www.ziyouz.com kutubxonasi
180
— Qani, cho‘z ro‘molchaga o‘ralgan taqachani.
— Voy, qanaqa taqacha, qanaqa ro‘molcha? — deb so‘radi Annushka ustalik bilan o‘zini go‘llikka
solib, — hech qanaqa ro‘molchani bilmayman. Nima balo, grajdanin, mastmisiz deyman?
Oq nimcha kiygan ajnabiy ortiq churq ham etmay o‘zining xuddi avtobusning tutqichiga o‘xshagan
qattiq va sovuq barmoqlari bilan Annushkaning bo‘yniga chang solib, uni xippa bo‘g‘di.
Annushkaning qo‘lidan bitoni tushib ketdi. Nimcha kiygan ajnabiy bir necha fursat Annushkaning
nafas yo‘lini shu tarzda bo‘g‘ib turib, so‘ng qo‘lini uning bo‘ynidan oldi. Annushka entikib-entikib
nafas olgach, jilmayib dedi:
— E-e, taqacha deng? Mana, hozir! Siznikimidi bu taqacha? Qarasam, yerda ro‘molchaga o‘rog‘liq
yotipti... Men, yana bitta-yarimta ilib ketmasin, deb ataylab yashirib qo‘ydim, birov ilib ketsa bormi,
ikki dunyoda ham topa olmasdingiz!
Ajnabiy ro‘molchaga o‘ralgan taqachani olgach, Annushkaga quyuq ta’zim qilib, qo‘lini mahkam
sikdi, chet elliklarga xos talaffuz bilan unga qizg‘in minnatdorlik bildira boshladi:
— Sizdan behad minnatdorman, madam. Bu taqacha yodgorlik sifatida qadrli men uchun.
Binobarin, buni asrab qolganingiz uchun ijozatingiz bilan sizga ikki yuz so‘m mukofot bersam. —
Shunday deb u darhol nimchasining cho‘ntagidan pul chiqarib, Annushkaga uzatdi.
U zo‘rma-zo‘raki jilmayarkan, nuqul:
— O, chin qalbimdap tashakkur aytaman sizga! — deb chiyillardi. — Mersi! Mersi!
Saxovatli ajnabiy bir sakrashning o‘zida zinaning keyingi maydonchasiga tushdi, lekin butkul
ko‘zdan g‘oyib bo‘lishidan oldin pastdan turib (endi talaffuzsiz) qichqirdi:
— Sen, jodugar kampir, agar bundan keyin yana birovning buyumini yerdan topsang, qo‘yningga
yashirmasdan, darrov militsiyaga topshir!
Zinada sodir bo‘lgan bu hodisalardan miyasi g‘ovlab, tinimsiz g‘uvillayotganini his qilgan
Annushka yana ancha mahalgacha beixtiyor qichqirishda davom etdi:
— Mersi! Mersi! Mersi! — ammo ajnabiyning allaqachon qorasi o‘chgan edi.
Endi hovlida mashina ham yo‘q edi. Azazello Volandning sog‘asini Margaritaga qaytarib bergach,
yaxshi joylashib o‘tirdingizmi, deb so‘radi va u bilan xayrlashdi. Gella esa xayrlashuv oldidan
Margaritani cho‘lpillatib o‘pdi, mushuk uning qo‘lini o‘pib xayrlashdi, kuzatuvchilar o‘rindiqning bir
burchagida jonsiz jasaddek «qilt» etmay o‘tirgan usta bilan qo‘l silkishib xayrlashishdi, keyin qarg‘aga
ham qo‘l silkishdiyu o‘zlaripi urintirib zinadan chiqib borishni xohlamay, shu zahoti havoda erib
g‘oyib bo‘lishdi. Qarg‘a mashina chiroqlarini yoqib, uni soqchilik qilayotgan odam dong qotib uxlab
o‘tirgan bostirma ostidan haydab chiqdi. Shundan keyin bu ulkan qora mashinaning chiroqlari
sershovqin va bedor Sadovaya ko‘chasidagi behisob chiroqlarga qorishib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Yana bir soatdan keyin Margarita Arbatga tutashgan tor ko‘chalarning biridagi mo‘jazgina uy
podvalining birinchi xonasida (bu yerdagi hamma narsa o‘tgan yilgi kuzning o‘sha dahshatli tuniga
qadar qanday bo‘lgan bo‘lsa, shundayligicha qolgan edi) duxoba dasturxon yozilib, ustiga soyabonli
lampa, lampa yoniga marvaridgul solingan guldon qo‘yilgan stol ortida o‘tirar va boshiga tushgan
hayajonu baxtdan tovushsiz yig‘lardi. Uning qarshisida olov yamlab tashlagan daftar yotar, bu daftar
yonida qo‘l tegmagan bir dasta daftar taxlanib turardi. Butun uy sukutta tolgan. Qo‘shni xonadagi
divanda ustiga kasalxona xalati yopilgan usta bir me’yorda tovushsiz nafas olib mast uyquda yotardi.
Margarita yig‘lab-yig‘lab yuragini bo‘shatgach, qo‘l tegmagan daftarlarni o‘qishga kirishdi. U
Kreml devori ostida Azazello bilan uchrashishidan oldin uyida qayta-qayta o‘qigan joyni topdi.
Margaritaning uxlagisi kelmasdi. U qo‘lyozmani xuddi yoqimtoy mushukni silaganday silar, uni har
tomonini aylantirib tomosha qilarkan, dam uning zarvarag‘iga tikilib qolar, dam orqa betiga ko‘z
tashlardi. Shunda birdan uning ko‘ngliga, bularning hammasi bir jodugarlik, hozir bu daftarlar g‘oyib
bo‘ladiyu o‘zimni yana uyim yotoqxonasida ko‘raman, ana unda uyqudan uyg‘ongan zahotim suvga
cho‘kib o‘lish uchun daryo bo‘yiga borishimga to‘g‘ri keladi, degan dahshatli fikr keldi. Lekin bu eng
so‘nggi dahshatli fikr bo‘lib, u Margarita uzoq vaqt o‘z boshidan kechirgan og‘ir iztiroblarning aks-