Moliya vazirligi o‘ziga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda qonun hujjatlarida unga berilgan vakolat doirasida quyidagi huquqlarga ega:
davlat statistika, moliyaviy va boshqa hisobotlar, shuningdek, barcha hisob-moliya va boshqa masalalar bo‘yicha vazirliklar va idoralar, ularga bo‘ysunuvchi organlar va xizmatlar uchun nazarda tutilgan hajm va muddatlarda boshqa zarur ma’lumotlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda beg‘araz asosda olish,
budjet tizimi budjetlari mablag‘larini noqonuniy sarflash holatlari mavjud bo‘lgan, shuningdek, moliyaviy va boshqa hisobotlar taqdim etilmagan taqdirda, tegishli vazirlik va idoralar, budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilari rahbarlarini xabardor qilgan holda budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar (moliyalashtirish) to‘lanishini cheklash, zarur hollarda esa to‘xtatib qo‘yish;
vazirliklar, idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlari va tashkilotlardan davlat budjeti, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlari, shuningdek boshqa budjetdan tashqari jamg‘armalar loyihasini tuzish uchun zarur bo‘lgan hisob-kitoblar, hisobot ma’lumotlari va boshqa materiallarni hamda ularning ijrosi bo‘yicha hisobotni olish;
budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilaridan belgilangan tartibda moliyaviy hisobotlarni, shuningdek budjet hisobi va moliyaviy hisobot bilan bog‘liq zarur ma’lumotlarni olish, vazirlik vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazish;
O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetiga va viloyatlar mahalliy budjetlariga ularning hududida shakllantiriladigan soliq tushumlarini hisobga olgan holda, o‘zaro hisob-kitoblar orqali daromad va xarajatlar o‘rtasida yuzaga keladigan kassa uzilishlarini tartibga solish orqali beriladigan daromadlarning tasdiqlangan hajmiga aniqliklar kiritish;
davlat budjetining ijrosini ta’minlash, shuningdek alohida xarajatlarni moliyalashtirish uchun mablag‘larni to‘plash, davlat tashqi qarzini to‘lash va unga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha to‘lovlar o‘tkazish zaruriyati bilan bog‘liq bo‘lgan talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari, shu jumladan chet el valyutasida, va boshqa hisobvaraqlar ochish;
budjetdan tashqari maxsus hisob raqamlarida rezervlar tashkil etish;
O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining vaqtincha bo‘sh mablag‘larini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda tijorat banklaridagi depozitlarga joylashtirish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda tegishli hisobvaraqlardan naqd pul mablag‘larini akseptsiz tartibda olish yechib olish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlariga, shuningdek davlat maqsadli jamg‘armalariga vaqtinchalik kassa uzilishlarini qoplash uchun moliya yili doirasida qaytarish sharti bilan O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan budjet ssudalarini berish;
belgilangan tartibda yuridik shaxslarga budjet ssudalari berish va davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladigan yil boshida O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti mablag‘lari qoldiqlari hisobidan bo‘sh mablag‘larni hamda O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti daromadlarining tasdiqlangan parametrlarida nazarda tutilmagan boshqa mablag‘larni bank muassasalarida depozitga qo‘yish
hisoblanadigan soliqlar va majburiy to‘lovlar hajmlariga ta’sir etuvchi omillar o‘zgarishi munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjet daromadlari, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari, shuningdek, davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuzatishlar kiritish;
respublika budjetining xarajatlari yoyilmasiga belgilangan tartibda o‘zgartirishlar kiritish; monopoliya mahsulotlari (ishlar, xizmatlar), tabiiy monopoliyalarning mahsulotlari (ishlari,
xizmatlari), shuningdek, ro‘yxati hukumat qarorlari bilan belgilanadigan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) uchun narxlar (tariflar)ni belgilash bo‘yicha qaror qabul qilishda zarur bo‘lgan ma’lumotlarni so‘rash;
tabiiy monopoliya subyektlari (hukumat qarorlari bilan belgilanganlardan tashqari) tomonidan ishlab chiqarilgan va sotiladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun narxlar (tariflar)ni yoki ularning eng yuqori darajalarini tasdiqlash;
tabiiy monopoliyalar subyektlariga va tovar bozorlarida ustun mavqega ega bo‘lgan subyektlarga, shuningdek, narxlari (tariflar) hukumat qarorlari bilan tartibga solinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqaruvchi subyektlarga narx (tariflar) loyihalarini, preyskurantlarni, uslubiy ko‘rsatmalar va xarajatlar normativlarini ishlab chiqish;
tashkilotga tekshirish ro‘yxatiga kiritilgani to‘g‘risida qonunda belgilangan tartibda xabarnoma yuborish hamda taqdim etiladigan narxlar (tariflar)ni shakllanishining asosliligini aniqlash maqsadida tabiiy monopoliyalar subyektlari va tovar bozorlarida ustun mavqega ega bo‘lgan subyektlarning, shuningdek, narxlari (tariflar) hukumat qarorlari bilan tartibga solinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqaruvchi subyektlarning moliya-xo‘jalik faoliyatini joyiga chiqib o‘rganishni o‘tkazish;
sug‘urta bozorining professional ishtirokchilaridan sug‘urta faoliyati to‘g‘risidagi va sug‘urta faoliyati bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarni belgilangan shaklda olish;
auditorlik tashkilotlaridan auditorlik faoliyati to‘g‘risidagi, shuningdek auditorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarni belgilangan shaklda olish;
sug‘urta va auditorlik tashkilotlarida litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan belgilangan tartibda tekshiruv o‘tkazish;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari ijrosining borishi, hududiy moliya organlari, budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar tomonidan budjet qonunchiligiga rioya etilishi ustidan moliyaviy nazorat hamda monitoringni tashkil etish va amalga oshirish;
tekshirish va taftish vaqtida zarur hollarda kassa va kassa binolari, omborlar, arxivlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda muhrlash, qalbaki, soxtalashtirilgan hujjatlar va boshqa suiiste’molliklar aniqlangan taqdirda esa nazorat obyekti hujjatlarini olib qo‘yish,
nazorat obyektining rahbarlaridan tovar-moddiy va boshqa boyliklar, pul mablag‘lari hamda hisob-kitoblarni inventarizatsiyadan o‘tkazishni talab qilish;
O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatlari bilan shart qilib qo‘yilgan va amalga oshirilgan to‘lovlar hamda ular bilan bog‘liq xarajatlar summasini qarz oluvchi-rezidentdan so‘zsiz undirib olish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va xalqaro-huquqiy me’yorlarga muvofiq xalqaro shartnomalarni tuzish;
xorijiy davlatlar, xalqaro va chet el tashkilotlari vakillari bilan beg‘araz yordam jalb qilish va uni o‘zlashtirish masalalari bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etish;
jalb qilingan qarz mablag‘lari va kreditlarga o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida xalqaro moliya institutlaridan O‘zbekiston Respublikasi davlat kafolati bilan kreditlar va qarzlar olgan vazirliklari, idoralar va tashkilotlar mansabdor shaxslariga kamchiliklar va buzilishlarni bartaraf etish hamda chora-tadbirlar amalga oshirish to‘g‘risida ko‘rsatmalar berish;
ilmiy tadqiqotlarga ajratiladigan mablag‘lar doirasida soliq-budjet va narx siyosati hamda moliya sohasidagi eng muhim ilmiy ishlar ro‘yxatini belgilash, vakolati doirasidagi masalalarni ishlab chiqish uchun belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi ilmiy muassasalari, boshqa ilmiy-tadqiqot muassasalari, korxonalar, alohida olimlar va mutaxassislarni jalb etish;
belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
Moliya vazirligining Nazorat-taftish boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan taftishlar va talon- toroj, o‘g‘irlik, kamomad, noqonuniy sarf-xarajatlar summasini tekshirish natijasida aniqlanganlar bo‘yicha budjet daromadiga undirilgan hamda tekshirilayotgan obyektlar hisobiga tiklangan summaning 8 foizi, “O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ tomonidan davlat va korporativ xaridlar bo‘yicha birja savdolari ishtirokchilaridan undiriladigan komissiya yig‘imining 10 foizi, yuqori likvidli tovar turlarini sotish bo‘yicha birja bitimlaridan olinadigan “O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ komissiya yig‘imlari summasining 0,025 foizi hamda davlat ulushidan dividendlarning budjetga o‘z vaqtida o‘tkazilmaganligi uchun penya va jarimalar hisobidan O‘zbekiston Respublikasi moliya tizimini ijtimoiy rivojlantirish va xodimlarni moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasini tashkil etish;
Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Moliya vazirligi o‘z vakolatlari doirasida vazirliklar, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilotlar, budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiy bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash huquqiga ega.
Moliya vazirligi zarur hollarda boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda idoralararo qo‘shma qarorlar chiqarishga haqli.
Moliya vazirligi davlat soliq, budjet va narx siyosatining amalga oshirilishini ta’minlash, shuningdek, zimmasiga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javobgar hisoblanadi.