www.ziyouz.com kutubxonasi
84
— Keyin, — dedi Ivan, — iltimos, bugun tafsiloti bilan gapiring.
— Keyinmi? — takrorladi mehmon, — keyin nima bo‘lganini o‘zingiz ham tasavvur qilishingiz
mumkin. — U ko‘zlarida bexosdan paydo bo‘lgan yoshni o‘ng yengi bilan shosha-pisha artib, gapini
davom ettirdi: — Muhabbat, oyoq ostidan chiqqan falokatday, lop etib paydo bo‘ldiyu ikkovimizni
baravar mahv qildi.
Odatda yashin yo xanjar shunday mahv qiladi odamni!
Darvoqe, u keyinchalik bu fikrni inkor qilib, bizlar juda ko‘pdan beri, bir-birimizni bilmagan, hech
ko‘rmagan chog‘imizdayoq sevishganmiz, deb tasdiqlagan edi, u paytlarda u boshqa odam bilan
turardi, men ham o‘shanda... anavi... bilan yashardim... xah... oti nimaydi...
— Kim bilan? — so‘radi Bezdomniy.
— Anavi... xah... nimaydi oti... — dedi mehmon barmoqlarini shiqillatarkan.
— Siz uylanganmidingiz?
— Ha-da, mana, shiqillatyapman-ku... Haligi.... Varenkaga, Manechkaga... yo‘q, Varenkaga... yo‘l-
yo‘l ko‘ylak kiygan... muzeyda... xullas, esimda yo‘q.
Qisqasi, u o‘sha kuni ko‘chaga ataylab sariq gul ko‘tarib chiqqan ekan, men uni topib olishim
uchun, bordiyu o‘sha kuni bu uchrashuv yuz bermaganida, u zahar ichib o‘z joniga qasd qilgan
bo‘larkan, chunki uning hayoti bema’ni o‘tayotgan ekan.
Ha, muhabbat bizni ko‘z yumib-ochguncha mahv qilib qo‘ygan edi. Men buni o‘sha kuniyoq, bir
soatdan keyin, biz ulkan shaharni payqamay kesib o‘tib, Kreml devori poyiga, daryo bo‘yiga borib
qolganimizda bilgan edim.
Biz go‘yo juda ko‘p yillardan beri bir-birini yaxshi bilgan va kuni kecha xayrlashgan odamlarday
suhbatlashardik. Biz ertasi kuniyam shu yerda — Moskva daryosi bo‘yida uchrashishga ahd qildik,
uchrashdik ham. May quyoshi bizga yog‘du sochardi. Keyin, oradan xiyol ham o‘tmay, bu ayol
mening xufiyona xotinim bo‘ldi.
U har kuni menikiga kelardi, men uni ertalabdan intizor bo‘lib kuta boshlardim. Shu intizorlik payti
odatda uydagi buyumlarning joylarini o‘zgartirishim bilan ifodalanardi. Uning kelishiga o‘n minut
qolganida deraza oldiga o‘tirib, ko‘hna ko‘cha eshikning «g‘iyq» etib ochilishini kutardim. Yo tavba:
men u bilan uchrashmasimdan oldin tumordekkina hovlimizga kamdan-kam odam kirar, aniqrog‘i,
hech kim kirmasdi, endi bo‘lsa, nazarimda, butun shahar shu hovlimiz tomon oqib kelayotganday
tuyulardi. Ko‘cha eshik «tiq» etsa, yuragim «shig‘» etib ketar, bir ko‘z oldingizga keltiringa,
ro‘paramda: deraza tashqarisida albatta kimningdir isqirt etigi paydo bo‘lardi. Masalan, charxchining.
Axir o‘zingiz ayting, uyimizda charxchining kimga keragi bor? Nimani qayraymiz? Qanaqa
pichoqlarni?
Mening dilbarim ko‘cha eshikdan bir marta kirardi, ammo u kirguncha yuragim kamida o‘n marta
gupillab urardi. Gapim rost. Keyin, soat millari qiyom paytini ko‘rsatib, uning keladigan vaqti
bo‘lganda va qora mayin teridan tikilgan ustki bezaklari po‘lat to‘qalar bilan tortilgan uning tuflilari
deyarli tovush chiqarmay derazam qarshisida paydo bo‘lgandayam yuragim «gup-gup» urishdan
to‘xtamasdi.
Ba’zan u ikkinchi derazam oldida to‘xtab, tuflisining uchi bilan oynaga urib sho‘xlik qilardi. Men
shu zahoti o‘sha deraza oldida paydo bo‘lardim, lekin tufli ham, yorug‘ni to‘sib turgan qora ipak
ko‘ylak ham g‘oyib bo‘lardi — men shunda eshik ochgani otilardim.
O‘rtamizdagi munosabatni hech kim bilmasdi, bunga imonim komil, vaholanki, bunday bo‘lishi
mumkin emas. Lekin uning eri, tanishlarimiz g‘ofil edilar. Men yashab turgan podval tepasidagi
ko‘hna uyda istiqomat qiluvchilar bundan xabardor edilar, albatta, ular huzurimga qandaydir bir ayol
kelib-ketib turganini ko‘rishardi, biroq uning kimligini ham, ismini ham bilishmasdi.
Ushbu muhabbat dostonini butun vujudi bilan berilib tinglayotgan Ivan:
— Kim edi o‘zi u ayol? — deb so‘radi.
Mehmon, buni hech qachon, hech kimga aytmayman, degandek bosh chayqadi, so‘ng hikoyasini