www.ziyouz.com kutubxonasi
157
ko‘rdi.
— Tamom, — dedi jilmayib Voland, — gunoh qilishga ham ulgurmadi. Abadonnaning ishi
hamisha puxta.
— Men o‘sha Abadonnaga qarshi bo‘lgan tomonda bo‘lishni istamasdim, — dedi Margarita. —
Kim tomonda o‘zi u?
— Siz bilan uzoqroq suhbatlashganim sari, — nazokat bilan dedi Voland, — g‘oyat oqila
ekanligingizga ko‘proq ishonch hosil qilyapman. Siz xotirjam bo‘ling. Abadonna mutlaqo xolis ish
ko‘radi va kurashayotgan ikkala tarafga ham birday xayrixoxdir. Shunga ko‘ra, ikkala taraf kurashining
oqibati bir xil bo‘ladi doim. Abadonna, — deb Voland ohista chaqirdi, shu zahotiyoq qora ko‘zoynak
taqqan qandaydir ozg‘in odam devor ichidan chiqib keldi. Uning ko‘zoynagi Margaritaga shu qadar
kuchli ta’sir qildi-ki, u ohista chinqirib yuborib, yuzini Volandning oyog‘iga bosdi. — Bas qiling, —
deb o‘shqirdi Voland, — muncha asabiy bo‘lib ketishgan-a bu zamonning odamlari. — U
Margaritaning yelkasiga «shap» etib shapaloq urgan edi, uning butun vujudi jaranglab ketdi. —
Ko‘ryapsiz-ku, u ko‘zoynaqda. Bundan tashqari, Abadonna hech qachon biron kimsaning huzurida
bemavrid paydo bo‘lgan emas, bo‘lmaydi ham. Undan keyin, bu yerda men borman. Siz esa, mening
mehmonimsiz! Shunchaki uni sizga ko‘rsatmoqchi edim, xolos.
Abadonna qimir etmay turardi.
— Bir lahzaga ko‘zoynagini olsa bo‘ladimi? — deb so‘radi Margarita Volandning pinjiga kirib,
endi qo‘rquvdan emas, sinchkovlikdan qalt-qalt titrarkan.
— Bu endi mumkin emas, — jiddiy ohangda dedi Voland va bir qo‘l siltagan edi Abadonnaning
qorasi o‘chdi. — Menga bir nima demoqchimisan, Azazello?
— Messir, — deb javob qildi Azazello, — gapirishga ruxsat eting. Bizda ikkita begona bor: hiqil-
lab, o‘z sohibasi huzurida qoldirishni iltijo qilayotgan sohibjamol qiz bilan uning ixtiyoridagi, ma’zur
ko‘rasiz, to‘ng‘iz.
— Sohibjamollar o‘zlarini juda antiqa tutadilar-da, — dsdi Voland.
— U Natasha, — deb yubordi Margarita.
— Mayli, sohibasi qoshida qoldiringlar. To‘ng‘izni esa oshpazlarga jo‘nating!
— Uni so‘yishadimi? — chinqirib yubordi qo‘rqib ketgan Margarita, — shafqat qiling, messir, u
pastki qavatda yashovchi Nikolay Ivanovich. Anglashilmovchilik sodir bo‘lgan. Natasha bexosdan
unga ham yog‘upa surib qo‘yipti...
— Afv etasiz, — dedi Voland, — kim so‘yar ekan o‘sha dahmazani? Vaqtincha oshpazlar bilan
o‘tirib tursin, vassalom! Axir uni bal bo‘layotgan zalga kirita olmayman-ku!
— Ha-da... — deb ilova qildi Azazello va davom etdi: — Hademay yarim kecha bo‘ladi, messir.
— A, juda soz, — deb Voland endi Margaritaga yuzlandi: — Xullas, marhamat qilsinlar! Oldindan
minnatdorchilik bildiraman sizga. O‘zingizni yo‘qotmang, hech nimadan qo‘rqmang. Suvdan boshqa
hech nima ichmang, bo‘lmasa lohas bo‘lib, qiynalib qolasiz. Vaqt bo‘ldi!
Margarita o‘rnidan turdi, shu payt eshik oldida Korovyov paydo bo‘ldi.