O‘rta Ossuriya podsholigining ichki va tashqi siyosati. Ashshur ishshiyakumasi Ashshurubalit I (mil. avv. 1365-1330- yy) xettlar podshosi Suppiluliuma I qo‘shinlari Mitanni poytaxti Vashukannani egallaganidan foydalanib qoldi. U shimoliy Mesopotamiya yerlarini o‘z mulklariga qo‘shib olib, Ossuriyani Mitanni ta’sir doirasidan chiqaradi. Shu tariqa Ossuriya mustaqil podsholikka aylanadi. Ashshurubalit I endi o‘zini buyuk podsho deb nomlar edi.
Bu esa kassitlardan bo‘lgan Bobil podshosi Burnaburiash I ga yoqmadi. Chunki, Bobil davlati Ossuriyani erkin mamlakat sifatida ko‘rishni istamas edi. Misr esa yangi tuzilgan Ossuriyani davlat sifatida tan oladi. Ossur savdogarlari va elchilari Misrga hech qanday to‘siqsiz kirib borishgan. Oxir- oqibat Burnaburiash I Ossuriya mustaqilligini tan oladi va o‘z o‘g‘li Karaindashga, Ashshurubalit I ning qizini nikohlab ikki davlat o‘rtasida tinchlikni o‘rnatadi. Ammo ko‘p o‘tmay ikki davlat o‘rtasida harbiy harakatlar boshlanib ketadi. Unda Ashshurubalit I ning qo‘li baland keladi. Bobil davlati vaqtincha kuchsizlanadi.
Tez orada ossurlar xettlarni Yuqori Mesopotamiyadan siqib chiqarib, Frot daryosi qirg‘oqlariga qadar hududlarini kengaytiradilar. Natijada oldin Mitanniga qaram bo‘lgan Nineviya shahrini bosib oladilar. Janglarda Ossuriya askarlari o‘zlarini o‘ta beshafqatligi bilan shuhrat qozongan edilar.
O‘rta Ossuriya podsholigining yuksalishi podsho Adad-Nerari I (mil. avv. 1295-1264 -yy) davriga to‘g‘ri keladi. Uning davrida Ashshur shahri oqsoqollar kengashining podsho hokimiyatiga ta’siri kamayadi. Xukmdor endi ishshiyakumma unvoni o‘rniga o‘ziga podsho unvonini berib, hatto “Buyuk podsho” unvoniga ham da’vo qiladi. Shu bilan birga kassitlardan bo‘lgan Bobil podshosi Nazi-marut-tashni jangda engib, Ossuriyaning janubiy chegaralarini mustahkamlaydi. Turrukku va Nigimxi (Zagros tog‘lari etaklari) mamlakatlarini bosib olishga erishadi. So‘ngra Mitannini kuchsizlanib qolganidan foydalanib, Tayda, Amasak, Kaxat, Shuri, Nabulu , Shaduxu va Vashukanna shaharlarini bosib oladi. Mitanni taxtiga o‘zining tarafdori Shattuar II ni o‘tqazadi. Mitanni davlati o‘lpon to‘lashga majbur bo‘ladi.
Adad-Nerari I dan keyin Ossuriya taxtiga Salmanasar I (Shulmanu-asharedu I ) keladi. Uning davrida Mitanni yerlari ossurlar tomonidan bosib olinadi. Mitanniliklar tomonida xettlar ham jang qilganligi manbalarda ta’kidlanadi. Natijada 14 400 ga yaqin dushman askarlari asir olinib, Salmanasar I ning buyrug‘i bilan ko‘zlari ko‘r qilinadi. Bu orada Xett davlati Misr bilan sulh tuzib, Bobil bilan ittifoqni qayta tiklashga erishadi. Oqibatda Old Osiyo mintaqasida kuchlar muvozanati tiklanadi.
Ossuriya podshosi Tukulti-Ninurta I (mil. avv. 1233-1197 -yy) Bobilga va Kavkazortiga g‘olibona harbiy yurishlar uyushtirdi. Xett davlati podshosi Tudxali IV sharqdagi mulklarini himoya qilish uchun Tukulti-Ninurta I ga qarshi qo‘shin tortdi. Ammo yozma manbalarda Tudxali IV o‘z qo‘shiniga ishonmaganligi ta’kidlanadi. Oqibatda Ossuriya podshosi Tukulti-Ninurta I Erbil shahri yonida g‘alaba qozonadi. Yozma manbalarda Tukulti-Ninurta I jangdan so‘ng xettlardan 28 800 ta kishini asir olgani ta’kidlanadi. Xettlar davlati kuchsizlana boshlaydi.
Bu orada janubda Bobil davlati urushga tayyorlana boshladi. Bobil va Ossuriya harbiy kuchlar jihatidan teng edi. Mil. avv. 1223- yil Tukulti-Ninurta I Bobilga yurish qilib, podsho Kashtiliash IV ni asir oladi va uni kiyimsiz kishanlangan holda Ashshurga olib ketadi. Bobildan, shuningdek, xudo Marduk haykalini ham Ossuriyaga olib ketishga muvaffaq bo‘ladi. Podsho Ashshurdan 3 km shimoli-sharqda o‘zi uchun yangi poytaxt Kar-Tukulti-Ninurta (“Tukulti- Ninurta savdo qo‘nalg‘asi”) shahrini qurdirdi. Ashshurda Ishtar xudosi ibodatxonasini qayta tiklaydi. Ammo Ossuriya zodagonlari podshoning Bobil ilohlariga qarshi qilgan shakkokligini bahona qilib, unga qarshi fitna uyushtiradilar. Oqibatda Tukulti-Ninurta I aqldan ozgan deb, e’lon qilinadi va uy qamoqiga olinib, o‘ldiriladi. Taxtga fitna ishtirokchisi podshoning o‘g‘li Ashshur- nadin-apal o‘tiradi. U otasidan farqli o‘laroq Marduk xudosi haykalini Bobilga qaytarib yuboradi. Ammo bu bobilliklarni tinchlantira olmaydi. Ko‘p o‘tmay Bobilda qo‘zg‘olon boshlanib, ossuriyalik noib shaharni tark etadi. Kassitlardan bo‘lgan zodagonlardan biri shaharni ossurlardan ozod bo‘lganini e’lon qiladi.
Keyinchalik Bobil davlati kuchayib, Ossuriyani bosib olgan hududlarning katta qismini egallab oladi. Mamlakat uzoq tashqi urushlar natijasida zaiflashib, ichki nizolar avj oladi. Ossuriya davlati siyosiy tushkunlikka uchraydi.
Podsho Tiglatpalasar I (taxminan mil. avv. 1115-1076- yy) hukmronligi davrida Ossuriya yana kuchayadi. Bu davrda Xett podsholigi frigiyaliklar (dengiz halqlaridan biri) hujumidan halokatga uchragan, Misr esa siyosiy jihatdan kuchsizlangan edi. Yirik qo‘shni davlatlar Ossuriyaga xavf solmaganidan foydalanib, Tiglatpalasar I Shimoliy Suriya va Shimoliy Finikiya, Kichik
Osiyoning janubiy-sharqiy qismlariga harbiy yurishlar uyushtiradi. Mamlakat 38 yil davomida qo‘shni halqlar bilan urush olib bordi. Tiglatpalasar I o‘z jang aravalarini Kichik Osiyoning tog‘li o‘lkalariga ham boshlab bordi. Bir kun ichida Karxemish shahri ossuriyaliklar tomonidan zabt etildi. Hatto Misr fir’avni Tiglatpalasar I ga sovg‘a sifatida timsoh yuboradi.
Tiglatpalasar I, Bobil podshosiga qarshi ikki marotaba harbiy yurish qilib, vaqtincha uni kuchsizlantirishga erishadi. Lekin, bobilliklar o‘z mustaqilligini saqlab qoladi. So‘ngra oromiy qabilalariga qarshi 28 ta yurish uyushtiradi. Ammo, oromiylarni shimoliy Mesopotamiya yaylovlariga kirib borishiga butunlay to‘sqinlik qila olmadi. Tiglatpalasar I vafotidan keyin uning vorislari davrida Ossuriya siyosiy tushkunlikni boshidan kechiradi. Ossuriyaning gullab- yashnashiga mil. avv. XI asrlarda Arabistondan ko‘chib kelgan chorvador oromiy qabilalari vaqtinchalik chek qo‘yadi. Shu tariqa, O‘rta Ossuriya podsholigi siyosiy jihatdan tushkunlikka uchradi.
O‘rta Ossuriya podsholigining so‘nggi hukmdori Ashshur-dan II (mil. avv. 934-911 -yy) davrida irrigatsiya ishlari tartibga solinadi. Podsho Ashshur-dan II shaharlarni qayta quradi va dexqonlarga mehnat qurollari etkazib berish bilan shug‘ullanadi. Ossuriya qo‘shini podsholar Salmanasar II va Ashshur-rabi II davridagi mavqega erishadi. Ammo, oromiylar bilan siyosiy munosabatlar o‘zgaruvchan bo‘lgan. Shimoldagi yerlar hanuz oromiylar nazoratida qolgan edi.