www.ziyouz.com kutubxonasi
163
bo‘lg‘an eding, endi uni mendan ajratdilar”, deb undan o‘z dardiga davo istagusi kelar
edi. Hozir o‘zidan xafalik, o‘ng‘aysizliq sezmagan bo‘lsa ham boshig‘a «o‘zim
borolmasam-da, Hasanalini yuborishim va kezini topib o‘tkan gaplarni otag‘a hikoya
qilishim kerak edi”, degan fikr keldi. Bora-bora bu fikr uning boshig‘a jiddiy o‘rinlashib
oldi, shu to‘g‘rida chinlab o‘ylab ketib kayfi ham tarqalayozdi. Do‘konni yopib, Hasanali
bilan birga ketdi — yo‘lda, mehmonxonada birga o‘lturib osh yedi, dasturxon ustida
uning o‘ylag‘ani faqat shu bo‘lib qoldi. Biroq bu fikr qaror tusiga kirib keta olmadi,
daqiqa sayin tarqalib borg‘an kayfidek turlik mone’larg‘a uchray boshladi:
— Hali Marg‘ilonda ishlar qalayikin? Ular yana aynab qolmag‘anmikinlar? Marg‘ilondan
bir narsa pay-qamay turib, kishini ovora qilishg‘a arzirmikin?..
Bu kun quyosh ochiq havoda kezishi uchun jim-jim tovlanib, yer yuziga kulib qaradi.
Ikki kundan beri quyosh betini qoplab, turlik yerlarga jon suvi sepish ila charchag‘an
bahor bulutlari burchak-burchakka tarqalib borar edilar. Uyalaridan chiqish bilanoq
chumchuqlar chirqillashib, musichalar kukulashdilar. Anovi ar-ar te-rakka uya qo‘yishg‘a
o‘ylag‘an bir juft karruklar ham vijir-vijir qilishib kengash ochdilar. Podachining tovshini
eshitib, dalaga oshiqg‘an onasig‘a ergashib qashqa buzoq ham mag‘rab yubordi.
Modasiga tegishkani uchun tomdagi kaptar ham bo‘qog‘ini chiqarib raqibining tevaragida
yag‘rin bera boshladi... Qisqasi bu kun uyg‘onishdanoq butun koinotning yaxshi tush
ko‘rib turg‘anlig‘i sezilar edi.
Bahorning bu kungi sihirlik kuni Otabekni ham qitiqladi. Choyini naridan-beri tugatib,
Hasanali ketidan guzarga chiqdi. Ul guzarga chiqg‘anda Hasanalining qo‘shnisi bo‘lg‘an
Ali erinibkina do‘kon taxtasini tushirmakda edi. Otabekni ko‘rish bilan do‘kon ochishni
to‘xtatdi:
— Bu kun bo‘shmisiz, bek aka?
— Bo‘shman.
— Bo‘sh bo‘lsangiz, Ming o‘rukka — qimizga borar edik, — dedi Ali. — To‘la qozoq
biyalarini yayloqqa solibdir.
— Do‘koningiz-chi?
Ali tushirgan taxtasini qaytadan joyig‘a qo‘yaberdi:
— Dunyoning ishi bitar emishmi, bek aka. Xo‘b desangiz, do‘konni yopaman.
Otabek yarqirab chiqib kelgan quyoshg‘a qaradi:
— Yoping bo‘lmasa, — dedi.
Otabek Hasanalining do‘koni vositasida Ali bilan yaqinda tanishqan edi. Ul ichi kirsiz,
serkulki, ochiq-qina bir yigit bo‘lub, bek bilan go‘yo ko‘b yillardan beri bo‘lg‘an
tanishlarcha muomala qilar edi.
Bekga bu tasodif juda qulay keldi. Chunki uydan chiqishdanoq uning qasdi bu kunni
dalada o‘tkizmak edi. Et oldilar-da, yayovlashib Ming o‘rukka ketdilar.
«Ming o‘ruk» mavzi’i otidan ham ma’lum, bunda ming chog‘liq o‘ruk daraxti o‘sqan
uchun bo‘lib, Shiblining suvidan boshlab to Salor arig‘ig‘acha qator-qator o‘ruklar edi.
Salorning narigi yog‘i biydek qir, endigina ko‘m-ko‘k o‘t gilami unib chiqg‘an edi. Ming
o‘rukning etagi bo‘lg‘an Salor bo‘yicha uch-to‘rtta qozoq o‘tovlari tikilgan edilar. Ikkisi
Salor bo‘yig‘a yetib, To‘la qozoqning kelinchagiga etni sho‘rva qilish uchun berdilar.
Ali o‘tovdan kiygiz olib, Salor bo‘yiga yozdi. Kelinchak yostiq, ko‘rpacha tashlab berdi,
Otabek hordiq chiqarib yaslandi.
Quyosh ozorsizg‘ina qizdirar edi. Yengilgina eskan shamol dimog‘qa turlik o‘lan islarini
kelturib urar edi. Bir necha qaldirg‘och Salorning oqishi bo‘ylab uchar va uchkan ko‘yi
«valfajri» o‘qur edilar. Poyonsiz qirning yuqori-quyi o‘rinlari yakrang ko‘kat va ko‘z
ilg‘amaydirg‘an uzoqliqlari tumanlangansumon ko‘rinish berar edilar. Qushlar, qurtlar
sayrashi tabiiy bir soz xizmatini o‘tab kishiga ifodasi qiyin bo‘lg‘an bir sezgi solar edilar.