Xammurapi qonunlari Ikkidaryo oralig‘i davlatlarida huquqning eng qadimgi manbayi odat huquqi bo‘lgan. Davlatchilik natijasida odob-ahloq qoidalari majburiy mazmun kasb eta boshlagan. Yozma qonunchilikda ibtidoiy jamoa tuzumining belgilari saqlangan. Mazkur mintaqada Lagash podshosi Urinimgin va Ur sulolasidan Ur-Nammu hamda qator hukmdorlarning yozma qonunlari mavjud bo‘lgan.
Ular orasida ayniqsa Mesopatamiyaning eng muhim hujjati, podsho Xammurapi qonunlari qadimgi davr huquqiy qarashlari va huquq tizimining juda katta yodgorligi sanaladi. Xammurapi qonunlari 1901–1092-yillarda fransuz arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan qadimgi Elam poytaxti Suza shahrini qazish
chog‘ida topilgan. Bu qonunlar mixxat yozuvida qora bazalt tosh ustuni sathiga o‘yib yozilgan. Xammurapi qonunlarining asl nusxasi Parij (Luvr)da saqlanadi.
Ushbu qonunlar 282 ta moddadan iborat bo‘lib, Shumer va Akkad huquqining tajribasi va ko‘pgina namunalarini mujassamlashtirgan. Qonunlar to‘plami: 1) kirish; 2) asosiy qism; 3) xulosa kabi 3 qismga bo‘linadi:
Kirish qismida qonunlarni o‘rnatishdan asosiy maqsad mamlakatda adolat o‘rnatishdir, deb ko‘rsatilgan. Qonunda podsho o‘zining xalq oldidagi xizmatlarini keltirib o‘tadi. Bu qonunlarni kelgusida bajaradigan podsholarni xurmatlash, ularni bajarmagan yoki bekor qilmoqchi bo‘lgan podsholarni la’natlash lozimligi to‘g‘risida ham gapiriladi.
Qonunnomaning asosiy qismida sud va sud jarayoni (1–5-moddalar), mulk huquqining buzilishi va unga qo‘llaniladigan jazolar (6–120-moddalar), nikoh, oila va meros huquqi (127–195-moddalar), jinoyat huquqi (shaxs hayoti va sog‘ligiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlik, 196–214-moddalar), mehnat va mehnat
qurollari (215–282-moddalar) hamda boshqa munosabatlar to‘g‘risidagi me’yorlar belgilangan.
Kodeksni tuzishda qadimgi odat huquqi, shumer qonunlari va yangi qonunlar asos qilib olingan. Xammurapi qonunlari boshqa sharq qonunnomalaridan farq qilib, o‘zida diniy va nasihatgo‘ylik elementlarini saqlamaydi. Shunday bo‘lsa-da, unda urug‘doshlik tuzumi belgilari saqlangan.
Xammurapi qonunlarida
yerga egalikning podsho, ibodatxona, jamoa va xususiy yer egaligi kabi shakllari aks etgan. Amaldorlar va harbiylarga berilgan mulk – ilku mulk deb atalgan. Keyingi davrlarda ham jamoa mulkchiligi saqlanib qolgan.
Qonunlarda shartnomalardan va zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar bir-biridan ajratib qo‘yilgan. Bu davrda shartnoma huquqi keng rivojlangan. Shartnomalarning oldi-sotdi, ijara, ayriboshlash, qarz, yuk tashish, topshiriq, shirkat (ko‘pchilik), hadya va boshqa turlari ko‘pgina me’yorlar bilan tartibga solingan.
Nikoh yozma tuziladigan shartnomalar asosida rasmiylashtirilgan. Agar kishi xotin olsa va yozma shartnoma tuzmasa, bu ayol unga xotin emas (128- modda). Shartnoma er va xotinning oilasi o‘rtasida ham tuzilgan. Qullar va erkin kishilar oila qurishi mumkin bo‘lib, tug‘ilgan bolalar erkin hisoblangan. Nikoh shartnomasi tuzilishidan avval kuyov bo‘lajak qaynonasiga qalin puli – «tirxatum», kelinning oila a’zolariga to‘y sovg‘alari – «biblum», kelinning otasi qiziga sep- sidirg‘a – «sheriktum» berishi lozim bo‘lgan. Bir nikohlik amal qilgan bo‘lib, er asosli tarzda ikkinchi nikohga kirishi mumkin edi. Farzand ota-onasini so‘ksa tili, ursa barmoqlari kesilgan.
Merosga dastlabki vaqtlarda eng avval o‘g‘illar, o‘g‘illar bo‘lmasa qizlar, keyinchalik qizlar ham o‘g‘illar bilan teng meros huquqiga ega bo‘lganlar. Agar o‘g‘il vafot etgan bo‘lsa, nevaralar merosxo‘r bo‘lgan.
Farzandlar va nevaralar bo‘lmasa aka-ukalar, ular ham bo‘lmasa amakilar merosxo‘r sifatida maydonga chiqqanlar. Meros bolalar o‘rtasida teng taqsimlangan. Asrab olingan farzand ham teng ulush olgan. Er xotiniga sovg‘a – nudunnum bergan va u saqlanib qolgan.
Xammurapi qonunlarida ibtidoiy jamoa tuzumiga xos bo‘lgan qonli qasos olish odati haqida hech narsa eslanmaydi. U o‘z o‘rnini davlat hokimiyati organlari tomonidan beriladigan jazolarga va jinoyatchining jablanuvchiga yoki uning qarindoshlariga to‘laydigan haqlariga bo‘shatib bergan. Biroq ibtidoiy jamoa tuzumiga xos bo‘lgan boshqa qoldiqlar saqlangan. Jumladan, aybdor noma’lum bo‘lsa, butun jamoaning javobgarligi, ota-ona uchun farzandlarning javobgarligi,
aybdorning o‘z hududidan haydab yuborilishi va h.k. Jazolar birinchi navbatda Bobildagi quldorlik tuzumini ushlab turishga qaratilgan. Jinoiy jazolar turlariga qo‘shimcha sifatida sharmanda qilish, muayyan faoliyat yuritish huquqidan mahrum qilish va mansabidan bo‘shatish jazolarini ham aytish mumkin.
Ehtiyotsizlik oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lish uchun o‘lim jazosi belgilangan. Masalan, uy imorat buzilib uy egasining o‘g‘li o‘lsa, quruvchining o‘g‘li ham o‘ldirilgan (230-modda).
Agar ayblanuvchi yuqori mavqega ega bo‘lsa, jarima to‘lagan. Shaxsga qarshi jinoyatlar qatorida yosh bolalarni o‘g‘rilash jinoyati ham ko‘rsatilib o‘tilgan. Albatta, bunda maqsad qul qilib sotish bo‘lgan. Agar avilumning yosh o‘g‘li o‘g‘irlansa, o‘g‘ri o‘limga mahkum etilgan (14-modda).
Mulkka qarshi jinoyatlarga juda og‘ir jazolar nazarda tutilgan. Saroy va ibodatxona mulkini o‘g‘irlaganlik uchun ayrim hollarda o‘lim jazosi, boshqa hollarda 30 baravar miqdorida jarima nazarda tutilgan. Agar aybdor uni to‘lay olmasa, o‘limga mahkum etilgan. Yong‘in paytida o‘g‘rilik qilgan jinoyatchi o‘tga tashlangan. Qulga nisbatan mulk huquqi qattiq himoya qilingan.
Xammurappi qonunlariga muvofiq, sudya ilgarigi qarorini o‘zgartirsa, lavozimidan chetlashtirilgan va da’voning 12 baravari miqdorida jarima to‘lagan. Tayyorlanilayotgan jinoyat haqida xabar bermaslik, yolg‘on guvohlik berish va tuhmat qilish uchun jinoiy jazolar belgilangan.
Sud qaydnomalari loytaxtachalarga yozilgan. Ularda tomonlarning ko‘rsatmalari, qasamlari, guvohlarning ismlari va sud hukmining mazmuni yozib qo‘yilgan. Qoida bo‘yicha tomonlar bir ishni ikkinchi marta qo‘zg‘atishlari mumkin bo‘lmagan.Qonuning 278-282- moddalarida qulchilikka oid qonunlar belgilab o‘tiladi. Masalan: 282-moddada “Agarda qul egasiga uning quli emasligini aytib o‘tsa, egasi uni qul ekanligini isbotlasa, unda quldor qulini qulog‘ini kesib olishi mumkin” deb ta’kidlanadi. Umuman olganda Xammurapi qonunlari qadimgi Bobil jamiyatiga xos tartib qoidalarni o‘zida aks ettirgan edi.
Xammurapi vafotidan so‘ng taxtga kelgan uning o‘g‘li Samsuilin (mil. avv. 1749-1712 -yy) davrida Bobil podsholigida qarama-qarshiliklar kuchayib,
aholining ahvoli og‘irlashib boradi. Mil. avv.1742-yilga kelib, Mesopotamiyaga shimoliy-sharqdan kassitlar etnonimidagi hind-yevropa qabilalari (akkadcha Kassu, zamonaviy fanda kassitlarni kaspe-kaspiy deb atashadi) Gandash nomli yo‘lboshchilari bilan bostirib kiradilar. Shu bilan birga elamliklar janubda Shumer shaharlariga hujum qiladilar. Gandash, Samsuilin bilan urush olib boradi va Mesopotamiyada kassitlar sulolasiga asos soladi. Undan so‘ng mil. avv.1726-yilda hokimiyatga Gandashning o‘g‘li Agum I keladi. Agum I ni aynan Bobilni boshqarganligi masalasi munozarali hisoblanadi. Ammo kassitlar Mesopotamiya yerlarini tez orada o‘zlariga butunlay bo‘ysundirganlar. Kassitlar davrida Bobilning siyosiy qudrati kuchsizlanadi. Buning ustiga mil. avv.1595-yilda xettlar podshosi Mursili I Bobilga bostirib kirib, I-Bobil sulolasining oxirgi vakili Samsu- ditanani taxtdan ag‘darib, shaharni talon-taroj qiladi.
Elam davlati bir necha urushlardan so‘ng, mil. avv.1150 -yillar atrofida Bobilda kassitlar sulolasi hukmronligini tugatdi. Lekin bir oz vaqt o‘tib, Ninurta- nadin-shumining o‘g‘li Navuxodonosor I (mil. avv.1124-1104 -yy) II-Issin sulolasi davrida Ossuriya bilan urush olib boradi. Ammo ossur podshosi Ashshur-resh-ishi I uni mag‘lub etadi.
Navuxodonosor I Elamliklarni Bobildan haydab yuborishga erishadi, so‘ngra Elamga shunday zarba beriladiki, u haqida uch asr yozma manbalarda ma’lumotlar deyarli keltirilmaydi.
Keyinchalik Janubiy Mesopotamiyaning shaharlari oralig‘ida joylashgan oromiy tilida so‘zlashuvchi somiylardan bo‘lgan xaldey qabilalari kuchayadilar. Ular haqidagi dastlabki ma’lumotlar mil. avv.878-yilda Ossuriya podshosi Ashshurnazirpal II annallarida tilga olinadi. Xaldeylar yarim ko‘chmanchi chorvadorlik, ziroatkorlik va baliqchilik bilan shug‘ullanganlar. Mil. avv. IX asrda xaldey qabilalari Bobilning janubiy qismini bosib oladilar va Bobilning yuksak madaniyatini o‘zlashtiradilar. Mahalliy ilohlardan eng mashhuri Mardukka sajda qiladilar. Xaldey aristokratiyasi bobilliklar urf- odatlariga asosan hayot kechira boshlaydi.
Mil. avv. 851- yilda Ossuriya podshosi Salmanasar III xaldeylar Bobilini o‘lpon to‘lashga majbur qiladi. Xaldey knyazlari Bit-Dakuri, Bit-Amukani va Bit- Yakinlar ossurlar hukmronligini tan oldilar. Ammo Bobil ma’lum bir suverenitetni saqlab qolgan edi.
Ossuriya Bobilni mil. avv.729 -yilda bosib olishga muvaffaq bo‘ladi. Mil. avv. 689-yilda (ayrim manbalarda mil. avv.681-yil) Ossuriya podshosi Sinaxxerib, elamliklarga tayangan isyonkor Bobilni butunlay vayron qilib, so‘ngra suvga bostiradi.
Mil. avv. 627-yilda Ossuriya podshosi Ashshurbanipal vafotidan so‘ng Mesopotamiyada kuchlar muvozanati o‘zgaradi. Mil. avv.627-yilda xaldey zodagonlaridan bo‘lgan Nabopalasar Ossuriyadagi ichki nizolardan foydalanib Mesopotamiyanining janubida isyon ko‘taradi. Uruk shahrini bosib oladi va Nippurni qamal qiladi. Ammo ossurlar tez orada Nippurga yetib keladilar va Nabopalasar chekinishga majbur bo‘ladi. Endi Uruk ossurlar tomonidan qamal qilinadi, lekin qamal paytida shahar garnizoni kutilmaganda hujumga o‘tadi. Natijada ossurlar va nippurliklar mag‘lubiyatga uchraydilar.
Ko‘p o‘tmay mil. avv.626 -yilda Nabopalasar Bobil podshosi deb e’lon qilinadi. Ossuriya podshosi Sin-shum-lishir Bobil yerlariga qo‘shin kiritadi. Biroq ossurlar bu yerlarni uzoq vaqt o‘z nazoratida tutib tura olmaydilar. Bobil podshosi Nabopalasar dushmanni mamlakatdan quvib chiqaradi. Mil. avv.625 -yilda ossurlar yana qaytib keladilar va Sippardan uncha uzoqda bo‘lmagan Shallat shahrini egallaydilar. Shu payt Ossuriya armiyasi noma’lum sabablarga ko‘ra (olimlarning fikricha midiyaliklar hujumlari sabab) ortga qaytishga majbur bo‘ladi. Shallatda ossur garnizoni qoldiriladi. Mil. avv. 625- yilda Nabopalasar Ossuriyaga sodiq qolgan Nippur shahri egallashga urinib ko‘radi ammo uning bu yurishi natijasiz chiqadi.
Mil. avv. 623- yilda Nabopalasar rahnamoligida ossurlarga qarshi Der viloyatida isyon ko‘tariladi. Ossur qo‘shini qaytib keladi va xaldeylarni Akkad va Bobildan quvib chiqaradi. Shu tariqa Bobil yerlari ossurlar yoki xaldeylar ko‘liga navbatma-navbat o‘tib turadi. Bu orada ko‘chmanchi skiflar butun
Mesopatamiyani talon-taroj qilib, Suriya orqali Misr chegaralarigacha yetib boradilar. Misrliklar katta o‘lpon evaziga bosqindan qutilib qoldi va skiflar o‘z yurtlariga qaytib ketadilar. Nabopalasar kuch to‘plab olgach, Nippurni qamal qilishga tushadi.
Mil. avv.616-yilda Bobil qo‘shini Ossuriyaning Suxu va Xindanu viloyatiga bostirib kiradi va Kablinu yonidagi jangda ossurlar hamda ularning ittifoqchilari manneylarni yengadilar. So‘ngra katta o‘ljani qo‘lga kiritib ortga qaytib ketadilar. Bu orada ossurlarga Misr qo‘shini madadga yetib keladi, ammo ular Bobil hududiga bostirib kirishga jazm qilmaydilar. Shu yili Uruk shahri uzoq qamaldan so‘ng Bobil qo‘shini tomonidan egallanadi. Bir yildan so‘ng bobilliklar Ossuriya yerlariga yana bostirib kiradilar ammo bir necha g‘alabalarga erishsalarda (Madanu shahri yonidagi jang) ularning bu yurishi natijasiz chiqadi. Mil. avv.615-yilda uzoq qamaldan so‘ng, ossurlardan madad ola-olmagan Nippur shahri Nabopalasarga taslim bo‘ladi. Shahar aholisi qamal natijasida shu darajada ochlikdan qiynalgan ediki, odamlar o‘zlarini va bolalarini tirik qolishi uchun ularni qullikka sotishga majbur bo‘lgan edi.
Mil. avv.612-yilda Nabopalasar midiyaliklar bilan ittifoqda Ossuriyaning poytaxti Nineviya shahrini egallaydilar. Shahar suvga bostirilib butunlay vayron qilinadi, aholisi qisman qirib tashlanib, qolganlari qulga aylantiriladi. Mil. avv.611- yili Nabopalasar armiyasi ossurlarning tayanch qal’alaridan biri Xarran yerlarida harbiy harakatlarni boshlaydi. Mil. avv.610- yilda ossurlar va ularning ittifoqchilari bo‘lgan misrliklar Xarranni tashlab qochadilar. Natijada Bobil va Midiya qo‘shinlari yana bir g‘alabaga erishadi. Mil. avv. 605- yili ossurlar Misr fir’avni Nexo II bilan ittifoqda Karxemish shahri yonidagi jangda bobilliklardan engiladilar. Shu tariqa Ossuriya davlati tarix sahnasidan o‘chib ketadi.
Nabopalasardan so‘ng taxtga uning o‘g‘li Navuxudonosor II (mil. avv. 605- 562-yy) o‘tiradi. Mil. avv. 604 -yili Navoxudonosor II qo‘shinlari Yaqin Sharqdagi Askalon shahriga harbiy yurish uyushtiradi. Bu yerning podshosi Adon misrliklarning madadiga tayanib, Bobil podsholigini mintaqadagi gegemoniyasini tan olmagan edi. Shu bois bobilliklar Askalonni bosib olgach, uni talon-taroj
etadilar hamda aholisini asir qilib olib ketadilar. Misr qo‘shini vaziyatga to‘g‘ri baho berib, Yaqin Sharq ishlaridan vaqtincha o‘zlarini chetda tutib turadilar. Bir yildan so‘ng Navoxudonosor II Yahudiyaga bostirib kiradi va bu yerning podshosi Ioakim Bobilga qaramligini tan olib, o‘lpon to‘lashga rozi bo‘ladi.
U misrliklarni Yaqin Sharqdan siqib chiqaradi, hatto mil. avv. 601-yilda Misr chegaralariga chiqishga ham muvaffaq bo‘lgan. Ammo misrliklar o‘z vatanlarini mudofaa qila oldilar. Mil. avv. 597 -yili Navuxudonosor II Yahudiyani bosib olib, ularning podshosi Ioakimni qatl ettiradi. Mil. avv. 591- yildan boshlab misrliklar bilan Yaqin Sharq masalasida qarama-qarshilik boshlanadi. Misr fir’avni Psammetix II yahudiylarni Bobilga qarshi isyon ko‘tarishga undaydi. Mil. avv. 586- yil Quddus (Ierusalim) bobilliklar tomonidan vayron qilinadi.
Navuxudonosor II davrida Yangi Bobil podsholigi gullab-yashnaydi. Qadimgi Bobil shahrining aholisi 200 mingga yaqinlashadi. Ulug‘vor ibodatxonalar va saroylar bunyod etiladi. Mesopotamiyada irrigatsiya tizimi qayta tiklanadi. Bobil shahri yirik savdo-sotiq markazlaridan biriga aylanadi. Bu orada Midiya bilan munosabatlar salbiy tomonga o‘zgarishdan qo‘rqqan Navoxudonosor II, sharqiy chegaralarda mustahkam mudofaa tizimini yo‘lga qo‘yadi. Shunday bo‘lsada Bobil davlati uning davrida iqtisodiy jihatdan gullab yashnaydi.
So‘ngra mil. avv. 562 -yilda podsho Navuxodonosor II vafotidan keyin taxtga uning o’g‘li Amel-Marduk (mil. avv. 562-560-yy) chiqadi. Uni davrida Bobilda zodagonlarning siyosatga ta’siri oshib boradi. Kohinlar bilan munosabati yomonlashadi va mamlakatni diniy qonunlar asosida boshqarishni istamagan edi. Podsho Amel-Marduk yahudiylar podshosi Iexoniyani uzoq yillik zindondan chiqaradi va iltifot ko‘rsatadi.
Ko‘p o‘tmay mil. avv.560- yilda u o‘z kuyovi Nergal-shar-utsur tomonidan suiqasd uyushtirilishi natijasida o‘ldiriladi. Natijada taxtga Nergal-shar-utsur (mil. avv.560-556-yy) keladi. Bobilning ittifoqchisi bo‘lgan Midiyada uning hokimiyatini qonuniy deb tan oldilar. Uning davrida mamlakat irrigatsiya tizimi tartibga solindi va ibodatxonalar ta’mirlandi. Tashqi siyosatda Lidiya davlati bilan (g‘arbiy Kilikiya masalasida) munosabatlar biroz keskinlashadi.
Bobilda zodagonlar va kohinlarning obro‘yi oshib, mamlakatda ichki nizolar boshlanadi. Zodagonlar podsholar tayinlanishida muhim rol o‘ynay boshlaydi. Oqibatda Bobil davlatida siyosiy barqarorlikka putur etadi. Mil. avv.556 -yilga kelib chiqishi xaldey bo‘lmagan yirik zodagon Nabu-balatsu-ikbining o‘g‘li Nabonid Bobil taxtini egallaydi. U Yangi Bobil podsholigining so‘nggi hukmdori bo‘ladi. Mil. avv. 539 -yil oktabr oyida forslar podshosi Kir II tomonidan Bobil bosib olinadi va mustaqilligini yo‘qotib, Ahmoniylar davlati tarkibiga kiritiladi. Mil. avv. 331-yilgacha Aleksandr Makedonskiy davlatiga, so‘ngra Salavkiylar davlati tarkibiga kiradi.