www.ziyouz.com kutubxonasi
24
Shunday deyishi bilan qulog‘iga bir necha uzuq-uzuq dag‘al so‘zlar kelib urildi — saf tortib turgan
askarlar nayza va temir nishonlarini yuqoriga siltab, mudhish ovoz bilan:
— Qaysar a’lo hazratlari omon bo‘lsin! — deb hayqirgan edilar.
Pilat boshini adl ko‘tarib, uni oftob tig‘iga tiradi. Qovoqlari ostida yashil o‘t chaqnadi, bu o‘tdan
uning miyasi yona boshladi, shunda arameylar tilida hirqiroq ovoz bilan aytgan so‘zlari olomonning
boshi uzra parvoz qildi:
— Qotillik qilgani, isyonga da’vat etgani hamda qonun va dinni tahqirlagani uchun Yershalaimda
hibsga olingan to‘rt nafar jinoyatchi sazoyi o‘limga — ustunlarga osishga hukm qilindilar! Ushbu qatl
bugun Taqir Tepada amalga oshiriladi! Jinoyatchilarning nomlari budir: Dismas, Gestas, Var-ravvan
va Ha-Notsri. Mana, ular qarshingizda turishipti!
Pilat jinoyatchilarni ko‘rmay turib, qo‘li bilan o‘ng tomonga ishora qildi, lekin ularning shu yerda,
belgilangan yerda turishganini u yaxshi bilardi.
Olomon go‘yo ajablangandek yoki ko‘ngli taskin topgandek, anchagacha g‘ala-g‘ovur qilib turdi.
Nihoyat g‘ovur tindi va Pilat nutqini davom ettirdi:
— Vale, alarning uchtasi qatl etilgay, zeroki, qonun va taomilga ko‘ra Kichik Sinedrionning ixtiyori
ila va Rim hokimiyatining tasdiqlashiga ko‘ra muqaddas pasxa bayrami sharofati ila saxovatli qaysar
imperator on hazratlari o‘limga mahkumlardan biriga uning manfur hayotini siylov qiladilar!
Pilat so‘zlarni qichqirib-qichqirib aytarkan, ayni paytda, g‘ulg‘ula o‘rnini teran sukunat egallay
boshlaganini his qila boshladi. Endi na bironta «tiq» etgan tovush, na birovning yengil tin olgani
chalinardi uning qulog‘iga, hattoki bir payt, atrofidagi butun muhit tamoman g‘oyib bo‘lgandek ham
tuyuldi Pilatga. Uning nazarida, o‘zi yomon ko‘rgan bu shahar butkul o‘lganday, yolg‘iz o‘zi boshini
osmonga tirab, quyoshning tik shu’lasi ostida qovrilib turgandek bo‘ldi. Pilat sukunatni yana bir oz
cho‘zdi, so‘ng chinqirib gapira boshladi:
— Hozir sizlarning ko‘z oldingizda ozod qilinadigan mahbusning ismi....
U ismni aytishdan oldin yana bir marta sukut qilib, biron gap yodimdan ko‘tarilmadimikin, deb
ko‘nglidan o‘tkazdi, negaki, baxtiyor mahbusning nomi e’lon qilingach, bu o‘lik shaharga jon kirishini,
undan keyin aytilgan so‘zlarning birontasini ham hech kim eshitmasligini yaxshi bilardi.
«Hamma gapni aytib bo‘ldimmi? — tovushsiz pichirladi Pilat o‘ziga o‘zi. — Ha. Ismi qoldi!»
So‘ng u «r» harfiga urg‘u berib sukutga tolgan olomon uzra qichqirdi:
— Var-ravvan!
Pilatning nazarida quyosh jaranglab, birdan yorilib ketgandek, olov bo‘lib qulog‘iga
quyilayotgandek bo‘ldi. Bu olov to‘fonida hayqiriq, chinqiriq, faryod, qahqaha va hushtak sadolari
jo‘sh urib butun maydonni boshga ko‘targandi.
Pilat orqasiga o‘girildi, qoqilib ketmaslik uchun ko‘zini supa sahniga terilgan rang-barang
go‘shamalarga tikkancha, hech kimga qaramay, pillapoya tomon yura boshladi. Endi, uning orqasida,
supaga bronza tangalar, xurmolar do‘lday yog‘ila boshlagan, olomon esa yuz bergan mo‘‘jizani — ajal
changaliga tushgan odamning endi u changaldan qanday qutulib chiqqanini, mahbusning so‘roq
paytida lat yegan qo‘llarini legionerlar beixtiyor og‘ritib yecha boshlaganini, uning esa og‘riqdan aftini
bujmaytirib, «voy-voy»lab bo‘lsa ham, telba odamlarday ma’no-siz tirjayishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish
uchun uzluksiz na’ra tortib, bir-birini toptab, bir-birining yelkasiga mingashayotgan ediki, buni Pilat
ko‘rmasa ham aniq tasavvur qilardi.
Ayni paytda u qolgan uchta mahbusni soqchilar qo‘llarini yechmay,. shahar tashqarisidagi Taqir
Toqqa olib boruvchi mag‘rib yo‘liga olib chiqish uchun pillapoya tomon boshlab borayotganini ham
his qilgan edi. Pilat supadan tushib, uning panasiga o‘tgandan keyingina, o‘zini xavfdan xoli ekanligini
payqab (endi u o‘limga mahkum qilinganlarni ko‘ra olmas edi), ko‘zini ochdi.
Uning shohsupadan turib aytgan gaplarini, endi jarchilar ba’zilari arameya, boshqalari yunon tilida
chinqirib takrorlayotgai ediki, xiyla aniq eshitilayotgan bu chinqiriqlar olomonning asta-asta pasaya
boshlagan nolasi bilan omixta bo‘lib ketgan edi. Pilatning qulog‘iga yana tobora yaqinlashib