Ularning likvidlilik darajasini taqqoslaydigan boʻlsak, davlat qisqa muddatli qimmatli qogʻozlarining likvidlilik darajasi tijorat qogʻozlarinikiga nisbatan yuqoriroq hisoblanadi, sababi, tijorat qogʻozlarini sotishning aksariyat hollarda imkoni yoʻq, shu sababli investorlar ushbu qimmatli qogʻozni soʻndirilish muddatini kutadilar. Tijorat banklari tomonidan taqdim etiladigan overdraft, overnayt kreditlari ham pul bozorida keng qoʻllaniladigan amaliyotlardan hisoblanadi. Mamlakatimizdagi tijorat banklari tomonidan overdraft kreditlari keng doirada qoʻllanila boshlanganligini ham shu oʻrinda qayd etib oʻtish zarur.