www.ziyouz.com kutubxonasi
200
— Bilaman, sen o‘zingni Ieshuaning shogirdi deb hisoblaysan, ammo senga aytsam, u bergan
saboqlardan birontasini ham uqib olmabsan. Zero, uqqaningda, mendan biron tuhfa olarding, albatta.
Yaxshilab eshitib ol: u o‘limi oldidan, hech kimni ayblamayman, deb aytipti, — Pilat barmog‘ini
ma’noli ko‘tardi, yuzi ucha boshladi. — Tirik bo‘lganida u ham albatta biron nima olardi. Sen
toshbag‘irsan, lekin u toshbag‘ir emas edi. Endi qayoqqa borasan?
Leviy birdan xontaxtaga yaqin kelib, ikkala qo‘lini unga tiradi-da, o‘t chaqnayotgan ko‘zlarini
prokuratorga tikib, pichirlab dedi:
— Bilib qo‘y, igemon, Yershalaimda men bir odamni so‘yaman. Senga shuni aytib
qo‘ymoqchimanki, hali yana qon to‘kiladi, bilib qo‘y.
— Men ham bilaman yana qon to‘kilishini, — deb javob qildi Pilat, — bu gaping bilan meni aslo
ajablantirmading. Sen meni bo‘g‘izlamoqchi bo‘lsang kerak, albatta?
— Seni bo‘g‘izlashga qurbim yetmaydi, — deb javob qildi Leviy tishlarini ko‘rsatib tirjayarkan, —
men u darajada ahmoq emasman, illo anavi kiriaflik Ieshuani so‘ymay qo‘ymayman, qolgan umrimni
shu ishga tikdim.
Shunda prokuratorning ko‘zlarida mamnuniyat aks etdi va u Leviy Matveyni barmog‘i bilan o‘zi
tomon imlab, shunday dedi:
— Sen bu ishni qila olmaysan, urinib ovora bo‘lma. Iudani bugun tunda so‘yib ketib bo‘lishgan.
Leviy birdan orqaga tisarildi, atrofga vahshiyona ko‘z tashlab, chinqirdi:
— Kim qildi buni?
— G‘ayirlik qilma, — dedi Pilat tishining oqini ko‘rsatib va qo‘llarini bir-biriga ishqab, —
Ieshuaning sendan boshqa ham «muxlis»lari bor ko‘rinadi.
— Kim qildi buni? — deb takrorladi Leviy pichirlab.
Pilat unga javob qildi:
— Men qildim.
Leviyning og‘zi lang ochilib, prokuratorga serrayib tikilib qoldi, prokurator esa:
— Gunohni yuvish uchun buning o‘zi ozlik qiladi, nlbatta, lekin harholda shu ishni men qildim, —
dedi u va qo‘shib qo‘ydi: — Xo‘sh, endi biron nima olarsan?
Leviy o‘ylanib qoldi, ko‘ngli ancha yumshadi va iihoyat dedi:
— Buyur, menga bir bo‘lak toza pergament berishsin.
Oradan bir soat o‘tdi. Endi Leviy qasrda yo‘q edi. Endi tonggi sukunatni bog‘da yurgan
soqchilarning ohista odim tashlashlarigina buzardi. Oyning rangi tez o‘cha boshladi, osmonning
ikkinchi chekkasida — ufqda tong yulduzi oqish dog‘ bo‘lib ko‘rinardi. Shamchiroqlar allaqachon
o‘chgan. Prokurator chorpoyada otardi. U kaftini yonog‘i ostiga qo‘yib, jimgina uxlar, Banga ham
uning yonida pinakka ketgan edi.
Nison oyining o‘n beshinchi tongini shunday qarshi olgan edi Iudeyaning beshinchi prokuratori
Pontiy Pilat.