
— Ey arab eli, baxtinglar keldi, iqbolinglar ochildi, — deb ixtiyorsiz qattiq qichqirgali
turdi.
Yo‘l to‘sib chiqqan butun xalq buni ongladilar, qarasalar, yiroqdin ko‘ringan bir to‘p qora
ichida ikki oq libos kiygan kishilar ko‘rinmoqda edi. Bularning birisi Rasululloh, ikkinchisi
Abu Bakr Siddiq edilar. Yana shul kuni Madina musulmonlarining Shom tijoratidin
qaytmoqda bo‘lgan savdogarlari yo‘lda Payg‘ambarimizga yo‘liqib qoldilar. Alar ichida
ulug‘ sahobalardin Zubayr ibn Avvom bor edi. Har ikki tomondin kelgan musulmonlar
Madinaga kirar vaqtlarida Payg‘ambarimiz bilan ko‘rishib, birlashganlari eng ko‘ngilli ish
bo‘lib, bunga bek quvonishdilar. Shuning ustida hazrati Zubayr Shomdan olgan
liboslardin ikki oq chopon chiqarib: YO Rasulalloh, yangi kelishingiz uchun, yangilik
bo‘lsun», deb har ikkovlariga kiygazib qo‘ygan edilar. Yiroqdin yahudning ko‘ziga
ko‘ringan oqlik shu edi. Bu nido eshitilgandin so‘ngra, butun Madina xalqi yaroq-
yasoqlari ila qo‘zg‘aldilar. Bu to‘sib chiqishgan ko‘pchilik xalq ichida katta-kichik, erkak-