Missionerlik tashkilotlarining strategiyasi Shu o`rinda missionerlik tashkilotlarining strategiyasiga e`tibor qaratilsa, odatda ular o`z maqsadlarini rasman oshkor etishmaydi. Tashkilot a`zolari go`yoki, o`z g`oyalarini niqoblash maqsadida “bizning maqsadimiz – kambag`allikni umuman yo`q qilish” degan so`zlar ortida aslida esa “hamma ekkanini o`radi”, “bo`lib tashla va hukmronlik qil” deya chiroyli niqoblangan shiorlar ostida faoliyat ko`rsatishi namoyon bo`lmoqda. Aynan, bugungi kunda dunyoda global miqyosda demokratiya o`rnatilishi, insonlarning huquqlarini ta`minlanishi bahonasida missionerlik oqibatida Shimoliy Afrikada, Yaqin Sharqda va Sharqiy Evropa xususan, Ukrainada yuz minglab begunoh insonlarni bevaqt vafot etishiga sabab bo`lganligini ta`kidlash o`rinlidir. Hozirgi kunda dunyo hamjamiyatining tinchligiga raxna solayotgan missionerlik tashkilotlari o`zlarining asl maqsadlarini din manfaatlari bilan niqoblashga urinadi. Shu bois bunday missionerlik guruhlarining va`zlarida Xudo ko`p tilga olinadi. Natijada, xristianlik dini va xususan G`arb loyihasi xalqaro axborot tarmog`ida dunyodagi eng ilg`or, taqlid qilsa arziydigan mafkura sifatida targ`ib qilinadi. Aynan, mazkur omillar, missionerlik jabhasidagi hujum keng miqyosda, chinakam global darajada olib borilmoqda. Bu haqda Rus tadqiqotchisi A. Panarin bundan 15 –20 yil muqaddam missionerlarni “dengiz qaroqchilari” deya atab, ularning faoliyatini obrazli tarzda zabt etish jarayoni sifatida tasvirlagan edi: “quruqlikdagi bosh istehkom, dunyoning asosiga qarshi Bugun Dengiz qit`ani nafaqat jismonan zabt etishni, u qit`a etnosini – ming yillar davomida ishlab chiqilgan va qit`a antropologik qiyofasi uchun javobgar bo`lgan ruhiy-psixologik strukturasini vayron etishni reja qildi. Shu maqsadda qit`a aholisini avtoxtonlar va beshinchi kolonnaga bo`lish operasiyasi olib borilmoqda, beshinchi kolonnadan ko`zlangan maqsad esa dengiz kelgindilariga qit`a qal`asining darvozalarini ochib berishdir. Ko`z oldimizda “elita” (madaniy, siyosiy, xo`jalik yurituvchi) tushunchasining o`zi misli ko`rilmagan darajada o`zgartirib yuborilmoqda G`arbcha kun kechirish imtiyozini, bu imtiyoz ko`pchilikka yopiq ekanligiga qaramay, o`zlashtirayotganlar o`zlarini elita so`zi bilan atay boshlamoqda. Elita bugungi kunda dengiz qaroqchilariga sadoqatliligi, ularning kemasiga o`tib olishga tayyorligi bilan xarakterlanmoqda”,– deya alohida e`tibor qaratib o`tgan edi. Missionerlikda bu o`ziga xos “zabt etish” jarayonining eng ta`sirchan jihatlaridan biri sifatida manfaatlar qadriyatlar ko`rinishida namoyon etiladi. Aynan, globallashuv shiddatining tobora avj olishi dunyo miqyosida geosiyosiy jarayonlarga bevosita ta`sir ko`rsatmoqda. Natijada, mazkur holat dunyo qiyofasini tubdan o`zgartirish orqali muayyan mintaqa va hudud miqyosida geosiyosiy ta`sir doiralarini qayta taqsimlashga bo`lgan harakatlar misolida namoyon bo`lmoqda. Missionerlik go`yoki, dinni targ`ib etish orqali amalga oshirilayotgan targ`ibot aslida siyosiy, iqtisodiy, madaniy jihatdan ekspansiya etishni o`zida aks etadi.
Missionerlik g`arazli maqsadlarga erishish vositasi Xorijiy OAVda missionerlik faoliyati o`rganilganda, “ayrim” siyosiy markazlar, maxsus xizmatlar manfaatlari uchun ishlayotganligi haqidagi ma`lumotlar paydo bo`lmoqda. Jumladan, rossiyalik ekspertlar protestantlikka mansub mormonlar cherkovi AQSh maxsus xizmatlari uchun josuslik faoliyati bilan shug`ullanadi, deb hisoblaydilar. Aynan, globallashuv sharoitida dunyodagi “ayrim” siyosiy kuchlarning ba`zi doiralar dindan xususan, missionerlikdan o`zlarining g`arazli maqsadlariga erishish vositasi sifatida mutaassiblik, fanatizm hattoki davlat to`ntarishlari kabi qabih yo`llaridan foydalanayotgani afsuski, hech kimga sir emas. Globallashuv jarayonida iqtisodiy inqiroz davrida dunyoda gegemonlik qilishga intilish tobora kuchaymoqda. Bir necha asr oldin koloniyalashtirish xristianlikning shioriga aylangan bo`lsa, hozirda “jahonga kirib borish”, aynan missionerlik harakatlari oqibatida tobora kuchayayotganligi namoyon bo`lmoqda. Axborot-tahliliy tadqiqotlar natijalariga ko`ra, diniy sohaga bevosita daxldor ushbu global hodisalarning tobora chuqurlashib va keng qamrov kasb etib borayotganini ko`rsatadi. Bugungi kunda dunyoda vujudga kelayotgan tahlikali vaziyatga baho berar ekanmiz, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikka tahdidlarning ko`lami kengayib, geosiyosiy raqobatning oshib borayotgani, g`oyaviy-mafkuraviy ekspansiyaning faollashuvini namoyon etmoqda. Mana shunday murakkab sharoitida mamlakat xavfsizligi va jamiyat barqarorligiga, uning manfaatlariga, millat kelajagiga raxna soladigan har qanday kuchga qarshi kurashda biz faqat xalqimizning aql-zakovati, bukilmas irodasi va salohiyatiga, o`z kuch va imkoniyatlarimizga tayanib mafkuraviy tarbiya vositasida doimo ogoh, sezgir va hushyor bo`lish mas`uliyatli muqaddas vazifamiz ekanligini anglash bugungi davr va bugungi zamon taqozo etmoqda.