www.ziyouz.com kutubxonasi
56
ochib ichkariga kirdi.
— Hoy, xodima, qayoqdasan? — deb baqirdi Nikonor Ivanovich nimqorong‘i dahlizda turib. —
Oting nimaydi? Grunya shekilli? Bormisan o‘zi? Sado bersang-chi!
Hech kim sado bermadi.
Shunda Nikonor Ivanovich kabinet eshigidagi surg‘uchni buzib, portfelidan buklama metrni oldi-
da, kabinetga qadam qo‘ydi.
Qadam qo‘yishga qo‘ydi-yu, ammo ostonada hayratdan dong qotib turib qoldi, hatto eti junjikib
ham ketdi.
Marhumning stoli ortida egniga katak kamzul, boshiga jokeylar shapkasi kiygan, ko‘ziga pensne
taqqan oriq va juda novcha bir grajdanin... xullas, o‘sha odam o‘tirardi.
— Siz kim bo‘lasiz, grajdanin? — qo‘rqa-pisa so‘radi Nikonor Ivanovich.
— Ie! Nikonor Ivanovich-ku, — dedi bu kutilmagan mehmon takaniki singari qaltiroq ovoz bilan
shang‘illab, so‘ng sakrab turib ketib, raisning qo‘lini majburan qo‘liga oldi-da, siqib ko‘risha boshladi.
Bu salomlashuv Nikonor Ivanovichning ko‘nglini aslo ko‘tarmadi.
— Meni kechirasiz, — shubhali ohangda gap boshladi u, — siz kim bo‘lasiz? Siz — rasmiy
shaxsmisiz?
— Be, qo‘ysangiz-chi, Nikonor Ivanovich! — dedi noma’lum odam dilkashlik bilan. — Rasmiy
shaxs nimayu norasmiy shaxs nima? Bularning hammasi mazkur predmetga qaysi nuqtai nazardan
qarashga bog‘liq. Hamma narsa, Nikonor Ivanovich, shartli va qaltisdir. Bugun men norasmiy
shaxsdirman, ammo ertaga birdan rasmiy bo‘lib olishim ham mumkin! Ba’zida buning aksi ham
bo‘ladi, Nikonor Ivanovich. Bo‘lgandayam, birakay bo‘ladi!
Bu mulohaza uy boshqarmasi raisini mutlaqo qoniqtirmadi. Har bir narsadan gumonsirash o‘zi bu
odamning qonida bor edi, shunga ko‘ra mahmadonalik qilayotgan bu grajdanin — albatta norasmiy
shaxs, aniqrog‘i, bironta tanbal bo‘lishi kerak, deb xulosa chiqardi.
— Axir kimsiz o‘zi? Familiyangiz nima? — deb rais yana ham dag‘alroq ohangda so‘radi, hatto u
notanish odamning tepasiga bostirib ham bordi.
— Familiyam, — dedi notanish grajdanin raisning dag‘dag‘asiga aslo parvo qilmay, — hay,
aytaylik ana, Korovyov. Bir oz tamaddi qilib olmaydilarmi, Nikonor Ivanovich? Hech tortinmang! A?
— Meni kechirasiz, — dedi Nikonor Ivanovich endi qahri qaynab, — tamaddiga balo bormi!
(Ko‘ngilsiz bo‘lsa ham, shuni e’tirof etish kerakki, Nikonor Ivanovich o‘zi tabiatan xiyla qo‘rs odam
edi). Marhumniig xonasiga kirish man qilinadi! Siz nima qilyapsiz bu yerda?
— Marhamat, Nikonor Ivanovich, o‘tiring, — deb shang‘illardi grajdanin raisning do‘qiga parvo
ham qilmay, so‘ng xushomad qilib, uni kresloga taklif qila boshladi.
Lekin Nikonor Ivanovich tamoman darg‘azab bo‘lib, kresloga o‘tirmadi va:
— Kimsiz axir o‘zingiz? — deb baqirdi.
— Hay, eshiting bo‘lmasa: men mazkur kvartirada istiqomat qiluvchi bir ajnabiy shaxsning
tarjimoniman, — tushuntirdi o‘zini Korovyov deb tanitgan shaxs mallarang isqirt botinkasining
poshnasini yerga «do‘q» etib urib.
Nikonor Ivanovichning og‘zi lang ochilib qoldi. Bu kvartirada qandaydir xorijiy shaxsning, boz
ustiga, o‘z tarjimoni bilan turishi uning uchun mutlaqo kutilmagan hol edi, shu bois u izoh talab qildi.
Tarjimon bajonu dil izohlab berdi. Ma’lum bo‘lishicha, Varete direktori Stepan Bogdanovich
Lixodeev ajnabiy artist janob Volandni taxminan bir hafta davom etuvchi gastrollari paytida o‘zining
kvartirasida yashab turishga lutfan taklif qilgan va bu haqda kecha Nikonor Ivanovichga xat yozib,
undan to o‘zi (ya’ni Lixodeev) Yaltaga borib dam olib kelguncha, ajnabiy artistni shu kvartiraga
vaqtinchalik propiska qilishni iltimos qilgan ekan.
— U menga hech qanaqa xat yozgani yo‘q, — hayron qolib dedi rais.
— Siz portfelingizni kavlab ko‘ring, Nikonor Ivanovich, — dedi Korovyov muloyim ohangda.
Nikonor Ivanovich kiftini bir uchirib, portfelini ochdi-yu, u yerda yotgan Lixodeevning xatini