Qadimgi dunyo tarixi qadimgi sivilizatsiyalar tarixi bo‘lib, mazkur davrda erishilgan yutuqlar insoniyat tarixining keyingi rivojlanishini belgilab bergan.
Qadimgi Sharq tarixi – bu yer yuzida eng qadimgi sivilizatsiyalar o‘chog‘i hisoblanadi. Aynan shu ilk sivilizatsiyalarga insoniyatdagi muhim madaniy yutuqlar tegishli bo‘lib, keyinchalik ushbu yutuqlar insoniyat rivojlanishi xarakterini shakllantirdi. Ular orasida eng muhimlari quyidagilar sanaladi:
Yozuvni ixtiro qilinishi, bu ixtiro yordamida insoniyat o‘lmas shaklda chegarasiz ma’lumotga ega bo‘ldi. Bu ixtiro natijasida insonlar ma’lumotlarni yig‘ishga, keyinchalik esa saralab turli shaklga ajratishga o‘tishdi.
Jamoa mehnat tajribasi asosida qo‘rg‘onlar yirik inshootlar barpo etiladi. Kollektiv mehnat asosida yirik irrigatsiya tizimi yaratildi, ulkan ibodatxonalar, saroylar, shahar devorlari barpo etildi. Ushbu jarayonda loyihalashtiruvchilar, tashkilotchilar, boshqaruvchilar kabi yangi mutaxassislar paydo bo‘ldi. Ushbu prinsip harbiy sohada ham to‘ntarishga olib keldi. Ya’ni, tarqoq yakka mushtlashish o‘rniga tartibli saf tortgan qo‘shinlar yaratildi, harbiy kuchni bir necha baravar oshirib, yangi kasb – jangchi va qo‘mondon paydo bo‘ldi.
Qadimgi Sharqda turli shakldagi siyosiy tizimlar vujudga keldi (fuqarolar jamoasi, turli davlat tizimi, podsho hukumati), ushbu tizim keyinchalik butun dunyoga tarqaldi.
“Sharq” tushunchasi Yevropada dastlab antik davrda vujudga kelgan. Aynan qadimgi yunonlar G‘arb va Sharq tushunchalarini izohlaganlar. “G‘arb” deganda ular demokratiya mavjud bo‘lgan polislarni nazarda tutgan bo‘lsa, “Sharq” deganda Ahmoniylar imperiyasi va boshqa davlatlar despotik davlat sifatida tilga olinadi. Sharqning chegaralari an’anaviy G‘arbiy Yevropa fanida Osiyo va Shimoliy Afrika xalqlariga nisbatan ishlatiladigan bo‘ldi. Sharq va G‘arb o‘rtasidagi madaniy chegaralar doimiy o‘zgaruvchan bo‘lganligi bilan ahamiyatli hisoblanadi.
Qadimgi Sharq davlatlari hududining iqlimi yozi issiq qishi yumshoq kechar edi. Bu yerdagi aholining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida Nil (tax. 6671 km.), Frot (tax. 2700km.), Dajla (tax. 1900 km.), Hind (tax. 3180 km.), Gang (tax. 2700 km.), Xuanxe (tax. 4850 km.) va boshqa daryolar muhim o‘rin egallagan. Ushbu daryolar eng yirik suv manbalri hisoblanib, uning vodiylari sug‘orma dehqonchilikka qulay hududlarda joylashgan. Shu bilan birga irrigatsiya tizimi ham yaxshi rivojlangan edi. Bu yerlarda suv omborlari qurish ham mumkin edi. Insonlar katta mehnat evaziga dehqonchilikni rivojlantirib, undan o‘zlarining hayotlari uchun foyda keltiradigan kasbga aylantirishgan.
Bu yerlarda turli xil irqqa (negro-avstroloidlar, yevropoidlar va mongoloidlar) mansub bo‘lgan insonlar yashaganlar. Qadimgi Sharqqa kiruvchi ayrim hudularda barqaror til oilalari ham shakllangan edi. Bularga somiy, afroosiyo va boshqalar misol bo‘la oladi. Shu bilan birga Kavkaz oilasiga kiruvchi xurrit va urart, guti, protoxett tillari ham ushbu hudud aholisining muloqot vositasi bo‘lgan. Qadimgi Hindiston aholisi esa dravid tillar oilasida so‘zlashishgan. Qadimgi Xitoy qabilalari sino-tibet, tibet-xitoy tillar oilasida kiruvchi tillarda so‘zlashganlar. Ammo, shumerlar (ularga qadar janubiy Mesopotamiyada yashagan aholi), kassitlarning tili qaysi tilga mansubligi masalasi fanda munozarali bo‘lib kelmoqda.
Qadimgi Sharq tarixi manbashunosligi va tarixshunosligi tushunchasi XIX asr o‘rtalarida fan tariqasida Evropada yuzaga kelgan. Qadimgi Sharq tarixi manbashunosligi hujjatlar bilan ishlash tizimi ikki xil turga (asosiy manbalar va ikkilamchi) bo‘lib o‘rganiladi. Fransiya arxeolog olimlari hamda Buyuk Britaniya mutaxassislari rahbarligida ushbu yo‘nalish ilk bor o‘rganila boshlandi. Manba turlari va uni o‘rganish metodikasi ishlab chiqilib, yil sayin mukammallashib bormoqda. Qadimgi yozma manbalar sfragistika va numizmatikasiga ham ahamiyat berilib, Qadimgi Misr tarixini yozish usullari doimiy taraqqiy etmoqda. Ierogliflarni o‘qish markazlari Evropaning qator yirik shaharlarida yuzaga kelgan. Bu yo‘lda asosiy maqsad nafaqat Misr balki, Mesopotamiya, Xettlar, Finikiya, Eron, Xitoy, Hindiston sivilizatsiyalarini o‘rganishga qaratilgan edi. Arxeologik
manbalarni tahlil qilish va yozma manbalar bilan solishtirib xronologiyasini belgilash, qadimgi Sharq tarixi manbashunosligini o‘rganishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.
Qadimgi Misr me’moriy yodgorliklarida bitik toshlar tarzida yozilgan manbalar muhim ahamiyat kasb etadi. Qadimgi Misr tarixshunosligi va manbashunosligi ilk bor S. de Sassi., J.F. Shampolon va boshqalarning asarlarida tilga olingan. SHu bilan birgalikda G.Karterning arxeologik izlanishlari va Tutanxamon maqbarasining ochilishi olamshumul ahamiyatga ega bo‘lgan.
Qadimgi Misr arxeologiyasi, tarixshunosligi va manbashunosligini o‘rganish maktablari orasida AQSH olimlarining faoliyatini ham alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Bularga R.Michel, J. Assman., I.Edvarts, B.Braen (Xopkins universiteti), A.Vallis, D.Rosalie, V.Devis (Kaliforniya universiteti), K. Bart (Boston universiteti) va boshqalar misol bo‘la oladi.
Ingliz misrshunosligi maktabi vakillaridan hozirda YA.SHou (Liverpul universiteti), J.Teylor (Britaniya muzeyi), L.Edmund (Buyuk Britaniya va Irlandiya Anropologiya instituti), A. Rudolf, A. Dodson, Xilton.D, N. Revis va boshqa olimlarni ta’kidlab o‘tish mumkin. Ularga qadar yirik misrshunos olimlar
N. Devis, X. Farmer, V. Simpson kabilar faoliyat olib borganlar.
Germaniya misrshunosligi maktabiga oid olimlardan dastlab Klebs.L., M. Burxard, X. Buxxols va hozirgi kunda S.Xendriks va S. Saydlmayer kabilarning ilmiy izlanishlari tahsinga sazovordir.
Ikki daryo oralig‘i (Mesopotamiya) manbashunosligi va tarixshunosligi ham XIX asr ikkinchi yarmida ilk bor o‘rganila boshlandi. YOzma manbalar asosan sopol taxtachalarda bitilgan bo‘lib, mixxat yozuvining yorqin xususiyatlarini o‘zida aks ettirgan. Qadimgi qonunchilikka oid “Shulgi qonunlari” va “Xamurappi qonunlari” yozib qoldirilgan bo‘lib, ularning aksariyati bazalt toshga mixxat yozuvida bitilgan. Shuningdek, tarixiy manbalar orasida Shumer - Akkad hukmdorlar ro‘yxati e’tiborga molikdir. Unda hududda hukmronlik qilgan podsholarning hukmronlik davri to‘g‘risida ko‘plab tarixiy ma’lumotlar beriladi.
Qadimgi Kichik Osiyo manbashunosligi XIX asr ikkinchi yarmidan o‘rganila boshladi. Shu tariqa olimlar Xett sivilizatsiyasi bilan ilk bor tanishishgan. Chatal Guyuk, Troya kabi mashhur manzilgohlar G.Shliman, D.Mellard, B.Grozniylar tomonidan chuqur o‘rganilgan.
Mil av. XIII asr oxiridan “dengiz xalqlari” hujumidan so‘ng inqirozga uchragan Xett davlati haqidagi tarixiy ma’lumotlar XX asr boshlarigacha juda kam uchragan. To‘g‘ri ushbu davrgacha Kichik Osiyo va Suriyaning shimolidan qadimiy mixxat yozuvlar va tasvirlar topilgan edi. Ammo ularni davrlashtirish va xronologiyasini belgilash o‘sha davr uchun muammoli hisoblangan. 1887 yilda tarixchi arxeologlar Tell-Amarna arxividagi diplomatik yozishmalarni tarjima qilganlarida Xett podshosining Misr bilan diplomatik aloqalar olib borgani haqida ma’lumotga ega bo‘lishdi. Bu esa Kichik Osiyoda qadimda yana bir ulkan davlat bo‘lganini ta’kidlar edi.
Keyinchalik 1906 yilga kelib mashhur Germaniyalik olim Y. G. Vinkler Bogazkyoy (Bo‘g‘ozqoya) degan joyda (hozirgi Turkiya respublikasi) Xett davlati poytaxti Xattusani arxeologik izlanishlar natijasida topishga muvaffaq bo‘ladi. Uning natijasida Yaqin Sharq tillarida (akkad, xuritt, arsava va boshqa) yozilgan o‘n minglab loy taxtachalardan iborat mixxat yozuvlar va hatto Xett davlati Misr podsholigi o‘rtasida tuzilgan tinchlik shartnomasining mixxat shakli topildi. Chexiyalik olim B. Grozniy (keyinchalik yirik xettshunos) 1915 yilda chuqur lingvistik tadqiqotlardan so‘ng qadimgi xett tili hind-yevropa tillar oilasiga mansubligini isbotlaydi. Taniqli tadqiqotchi olim A.Getse 1933 yilga kelib Xett davlati tarixini dastlab umumiy o‘rganishga harakat qiladi. Shu bilan birga A. Getse 1933 yilda Kichik Osiyo tarixini ilmiy asosda yozishga urindi. Olim Xett davlati harbiy va sulola tarixiga asosiy e’tiborini qaratdi. U Qadimgi Xett jamiyatining ijtimoiy-siyosiy muassasalari o‘xshashligiga (yer-mulk, majburiyatli yer egaligi) asoslanib, xettlarning ijtimoiy tizimini chuqur o‘rganadi. Taniqli lingvist va arxeologlar xett madaniyati asoslarini yaratishda xattilarga (protoxettlarni) xurrit qabilalarining ta’sirini tadqiq etdilar.
Qadimgi Xett podsholigi tarixini o‘rganishda rus xettshunoslik maktabi vakillaridan taniqli sovet olimlaridan B.Y.Aleksandrov, V.G. Ardzinba, A.V. Volkov, N.N. Nepomnyashiy, G.G.Giorgadze, G.I.Dovgyalo, V.V.Ivanov, A.Y.Nagovitsin va boshqalarning mehnati katta hisoblanadi.
Qadimgi Suriya, Falastin, Finikiya manbashunosligi va tarixshunosligi bevosita Misr tarixi bilan bog‘liqdir. Yozma manbalardan Tavrot va Bibliya (Injil) asosiy muhim manbalardan biri hisoblanadi. Chunki Yevropa olimlari XIX asr 2- yarmida Mesopatamiyadagi manzilgohlarni aynan diniy, mafkuraviy omillar asosida izlanishlar olib borgan holda arxeologik manzilgohlarni topishga intilishgan. Ammo bu har doim ham ijobiy natijalarni bermagan.
Qadimgi Eron manbashunosligiga oid qator ma’lumotlar Naqshi Rustam, Behistun qoyatosh bitiklari va Persopol saroyidan topilgan yozma manbalar muhim hisoblanadi. Shuningdek, o‘troq dehqonchilikka oid sivilizatsiyasi asosida paydo bo‘lgan arxeologik manzilgohlar Joytun, Jarmo, Suza, Shaxtepa, Marlik, Ekbatan, Persopollarni misol keltirish mumkin. Qadimgi Eron tarixiga oid yunon manbalar Gerodot, Arrian, Aristobul, Strabon va boshqa olimlarning asarlarida ko‘rsatib o‘tilgan. Qadimgi Hindiston manbashunosligi Moxendja-daro, Xarappa, Lotxal, Kalibangan, Pataliputra, Taksiladan topilgan arxeologik yozma va moddiy manbalar muhimdir. Manu qonunlari, Artxashastrada Braxmanlar jamiyati borasida mulohazalar berilgan.
Shimoliy Mesopotamiya va Suriyaning tarixiy taraqqiyoti bevosita bir-biriga bog‘liq. Akkad va keyinchalik Ossuriya tarixining ko‘hna mixxat yozuvlarida yoritilishi etiborga loyiqdir.
Hozirda Qadimgi Mesopatamiya tarixi va manbashunosligi bilan AQSH va Buyuk Britaniya Universitetlari olimlaridan Y. Bottero, J.Kuper, S.Dalli, S.Bauer, V.Lambert, kabilar faol ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda. Natijada qadimgi Mesopotamiya tarixiga oid xronologiyaga hozirda muhim o‘zgarishlar kiritildi.
Qadimgi Elam markazi Suza shahrida arxeologlar qora bazalt toshga bitilgan qonunlar to‘plamini topishga muvaffaq bo‘ldilar. Tosh bitik elamliklarning Shumerga yurishlari vaqtida o‘lja sifatida Suzaga olib kelingan. Mazkur
bitiktoshda Bobil hukmdori Xammurapi adolat homiysi va quyosh xudosi Shamashdan olinayotgan vaqti tasvirlangan. Mutaxassislar ushbu qonunlarni ikki yuzdan ortiq moddalarga bo‘lganlar. Garchand qonunlar juda shafqatsiz bo‘lsada, o‘sha zamon quldorlik jamiyati ruhiga mos edi.
Qadimgi Mesopotamiya tarixining mil. avv. XX-XVI asr boshlari, Bobil podsholigi tarixi bilan bevosita bog‘liq. Mil. avv. XXI asrda Shumer va Akkad hududiga chorvador amariy qabilalari hujumlari boshlanadi. Natijada qadimgi Mesopotamiyaning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida sezilarli o‘zgarishlar yuz berib, markazlashgan davlat parchalanib ketadi va siyosiy inqiroz yuzaga keladi. Elam davlati kuchayib Mesopotamiyaning janubidagi shahar-davlatlarini o‘z ta’sir doirasiga oladi. Bobil hukmdori Xammurapi (mil. avv. 1792-1750 yy) Elamga qarshi chiqadi va mil. avv. 1755 yilda ularni Shumerdan siqib chiqarishga muvaffaq bo‘ladi. Keyingi mixxat yozuvlarida bu haqida qator ma’lumotlar keltirilgan.
Chikago instituti arxeolog olimlari R.Beydvud, L.S.Breydvud, B.Xaular Mesopotamiya tarixiga oid qator yangi ma’lumotlarni ilmiy muomalaga kiritdilar. Unga ko‘ra Al-Ubayd keramikasi Ur va Eredu madaniyatidan nisbatan farq qiladi.
Qadimgi Bobil podshosi Xammurapi qonunlari Bobil va qadimgi Sharq huquqshunosligi haqidagi eng muhim manbalardandir. Mil. avv. II-ming yilliklardagi Bobil ijtimoiy-iqtisodiy hayoti haqida eng to‘liq ma’lumotlar aks etgan qonunlar davlat rolini mustahkamlashga xizmat qilgan. Ularni o‘rganish orqali qadimgi Bobilning xo‘jaligi, (qishloq xo‘jaligi, xunarmandchilik, savdo va sudxo‘rlik), ijtimoiy tuzumi (yerga egalik shakllari, qulchilik, jamoa, oila, huquq va boshqalar) haqida nihoyatda boy va ahamiyatli ma’lumotlarga ega bo‘lamiz.
Ahmoniylar davlati haqida muhim manba sifatida qadimgi Eronning podshosi Doro I ning Behistun bitiklari, Gerodotning 9 muzadan iborat “Tarix” kitobida keltirilgan ma’lumotlar ahamiyatlidir. Behistun qoya toshiga podsho Doro I ning buyrug‘i bilan mixxat yozuvida Kir II ning o‘g‘li Kambiz II ni taxtga kelishi vaqtinchalik taxtni kohin Gaumata egallagani, Doro I ning uni hokimiyatdan
chetlashtirilgani haqida so‘z boradi. U 20 dan ortiq satraplikni qayta birlashtirganligi haqidagi ma’lumotlarni yozib qoldirgan.
Taniqli tarixchi Ksenofontn asarlarida Ahmoniylar davridagi harbiy islohotlar hamda Suza shahrida saroy qurilishi haqidagi ma’lumotlar qoldirilgan. SHu bilan birga Eron hukmdorining Ioniya hokimi Gadatga yozgan xatida ham qimmatli ma’lumotlar keltirilgan.
Shuningdek, qadimgi davr olimlaridan Strabon, Aristotel, Esxil, Mark Porsiy Katon, Arrian, Pliniy, Chjan szyan, Sima Syan, Ban Gu va boshqalarning asarlari muhim manba hisoblanadi.
Qadimgi Xitoy manbashunosligiga qiziqish XIX asrdan boshlandi. Qadimgi Xitoy tarixiga oid yozuvlar Shan va Chjou davlatlari davrida (taniqli olim O.Frankening fikricha) dastlab uy xayvonlari suyaklari, toshbaqa toshlari va bronza idishlarga bitilgan. Mil.av VII asrdan boshlab xitoyliklar ipak matoga va bambuk taxtachalar ierogliflarni yozganlar. 1957 yil Sinyanda (hozirga Xenan) Chu davlati hukmdori qabridan o‘nlab bambuk taxtachali kitoblar topilgan. Yozma manbalar Shidszi, Xanshu, Xouxanshu, Veyshuda qadimgi Xitoy manbashunosligi o‘z aksini topgan. Anyan, Loyan, Sin-Shi Xuandi maqbarasidan moddiy manbalar topilib o‘rganilgan. Anyan yozma manbalari asosan ijtimoiy hayotga oid ma’lumotlarda keltirilgan. Shuningdek, Sima szyan solnomasi ham muhimdir.
Qadimgi Xitoy tarixi haqidagi ma’lumotlarni Ban Chyao, Ban Chjao, Sima szyan va Fan E asarlarida, Xan imperiyasi tarixiga oid solnomalardan topishimiz mumkin. Ushbu asarlarda Sya, Shan-In, Chjou, “Chunsu” davri (Ko‘p podsholiklar), “Chjango” davri (Kurashayotgan podsholiklar) va Sin davlatlari tarixi haqidagi qimmatli ma’lumotlar keltiriladi. Shu bilan birga “Shitszi”, “Xanshu”, “Xouxanshu”, tarixiy solnomalarining ahamiyati borasida so‘z boradi.