Nazorat savollari. 1. Moddiy ishlab chiqarish sohasida qanday moliyaviy munosabatlar yuzaga keladi?
2. Moddiy ishlab chiqarish sohasi moliyasining xususiyatlari nimalardan iborat?
3. Noishlab chiqarish sohasida qanday moliyaviy munosabatlar vujudga keladi?
4. Noishlab chiqarish sohasi moliyasining xususiyatlari nimalardan iborat?
5. Yuridik shaxs deganda kim tushuniladi?
6. Tadbirkorlik faoliyatining yakuniy maqsadi nima hisoblanadi?
7. Qanday faoliyatni tijorat faoliyati deyish mumkin?
8. Tijorat tashkilotlari va korxonalari qanday funksiyalarni bajaradilar?
9. Xo‘jalik yurituvchi subyekt faoliyati ustidan moliyaviy nazoratni kimlar va qanday tartibda amalga oshiradilar?
10. Tijorat tashkilotlari va korxonalarining moliyaviy munosabatlari qanday tamoyillar bo‘yicha quriladi?
11. Notijorat tashkiloti tijorat tashkilotidan qanday farq qiladi?
12. Notijorat tashkiloti qanday maqsadlarda tashkil etiladi?
13. Notijorat tashkilotlar qanday turlarga bo‘linadi?
14. Notijorat asosida faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa va tashkilotlar moliyaviy resurslarining shakllanishi qanday xususiyatlarga bog‘liq bo‘ladi?
1. Davlat moliyasining mazmuni Davlat moliyasi mamlakat moliya tizimining asosiy sohasi bo‘lishi bilan bir qatorda u davlatni o‘z oldida turgan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy va ekologik funksiyalarini amalga oshirishda moliyaviy resurslar bilan ham ta’minlab turadi.
Davlat moliyasining iqtisodiy mohiyati– bu yalpi ichki mahsulotning qiymatini va milliy daromadning bir qismini taqsimlash va qayta taqsimlash jarayonida davlat va davlat korxonalari ixtiyorida markazlashgan va markazlashmagan moliyaviy resurslarning shakllanishi va ulardan kengaytirilgan takror ishlab chiqarish bilan bir qatorda jamiyatning o‘sib borayotgan ijtimoiy, madaniy tadbirlarida foydalanishdagi pul munosabatlari yig‘indisidir.
Mazkur sohadagi pul munosabatlarining subyektlari bo‘lib: davlat, korxonalar, birlashmalar, muassasalar va keng aholi qatlami hisoblanadi. Davlat moliyasining iqtisodiy tuzilishi tom ma’noda bir xil emas, u bir-biriga bog‘liq bo‘lgan bo‘g‘inlardan tashkil topsada, lekin bajarayotgan funksiyalari bilan bir-biridan farq qiladigan bo‘g‘inlar yig‘indisidan iboratdir.
Davlat moliyasi sohasining bo‘g‘inlariga: davlat budjeti, budjetdan tashqari fondlar, davlat krediti va davlat korxonalari moliyasi kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat moliyasini quyidagi tuzilishda ko‘rishimiz mumkin: