Mahalliy byudjet – Davlat byudjetining tegishli viloyat, tuman, shahar pul mablag‘lari fondini tashkil etuvchi bir qismi bo‘lib, unda daromadlar manbalari va ulardan tushumlar miqdori, shuningdek moliya yili mobaynida aniq maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘lar sarfi yo‘nalishlari va miqdori nazarda tutiladi.
Mahalliy soliqlar va yig‘imlar– mahalliy byudjetlarga olinadigan jismoniy va yuridik shaxslarning majburiy to‘lovlari. Ularning tarkibiga quyidagilar kiradi: mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, reklama solig‘i, avtotransport vositalarini olib sotganlik uchun soliq, savdo-sotiq qilish huquqi uchun yig‘im, shu jumladan, ayrim turdagi tovarlarni sotish huquqini beruvchi litsenziya yig‘imlari, yuridik shaxslarni, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarni ro‘yxatga olganlik uchun yig‘im, avtotransport to‘xtash joyidan foydalanganlik uchun yig‘im, obodonchilik ishlari uchun yig‘im va boshqalar.
Mahsulot tannarxi tarkibiga kiritiladigan mahsulotni ishlab chiqarish va sotish xarajatlari– maxsus Nizom asosida belgilanib, uning tarkibiga mahsulot (ish, xizmat)ni ishlab chiqarish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan xarajatlar, tabiiy xom ashyo, er, o‘rmon, suv resurslaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar, ishlab chiqarishni tayyorlash va o‘zlashtirish xarajatlari, texnologik jarayonlarni takomillashtirish va mahsulot sifatini oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan nokapital xarakterdagi xarajatlar, tajriba-eksperimental va ixtiro xarajatlari, ishlab chiqarish jarayoniga xizmat ko‘rsatish xarajatlari kabilar kiradi.
Mahsulotning boj qiymati– mahsulot chegaradan o‘tayotgan paytda uning egasi tomonidan e’lon qilinadigan qiymat. Uning to‘g‘riligini aniqlash ustidan nazorat mahsulotlarni rasmiylashtiruvchi bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi. Mahsulotlarning boj qiymatini aniqlashda turli metodlardan foydalaniladi: a) kiritilayotgan mahsulotlarning bitim bahosi bo‘yicha (eng ko‘p qo‘llaniladigan metod); b) turdosh (bir turdagi, bir xildagi) mahsulotlar bitim bahosiga ko‘ra; v) qiymatni hisoblash metodi bo‘yicha; g) qiymatlarni qo‘shish yo‘li bilan; d) rezerv metodi bo‘yicha.