1. Moliyaning mohiyati va vazifalari. Moliya tizimi. 2. Soliq tizimi va uning vazifalari. 3. Pul muomalasi va uning amal qilish qonuniyatlari.
1. Moliyaning mohiyati va vazifalari. Moliya tizimi
Moliya – pul mablag‘laridan foydalanish va uning harakatini tartibga solish bilan bog‘liq bo‘lgan munosabatlar tizimi bo‘lib, uning vositasida turli darajada pul mablag‘lari fondlari vujudga keltiriladi va ular takror ishlab chiqarish ehtiyojlari va boshqa ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish maqsadida taqsimlanadi. Moliya iqtisodiyot doirasida o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bir qator vazifalarni bajaradi.
1. Moliya iqtisodiy jarayon va tadbirlarni moliyaviy ta’minlash, ularga xizmat ko‘rsatish vazifasini bajaradi.
2. Moliyaning taqsimlovchi vazifasi moddiy ishlab chiqarish sohalarida yaratilgan yalpi milliy mahsulotni, ayniqsa, uning milliy daromadni tashkil qiluvchi qismini davlat va mulkchilikning turli shakllariga asoslangan korxonalar, iqtisodiyot tarmoqlari, moddiy ishlab chiqarish sohalari, mamlakat hududlari o‘rtasida taqsimlash va qayta taqsimlashda namoyon bo‘ladi.
3. Moliyaning rag‘batlantiruvchilik vazifasi, birinchidan, yaratilgan mahsulot qiymatini taqsimlash jarayoni orqali, ikkinchidan, pul fondlarini tashkil qilish va sarflash mexanizmi orqali amalga oshiriladi.
4. Moliyadan ishlab chiqarish, taqsimlash va iste’mol ustidan nazorat qilish vositasi sifatida foydalaniladi. Moliyaviy nazorat korxona (firma)larning moliya intizomiga rioya qilish uchun moddiy javobgar bo‘lish tizimi, turli soliqlar undirib olish va mablag‘ bilan ta’minlash tizimi orqali amalga oshiriladi.
Moliya tizimi o‘z ichiga turli darajadagi byudjetlarni, ijtimoiy, mol-mulk va shaxsiy sug‘urta fondlarini, davlatning valyuta zahiralarini, korxona va firmalar, tijorat va notijorat tuzilmalarining pul fondlarini, boshqa maxsus pul fondlarini oladi. Eng avvalo, korxonalar (tarmoqlar) va umumdavlat moliyasini bir-biridan farqlash lozim.
Korxona va tarmoqlar moliyasi ulardagi takror ishlab chiqarish jarayonida hamda alohida fondlar yaratish yo‘li bilan xodimlarning ijtimoiy ehtiyojlariga xizmat qiladi.
Umumdavlat moliyasi davlat byudjetini, ijtimoiy sug‘urta fondini hamda davlat mol-mulkiy va shaxsiy sug‘urtasi fondini o‘z ichiga oladi. Davlat pul mablag‘larining asosiy markazlashgan fondi bo‘lmish davlat byudjeti moliya tizimining asosiy bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi.