6. Notijorat tashkilotlar moliyaviy resurslarini shakllantirish xususiyatlari Ijtimoiy-madaniy xususiyatga, jamoat tartibini saqlash, boshqaruv va mudofaga taalluqli bo‘lgan rang-barang xizmatlarni ko‘rsatayotgan xo‘jalik subyektlari notijorat asosida faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa va tashkilotlarni tashkil etadi. Rejali iqtisodiyot davrida ushbu muassasa va tashkilotlar xizmatining qariyb barchasi bepul ko‘rsatilar edi. Keyingi-yillarda aholini ijtimoiy-madaniy tadbirlarga bo‘lgan talabini sifatli va o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida pullik xizmat ko‘rsatish sohalari ham kengaya boshladi. Iqtisodiyotni notijorat sektori muassasa va tashkilotlarining moliyaviy mablag‘lari – bu o‘z faoliyatini amalga oshirish va kengaytirish uchun turli manbalar hisobidan shakllantiriladigan pul mablag‘lari.
Notijorat asosida faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa va tashkilotlar moliyaviy resurslarining shakllanishi ikki xususiyatga bog‘liq bo‘ladi.
1. Ko‘rsatayotgan xizmatlar ko‘rinishi.
2. Iste’molchiga yetkazib berilishi (pullik yoki bepul). Ayrim xizmatlar iste’molchilarga faqat bepul ko‘rsatiladi, boshqalari – pullik, qolganlari esa, ham pullik, ham tekinga ko‘rsatiladi. Mamlakatning jamiyatga to‘laligicha xizmat ko‘rsatuvchi davlat boshqaruvi va mudofaasi sohasida har qaysi fuqaro va huquqiy shaxs bunday xizmatlarni tekinga iste’mol qiladi. Bularni moliyalashtirishning yagona manbai bo‘lib budjet mablag‘lari hisoblanadi, lekin shuni yoddan chiqarmaslik kerakki, bu mablag‘lar xizmat ko‘rsatayotgan xodimlarni to‘laligicha ijtimoiy-iqtisodiy hayotini qondira olishi va hech ham tijorat asosida faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa va tashkilotlardagi o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmasligi lozim. Aks holda bu sohada xizmat ko‘rsatayotgan xodimlar ichida xizmatiga nisbatan loqaydlik, korrupsiya kabi salbiy illatlar tomir otishi tabiiydir. Yuqorida keltirganimizdek, ayrim muassasa va tashkilotlar notijorat asosida faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘ladi, ammo keng ommaga pullik xizmat ko‘rsatadilar. Jumladan, teatr, kinoteatr, advokatlar, notarial idora va boshqalar. Zero, mazkur xo‘jalik subyektlariga budjetdan mablag‘ ajratilsada, u e’tiborli xususiyatga ega emas.
Iqtisodiyotning nobozor sektoriga ijtimoiy-madaniy xarakterdagi xizmatlar kiradi. Ular turlichadir va shunga ko‘ra iste’molchilarga pulli hamda bepul ko‘rsatilib, keyinchalik moliyalashtirishning turli manbalariga ega bo‘ladi. Ijtimoiy-madaniy talablar uchun yo‘naltirilgan moliyaviy resurslarning aniq tarkibi avvalambor talab xarakteriga bog‘liq bo‘ladi. Bunda talablarni uch guruhga ajratish mumkin: jamiyat uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan talablar - bu talab ta’minoti har bir fuqaro oladigan daromadga bog‘liq bo‘lmay, balki davlat konstitutsiyasi orqali kafolatlangan bo‘lishi kerak (masalan: fuqarolarning boshlang‘ich va o‘rta ma’lumotga ega bo‘lish talabi). Bularning moliyalashtirish manbai bo‘lib, budjet va budjetdan tashqari fondlardan ajratiladigan umumdavlat moliyaviy resurslari hisoblanadi. Umumiy xarakterga ega bo‘lgan, biroq umumdavlat resurslaridan zaruriy minimum miqdorda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan talablar, bu talab ta’minoti boshlangan normativ darajasida boshqa moliyaviy manbalar hisobidan, shu jumladan aholi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Bunday manbalarga aholiga minimum darajada xizmat ko‘rsatish, o‘rta darajada ma’lumot olish, fuqarolarning belgilangan normada ijtimoiy ta’minoti va boshqalar kiradi. Fuqarolar, ularning dam olishlari, uy-joy bilan ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan talablari, ular jamiyat hisobidan ta’minlanmay, balki ular ta’minotining moliyaviy resurslari bo‘lib, korxona, tashkilot va aholi mablag‘lari hisoblanadi.