Topshiriq. Ijtimoiy tarmoqlarning ta’lim portallaridan “tezis” termini nima ekanligini aniqlang hamda tezis qanday tayyorlanishi haqida ma’lumot tayyorlang.
Yangi mavzu:
TILNING LEKSIK QATLAMLARI Bizni qurshab turgan olamdagi hamma, narsa va hodisalar uzluksiz o‘sishda-rivojlanishdadir. Masalan, hovlingizga ko‘chat ekdingiz. U ko‘karib, asta-sekin rivojlana boshlaydi, lekin uning rivojlanish jarayonini oddiy ko‘z bilan kuzata olmaysiz. Ko‘chat ekilgan holat bilan uning bir necha oy yoki yil o‘tgandan keyingi holatini solishtirsangiz, undagi ro‘y bergan o‘zgarishlarni payqaysiz. Xuddi shuningdek, siz bilan biz gaplashib turgan til ham muttasil rivojlanishda, o‘zgarishdadir. Bu o‘zgarishlarni shu tilning ikki davr oralig‘idagi holatiga qarab bilib olamiz. Masalan, Navoiy tili bilan hozirgi davrdagi o‘zbek tili yoki Fitrat, Cho‘lponlar davri bilan bugungi o‘zbek tilini solishtirsak, bu ikki davr oralig‘ida ro‘y bergan o‘zgarishlar leksikada ko‘proq aks etganini sezishimiz mumkin. Ko‘rinadiki, bunday o‘zgarishlar tilning lug‘at jamg‘armasida ko‘proq namoyon bo‘ladi, chunki xalqimiz tarixida ro‘y bergan iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy o‘zgarishlar tufayli yangi so‘zlar kirib keladi, ayrim so‘zlar iste’moldan chiqib ketadi. Masalan, eski o‘zbek tiliga xos cherik (askar), o‘ko‘sh (ko‘p), talim (bir qancha) singari so‘zlar bugungi kunda qo‘llanilmaydi. Ular o‘zbek tili leksikasining eskirgan qatlamini tashkil qiladi. Ularga nisbatan eskirgan so‘zlar yoki arxaizmlar va istorizmlar atamasi ishlatiladi. Bunga zid o‘laroq, konsalting, audit, sammit singari so‘zlar esa tilimizga endigina kirib kelyapti. Ular yangi paydo bo‘lgan so‘zlar, ya’ni neologizmlar sanaladi. Sobiq sho‘rolar davrida siyosiy byuro, pioner, komsomol, oktabrat singari so‘z va birikmalar faol qo‘llanilgan bo‘lsa, mustaqillik sharoitida bunday so‘zlarni ifodalaydigan tushunchalarga hayotda o‘rin qolmadi. Shuning uchun ular iste’moldan chiqib ketdi. Hozirgi kunda yangicha davlat va xo‘jalik boshqaruviga, bozor iqtisodiyotiga doir bir qator yangi so‘zlar paydo bo‘ldi. Ayrim eski o‘zbek tilida qo‘llanilgan so‘zlar yangitdan olib kirildi. Masalan, hokimiyat, hokimlik, vazir, vazirlik, devonxona va boshqalar. Shunday qilib, o‘zbek tili leksikasi turmushimiz uchun keraksiz bo‘lib qolgan tushunchalarni bildiruvchi so‘zlarning iste’moldan chiqib ketishi, yangi paydo bo‘lgan tushunchalarni ifodalovchi so‘zlarning esa kirib kelishi hisobiga doimo o‘zgarib, rivojlanib, boyib boradi.