Mavzu: Ranglari bir-birga qarama-qarshi buyumlardan tashkil topgan natyurmort
Eng avvalo, naturmort uchun kerakli narsalar tanlab olinadi.
Ular havorang yoki yashil sirlangan (emalli) kastrulka, ikki-uch dona sabzi, sariq yoki jigarrang sopol piyola, ikkita sholg‘om, bir nechta kartoshka hamda ikki-uch dona yorqin qizil, zarg‘aldoq va och pushti rangli matodan bo‘lishi kerak.
Qo‘yilma uchun turli rangdagi va hajmdagi narsalar tanlab olinadi.
Naturmortdagi narsalar soni 2 yoki 3 donadan iborat.
Kompozitsiya jihatdan chiroyli, qiziqarli va yaxlitlikda bo‘lishi zarur
O‘quv naturmortini ishlash bosqichlari
Sopol ko‘za va sabzavotlardan tuzilgan naturmortning muhim tomonlaridan biri tasvirlanayotgan narsalarning fazoviy joylashishidir.
Buyumlarning kattaroqlarini orqada, maydalarini esa, oldinroqda joylashtirib, biri ikkinchisini ozroq berkitib turadigan holatda qo‘yamiz.
Naturmortda rang-tusi jihatidan qarama-qarshi buyumlarning eng ahamiyatlisi ikkinchi qatorda joylashtiriladi.
U shakli, rangi va tusi bilan ajralib turishi, kompozitsiyaning markazini tashkil qilishi zarur.
Naturmortning fazoviy holatini yaqqolroq tasvirlash uchun oldingi qatorga uncha katta bo‘lmagan, ammo yorqin buyum qo‘yilgan.
Buyumlarga yorug‘lik nurlari old tomondan va yonidan yo‘nalgani uchun har bir narsaning hajmdorligi aniq ko‘rinib turibdi.
Naturmortni tasvirlashdan oldin uni kuzatib, eng yaxshi qarash nuqtasini topib, ufq chizig‘i belgilanadi. Tasvirning umumiy kompozitsiyasi topiladi.
Naturmort tasviri bir nechta kichik o‘lchamda xomaki rasm chizma lavhalar orqali bajariladi.
Ulardan eng muvaffaqiyatli chiqqani tanlab olinadi.
Qog‘oz yuzasida naturmortning o‘lcham mutanosibliklarining umumiy kengligi va balandligi yengil chiziqlar bilan belgilanadi. Har bir narsaning umumiy shakli, alohida qismlarning nisbiy o‘lchamlari topiladi.
Har qaysi buyumning o‘ziga xos shakli, katta-kichikligi va turgan o‘rni aniq topilgandan keyin, ularning tuzilishi tahlil qilinadi, sinchiklab kuzatiladi.
Shakllardagi mavjud perspektiv qisqarishlar ham aks ettiriladi.
Buyum tasvirlarini surat tekisligida joylashtirish vaqtida ularning asoslarini, ya’ni ko‘rinmas qismlarini ham to‘liq chizish kerak.
Shunday qilinganda ba’zi narsalarning «muallaq» holatda bo‘lishi yoki bir narsaning ikkinc hisiga «o‘yib» kirgandek bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Naturmortni qalamda ishlab bo‘lgach, rang berishga o‘tiladi.
Naturmort rangtasvirini bajarishda keng tarqalgan ish uslubidan foydalanamiz. Bo‘yoq qatlamlarini ustma-ust qo‘yish lessirovka deb ataladi.
Bo‘yoqning suyuq eritmasini tayyorlab olib, qog‘ozga qatlam tarzida surtilganda tagidagi qog‘oz tovlanib turadi.
Bir sidra qo‘yilgan bo‘yoq qatlami qurigach, ustidan boshqasi surtiladi, ostki qatlamning ko‘rinib turishi tufayli yangi rang-tus hosil bo‘ladi.
Qatlamlar soni ko‘paygan sari rang tobora boyib, ta’sirchanligi kuchayib boradi.
Akvarel bo‘yog‘i bilan ishlashni boshlash tasvirning oppoq joyini belgilashdan boshlab, qolgan hammasi suyuq bo‘yoq eritmasi bilan qoplab chiqiladi. Soyalarni birdan qoraytirib yubormasdan, asta-sekinlik bilan bir qatlam qurigach ikkinchisini surtish kerak.
Oxirgi bosqichda ingichka mo‘yqalam bilan bo‘laklarni ishlab chiqish, narsalarning asoslari yonidagi soyalarni biroz to‘qlashtirib, naturmortning yaxlit va hamohang ko‘rinishiga erishiladi.