Tijorat banklari o‘zlarining xo‘jalik mavqeiga ko‘ra aksionerlik tipidagi muassasalar hisoblanadi. Huquqiy mavqeiga ko‘ra, faoliyatning biron bir turiga xizmat ko‘rsatuvchi, ixtisoslashgan yoki milliy bank bo‘lishi mumkin. Ixtisoslashgan tijorat banklar– iqtisodiyotning turli sohalarida tijorat tamoyillarida kredit-pul operatsiyalarining muayyan turlarini amalga oshiradi. Jumladan, respublikamizda Sanoat qurilish banki – sanoat, transport, aloqa va moddiy-texnika ta’minoti sohalarida; Agrobank – agrosanoat majmui tarmoqlari va sohalarida; Tadbirkor banki kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, kooperativ va yakka tartibdagi mehnat faoliyati sohasida kredit-pul operatsiyalarini amalga oshiradi. Xalq banki – mamlakatda omonat ishlarini tashkil etish, naqd pulsiz hisobkitob qilish va aholi uchun kassa vazifasini amalga oshirish, aholiga shaxsiy ehtiyojlarga kredit berish kabi operatsiyalarni ta’minlaydi. Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankieksport-import operatsiyalarini bevosita amalga oshiruvchi korxona va muassasalarga kredit beradi, qo‘shma korxonalarga kredit berishda qatnashadi, yig‘ma valyuta rejasining ijrosini, valyuta resurslaridan tejab foydalanishini nazorat qiladi, shuningdek, tashqi iqtisodiy operatsiyalarga oid hisob-kitoblarni tashkil qiladi va amalga oshirishni ta’minlaydi. Tijorat banklari tizimida tor ixtisoslashuvi bo‘yicha investitsion va ipoteka banklarini ajratib ko‘rsatish lozim. Investitsion banklar– maxsus kredit muassasalari bo‘lib, obligatsiya hamda qarz majburiyatlarining boshqa turlarini chiqarish yo‘li bilan uzoq muddatli ssuda kapitalini jalb qiladi va ularni mijozlar (asosan, davlat va tadbirkorlar) ga taqdim qiladi.