www.ziyouz.com kutubxonasi
15
o‘ylardi. Lekin ishonmay iloji yo‘q edi. Oqibat u, mahbusning ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bunday
gustohligini eshitgan tajang prokuratorning g‘azabi qanday antiqa shaklda ifoda qilinishini tasavvur
qilishga urinib ko‘rdi. Kotib buni ham tasavvur qila olmadi, holbuki, u prokuratorning fe’lini juda
yaxshi bilardi.
Shunda Pilatning so‘nik va hirqiroq ovozi eshitildi:
— Qo‘lini yechinglar, — dedi u lotin tilida. Soqchi legionerlardan biri nayzasini yerga «do‘q» etib
urib, uni boshqa soqchiga berdi va o‘zi mahbusga yaqinlashib arqonni yechdi. Kotib yerga tushgan
pergament o‘ramini ko‘tarib oddi, lekin hozircha hech nima yozmaslikka, hech narsadan
ajablanmaslikka ahd qildi.
— Rostini ayt, — yunon tilida pichirlab so‘radi Pilat, — sen hakimi hoziqmisan?
— Yo‘q, prokurator, hakim emasman, — javob qildi mahbus anjirday ezilgan va shishib qizarib
ketgan bilaklarini huzur qilib uqalarkan.
Pilat mahbusga qovog‘i ostidan xuddi uni teshib yuborgudek o‘qrayib qaradi, uning ko‘zlaridagi
xiralik endi yo‘qolib, yana hammaga tanish bo‘lgan g‘azab uchqunlari paydo bo‘lgandi.
— Boya so‘ramabman, — dedi Pilat, — sen balki lotin tilini ham bilarsan?
— Ha, bilaman, — javob qildi mahbus. Pilatning za’faron yuziga qon yugurdi va u lotinchalab
so‘radi:
— Itni yonimga chaqirmoqchi bo‘lganimni qanday bidding?
— Bu qiyin emas, — javob berdi mahbus lotin tilida, — sen xuddi itni silamoqchi bo‘lganday
qo‘lingni mana bunday qilding, — mahbus Pilatning qo‘l harakatini takrorladi, — keyin lablaring
ham...
— Ha, — dedi Pilat.
Bir oz jim qolishdi, so‘ng Pilat yunon tilida savol berdi:
— Demak, sen tabibsan?
— Yo‘q, yo‘q, — shosha-pisha javob qildi mahbus, — gapim rost, tabib emasman.
— Ha, yaxshi. Agar sir tutmoqchi bo‘lsang, ixtiyoring. Buni ishimizga bevosita daxli yo‘q. Demak,
sen ibodatxonani vayron qilishga... yo unga o‘t qo‘yishga, yo bo‘lmasa boshqa biron yo‘l bilan uni
barbod qilishga xalqni da’vat etmagansan?
— Takror aytaman, igemon, men hech kimni bunday ishga da’vat etmaganman. Nahotki, kaltabin
odamga o‘xshasam?
— O, haq rost, sen kaltabin odamga o‘xshamaysan, — past ovoz bilan dedi prokurator va dahshatli
tarzda jilmayib qo‘ydi. — Hay, bo‘lmasa, bunday qilmaganliging haqida qasam ich.
— Nima deb qasam ichishimni xohlaysan? — so‘radi qo‘li yechilib, ruhi ko‘tarilgan bandi.
— Hayotingni tikib ont ichaqol, — dedi prokurator, — hozir ayni hayotingni o‘rtaga qo‘yadigan
payt, zero, u hozir qil uchida osilib turipti, buni unutma!
— Hayotimni qil uchiga balki sen osib qo‘ygandirsan, igemon? — so‘radi mahbus. — Agar
shunday deb o‘ylayotgan bo‘lsang qattiq yaiglishasan.
Pilatni qaltiroq bosdi, so‘ng gijir tishlari orasidan dedi:
— Men o‘sha qilni uzib tashlashim mumkin.
— Yana yanglishyapsan, — mahbus kaftini quyoshdan soyabon qilib ochiq yuz bilan tabassum
qildi. — Qilni kim osgan bo‘lsa, o‘shaning o‘zigina uzishi mumkin, shunday emasmi?
— Ha, tushunarli, — dedi tirjayib Pilat, — yershalaimlik ishyoqmas anqovlarning orqangdan
galalashib yurganiga endi hech shubham qolmadi. Tilingni kim qayragan bo‘lsa ham juda o‘tkir qilib
qayrapti. Darvoqe, ayt-chi: sen Yershalaimga Suz qopqasidan eshak minib kirib kelganmishsan, qora
xalq seni misoli bir payg‘ambardek shodiyona hayqiriqlar bilap kutib olganmish, shu to‘g‘rimi? —
shunday deb prokurator pergamentga ishora qildi.
Mahbus hayron bo‘lib prokuratorga tikilib qoldi.
— Menda eshak degan narsani o‘zi yo‘q, igemon, — dedi u. — To‘g‘ri, Yershalaimga Suz