Milliy kurashimiz tarixidan kurashchining jismoniy tayyorgarligi
KURASHCHINING JISMONIY TAYYORGARLIGI Kurashchining jismoniy tayyorgarligi sport trenirovkasining muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi. Bunday tayyorgarliklar jismoniy sifatlar – kuch, chidamlilik, egiluvchanlik, chaqqonlik va tezlikni rivojlantirishga qaratilgandir. Jismoniy tayyorgarlikning asosiy vazifalari esa quyidagilardan iborat: – sportchilar sog‘lig‘i darajasi va ular organizmi turli tizimlarining funksional imkonyatlarini oshirish; – kurashchining o‘ziga xos xususyatlariga javob beradigan birlikda jismoniy sifatlarini rivojlantirish. Jismoniy tayyorgarlik umumiy va yordamchi, maxsus tayyorgarlikka bo‘linadi: Kurashchining umumiy jismoniy tayyorgarligi: yuqori darajaga erishish uchun poydevor, asos vazifasini o‘taydi. Asos quydagi vazifalarni hal etilishini ta’minlaydi: – kurashga organizmni har tomonlama rivojlantirish, uni funksiyonal imkoniyatlarini oshirish, jismoniy imkoniyatlarini rivojlantirish; – salomatlik holatini oshirish; – shiddatli trenirovka va musoboqa yuklamalari davrida faol dam olishdan to‘g‘ri foydalanish. Umumiy jismoniy tayyorgarlik turli vositalar to‘plamini o‘z ichiga oladi. Ular jihozlarsiz va jihozlar bilan bajariladigan mashqlar, sherik bilan maxsus trenirovkalarda bajariladigan mashqlar, boshqa sport turlari: akrobatika, yengil atletika, suzish, va hokazolardan olingan umumiy rivojlantiruvchi mashqlarga kiradi. Yordamchi jismoniy tayyorgarlik maxsus harakat malakalarini rivojlantirishga qaratilgan katta hajmdagi ishni samarali bajarish uchun zarur bo‘lgan maxsus asosni yaratishga mo‘ljallangan. O‘ziga xos yo‘nalishga ega quyidagi vazifalarni hal etadi: – asosan kurash uchun ko‘proq o‘ziga xos bo‘lgan sifatlarni rivojlantirish; – kurashchi harakatlarida ko‘p ishtirok etuvchi mushak guruhlarini tanlab rivojlantirish. Yordamchi jismoniy tayyorgarlikning ilg‘or vositalari sifatida shunday mashqlar qo‘llaniladi, ular o‘zining kinematik va dinamik tartibi hamda asab-mushak kuchlanish xususyatiga ko‘ra 10 kurashchining musobaqa faoliyatida bajaradigan asosiy harakatlariga mosdir. Shunday mashqlar orasida quydagilarni alohida ko‘rsatish mumkin: kurashning turli usullarini ishora orqali bajarish; maxsus trenajor moslamalarida mashqlar bajarish. Kurashchining maxsus jismoniy tayyorgarligi harakatlanishi sifatlarini kurashchilarning musobaqa faoliyati xususyatlari tomonidan qo‘yiladigan talablariga qat’iy muvofiq holda rivojlantirishga qaratilgan. Kurashchilarning maxsus jismoniy tayyorgarligi asosi kurash gilamida o‘tkaziladi va harakat malakalari tajribadagi eng muhim harakat sifatlarini rivojlantirishga qaratilgan. Shuning uchun maxsus jismoniy tayyorgarlikning asosiy vositalari sifatida muhim bo‘lgan turli murakkab mashqlar musobaqa mashqlarida qo‘llaniladi. Bunday murakkablashtirilgan mashqlar kurashchi organizmiga bo‘lgan ta’sirni kuchaytiradi. Masalan, og‘irroq vazn toifasidagi sherikni tanlash, sheriklarni almashtirgan holda o‘quv-trenirovka bellashuvlarini bajarish va hokazo. Mana shu hamma mashqlar energiya ta’minotini u yoki bu mexanizmlarni rivojlantirish imunitetini ta’minlaydi hamda bir vaqtning o‘zida uning jismoniy va texnik taktik tayyorgarligini oshiradi. Jismoniy tayyorgarlikning ko‘rsatilgan barcha turlari birbiri bilan uzviy bog‘liq. Trenirovka jarayonida biron-bir jismoniy tayyorgarlik turiga yetarli baho bermaslik oxir oqibat sport mahoratining oshishiga to‘sqinlik qiladi. Shuning uchun trenirovka jarayonida ko‘rsatilgan jismoniy tayyorgarlik turlarini optimal nisbatiga rioya qilish juda muhimdur. Uning son jihatidan ifodasi doimiy o‘lcham hisoblanmaydi, balki kurashchilar malakasi ularni alohida xususyatlari trenirovka jarayoni davri va organizmning shu paytdagi holatiga bog‘liq holda o‘zgarib turadi. KUCHNI TARBIYALASH Kurashchining kuchi deb, raqib qarshiligini mushaklar kuchi orqali yengish qobiliyatiga aytiladi. Mushaklarning maksimal kuchlanishini yuzaga keltirish bilan (mushaklarning tarang turishi va bo‘shashishi) kuch qobiliyatlarini rivojlantirish va takomillashtirish mumkin. Shuning uchun ham kuchni tarbiyalash metodikasi bunday holatlarda mushaklarni maqsadni bajarishda sharoit yaratilishiga qaratilgan. 11 Kurashchi raqib bilan bevosita ro‘para bo‘lganda sarflaydigan ko‘pchilik harakat tezkor-kuchlilik yoki dinamik holatda bajariladi. Asta-sekin bor kuch bilan ushlab turish yoki harakatsiz zo‘r berish mushaklarni o‘zgartirmay turish yoki izometrik rejimda kuch ko‘rsatish deb tushuniladi. Shunday qilib, kurashchining asab-mushak tizimi ham dinamik, ham statik harakatga tayyor bo‘lishi kerak. Bellashuv paytida mushaklarning «otilib chiqqan kuch», boshqacha qilib aytganda juda qisqa vaqt ichida maksimal kuch ko‘rsata olish qobiliyatlari alohida ahamiyat kasb etib, u kurashchiga bellashuvda raqibidan ustunlik imkonini beradi. Taniqli polvonlar faqat jismoniy tayyorgarlikning yuksak rivojlanish darajasi va texnika usullari boyligiga ega bo‘lib qolmay, balki o‘z vaqtida katta kuch ko‘rsata olish qobiliyatlari bilan ham ajralib turadilar. Ko‘p sonli tadqiqotchilarning natijalari mushak massasini aytarli yuksaltirmay yoki ularni yuksaltirgan holda kuchni rivojlantirish mumkinligini ko‘rsatmoqda: – mushak massasini ko‘p oshirmay kuchni rivojlantirishga qaratilgan trenirovkalarda iloji boricha katta yuk bilan kam takrorlagan holda (1-3 marta) va harakatlar o‘rtasida dam olish oralig‘ini oshirgan holda ishlash kerak; – mushak massasini orttirgan holda kuchni rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlarda og‘irlikni ko‘paytirgan holda ishlash zarur – kurashchi ko‘taradigan yukning 50%i 8-10 marta takrorlanadi.